O`zbekistonda koronavirusning yangi shtammlarini tezkor aniqlash imkoni bormi?
Yangi shtammni aniqlash va testlar ishlab chiqarish bilan Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazi shug`ullanmoqda. Shu mavzudagi savollar bilan Kun.uz innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovga murojaat qildi.
— Avvalo, bu yangi shtamm emas. COVID-19’ni keltirib chiqaradigan SARS-CoV-2 virusining 4000dan ortiq yangi variantlari bor. Har hafta bitta liniyada ikkita mutasiya ro`y beryapti. Evolyusion biologiya nuqtayi nazaridan aytadigan bo`lsak, bu – sekin mutasiyaga uchraydigan virus hisoblanadi. Masalan, grippga nisbatan ancha sekinroq mutasiyaga uchraydi.
Yangi variantlar orasida eng tanilgani – Britaniya varianti. Bu variant boshqalaridan 17 ta mutasiyasi va tez tarqashi bilan farq qiladi. B117 variantning xavfliligi – tez yuquvchanligida. U oldingi virusga qaraganda 50 foiz tez yuqyapti va shuning hisobiga o`limlar soni ham ko`p.
Bundan tashqari, Janubiy Afrika va Braziliya variantlari ham bor.
Yangi shtammni aniqlashga 5 kun vaqt ketdi. Bu juda uzoq emasmi?
— Dubay–Toshkent reysida kelganlardan 33 kishida test musbat natija ko`rsatgan va biz ularning qon namunalarini Ilg`or texnologiyalar markazida tekshirganimizda, orasidan bittasi shubha uyg`otdi.
Chuqurroq tahlil qilinganda, haqiqatdan ham Britaniya varianti ekani aniqlandi.
Albatta, bu – yangi shtamm. Test to`plamlarimizda 17ta mutasiyalarning hammasini aniqlaydigan reagentlar mavjud bo`lmagan. S oqsilining simptomi bo`la turib, ammo tahlilda bu oqsil ko`rinmagani shubha uyg`otgan. Ya`ni o`sha kuniyoq, natijasi 2 soatda chiqadigan testdan keyinoq biz bu Britaniya shtammi bo`lishi mumkinligini tushundik. Lekin aniq shundaymi-yo`qmi, ayta olmasdik, chunki 17ta mutasiyani ko`rganimiz yo`q.
Keyingi jarayon – o`sha fragmentni qondan ajratib olish, uni klonlashtirish, hujayrada ko`paytirish, har bir harfini o`qib chiqish kabilarga bir necha kun ketdi. Bular o`zi qiyin jarayonlar emas, lekin qo`lingizda hali zontlaringiz bo`lmasa, ushlab oladigan ilmoqchalaringiz tayyor bo`lmasa, uni ushlab olish qiyin.
Hozir ma`lumotlarimiz bor, endi reagentlar, test to`plarini optimizasiya qilishga to`g`ri keladi. Hozir qo`limizdagi testlar ham albatta boshqa shtammlarni ham ko`radi, genning boshqa uchastkalari uchun ham mo`ljallangan test namunalarimiz bor. Lekin aniq shu Britaniya shtammi ekanini tasdiqlash uchun test metodikasini ham, reagentlarni ham, to`plamlarni ham o`zgartirishimizga to`g`ri keladi.
Hozir bu bo`yicha ishlanmalar qilinyapti. Tez kunlarda masalani hal qilib, yangi test to`plamlarini ham etkazib beramiz.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
O`zbekistonda koronavirusning yangi shtammlarini tezkor aniqlash imkoni bormi?