O`zbekistonda ilk bor bir yarim yoshli bolaning umurtqa pog`onasida murakkab operasiya o`tkazildi
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bajarilgan noyob operasiyalar soni yana bittaga ko`paydi. Bu erda N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti shifokorlari bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk bor 1 yoshu 4 oylik bolaning ortiqcha yarim tana umurtqasini olib tashlash jarrohlik amaliyoti o`tkazildi.
Jajji bemor Muhammadusmon Ibragimov 2021 yilda Farg`ona viloyatining O`zbekiston tumanida tug`ilgan. Dunyoga kelganida umurtqa pog`onasida tug`ma anomaliya borligi aniqlangan. Ya`ni umurtqa pog`onasi ko`krak-bel qismi sohasida qiyshiqlik, chap tomonda ko`krak qafasining bo`rtib chiqib qolishi kuzatilgan.
Vaqtinchalik muolajalardan so`ng ota-onasi Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojat qildi.
Kerakli laborator va instrumental tekshiruvlardan so`ng Muhammadusmonga «Umurtqa pog`onasi tug`ma rivojlanish anomaliyasi, umurtqa pog`onasi ko`krak-bel qismi tug`ma skoliozi, ko`krak va bel qismi shakllanishi buzilishi. Chap tomonlama VThX yarim umurtqasi» tashxisi qo`yildi.
Muassasada VTh 12 yarim umurtqani olish, skoliotik deformasiyasini korreksiyalash va endokorrektor bilan stabilizasiya qilish operasiyasi muvaffaqiyatli o`tkazildi. Hozir bemorning ahvoli qoniqarli.
Markaz rahbari Murod Irismetovning ta`kidlashicha, avvallari bunday jarrohlik muolajalarini bajarish uchun bemorning balog`at yoshiga etishi kutilgan.
Oqibatda o`tgan davrda butun umurtqa pog`onasida og`ir skoliotik deformasiya yuzaga kelib, yakunda juda katta jarrohlik amaliyoti o`kazilishiga to`g`ri kelgan. Bundan tashqari, bemorning ko`krak qafasi organlarida ikkilamchi o`zgarishlar paydo bo`lgan. Bu esa ko`pincha bemorning umrbod nogiron bo`lib qolishiga olib kelgan.
Endi mazkur murakkab amaliyotning erta yoshda o`tkazilishi yuqoridagi kabi asoratlar va tug`ma nogironlikning oldi olinishiga xizmat qiladi.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
O`zbekistonda ilk bor bir yarim yoshli bolaning umurtqa pog`onasida murakkab operasiya o`tkazildi