O`zbekistonda so`nggi 5 yilda milliy emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksina kiritildi
Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo`mitasi boshlig`i o`rinbosari Nurmat Atabekov ma`lum qildi.
«COVID-19 pandemiyasida barcha sohalar qatori tibbiyot tizimi ham jiddiy sinovdan o`tdi. Biroq yurtimizda o`z vaqtida ko`rilgan chora-tadbirlar tufayli ushbu og`ir davrni jiddiy yo`qotishlarsiz o`tkazdik.
Xususan:
Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan koronavirus infeksiyasi bo`yicha profilaktik hamda epidemiyaga qarshi kurash tadbirlari tizimli tashkil etilgani bois aholi orasida jamoaviy immunitetning shakllanishiga erishildi va yurtimizda ushbu kasallik bo`yicha epidemiologik barqarorlik ta`minlandi.
Koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan aholining 83,3 foizi to`liq vaksinasiya bilan qamrab olindi. Buster doza bilan emlash qamrovi 81,4 foizga etkazildi. Gripp kasalligiga qarshi esa 2,3 mln. nafar aholi emlandi.
Aholining epidemiologik osoyishtaligini ta`minlash borasida o`tkazilgan profilaktik, epidemiyaga qarshi hamda maqsadli emlash tadbirlar natijasida ayrim xavfli kasalliklar tugatilib, ko`plab xastaliklar dinamikasida keskin pasayish kuzatildi.
Shuningdek, 2022 yilda bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi emlash qamrovi 98 foizga etdi. Bundan tashqari, so`nggi 5 yil davomida emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksinalar kiritildi. Natijada qizamiq, qizilcha va bezgak kasalligi tugatilganligi to`g`risida Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti sertifikatlari olindi. Eng quvonarlisi, o`lat, vabo, shol, difteriya, qoqshol kasalliklari umuman qayd etilmadi.
Xalqaro hamkorlik doirasida AQShning SDS tashkiloti bilan hamkorlikda Osiyo davlatlari orasida birinchi bo`lib, antibiotikka chidamlilikni aniqlash bo`yicha markaz tashkil etildi. Ushbu muassasaning vazifasi asosan kasallik qo`zg`atuvchilariga antibiotiklarga sezuvchanlikni o`rganadi, antibiotiklardan to`g`ri foydalaniladi, polipragmaziya va og`ir asoratlarning oldi olinadi.
Albatta sohadagi bunday o`zgarishlar yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini ta`minlash va aholi orasida xavfli infeksiyalar tarqalishining oldini olishga xizmat qilmoqda», — dedi mutaxassis.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
O`zbekistonda so`nggi 5 yilda milliy emlash kalendariga 4 turdagi yangi vaksina kiritildi