O`zbekistonda milliy emlash kalendariga kiritilgan vaksinalar haqida ma`lumot berildi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i o`rinbosari Botir Qurbonov milliy emlash kalendariga qanday vaksinalar kiritilgani haqida gapirdi:
Botir Qurbonovga ko`ra, mamlakatimizda milliy emlash kalendaridagi 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalarni xarid qilish to`liq davlat byudjetidan qoplanadi. 2020 yilda ham ana shu vaksinalarni xarid qilish 100 foiz davlat byudjetidan amalga oshirildi.
Jahon tajribasiga tayanib, sog`liqni saqlash tizimida bosqichma-bosqich amaliyotga yangi vaksinalar kiritilmoqda, masalan:
- 2001 yil chaqaloqlarni virusli gepatit V ga qarshi emlash;
- 2007 yil qizamiq-parotit-qizilchaga qarshi uch valentli KPK vaksina bilan emlash;
- 2009 yil penta-valent (AKDS+VGV+XIB) vaksina bilan bolalarni 2-3-4 oylikda emlash;
- 2014 yil rotavirus infeksiyasiga qarshi bolalarni 2 va 3 oyligida emlash;
- 2016 yil pnevmokokk infeksiyasiga qarshi emlash;
- 2018 yil faolligi kamaytirilgan poliomielit vaksina bilan bolalarni 4 oylikda emlash (IPV);
- 2019 yil Respublikada 9 yoshdagi qiz bolalarni odam papilloma virusiga qarshi emlash.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tomonidan berilgan tavsiyalarga muvofiq, har yili o`tkir bo`shashgan sholni epidemiologik nazorati o`rnatilgan tartibda olib boriladi.
O`tkir bo`shashgan sholga gumon etilgan har bir bemordan namuna olib, akkreditasiyadan o`tgan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining virusologiya laboratoriyasida tekshiruvlar o`tkaziladi.
Respublikada 1994 yildan poliomielitga qarshi ommaviy emlash kunlari va 8 ta chegaradosh viloyatlarda tozalash usulida poliomielitga qarshi emlash kunlari o`tkazib kelinmoqda.
️Bir so`z bilan aytganda, mamlakatimizda immunizasiya va vaksinasiya tadbirlarini yuqorida darajada tashkil etish borasida amaliy tajriba va etarli shart-sharoitlar mavjud bo`lib, yuqumli kasalliklar bo`yicha epidemik barqarorlik ta`minlanib kelinmoqda.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
O`zbekistonda milliy emlash kalendariga kiritilgan vaksinalar haqida ma`lumot berildi