O’zbek tiliga bo’lgan hurmat va munosabat
Ertalab FB lentamda bir insonning 1990-yillar otalari Latviyaga borganlari, u yerda, garchi hamma rus tilini bilsa-da, ular bilan qasddan hech kim rus tilida gaplashmaganligi, shu amallari bilan latviyaliklar o’z vatanparvar tilparvarliklarini namoyish qilganliklari haqidagi hikoyani o’qib qoldim. Va shu tariqa hikoyachi biz tilimizga naqadar hurmatimiz pastligini, hali hanuz ko’pgina vatandoshlarimiz rus tilidan o’zlarini «ozod va mustaqil» qila olishmaganliklarini chuqur tanqid ostiga oldilar.
Men bu masalaga bir oz farqliroq yondashmoqchiman.
Iqtisodda talab va taklif tushunchalari bor. Ya’ni talab taklifni uyg’otadi, taklif esa talabni qondiradi. Bu yerda nega unaqamiz, nega bunaqamiz, deb boshimizga tuproq sepib, xo’rlanishimizdan hech qanday foyda yo’q.
Va o’zbek tilining mavqeini oshirish uchun hayotimizdan rus yoki boshqa biror tilni «yo’qotaylik» yo’sinida ish tutish mutlaqo noto’g’ri. Aksincha, bu xalqning bilimini, obro’ini va shu orqali tilimizning mavqeini ham yanada tushuradi, deb ishonaman.
Ho’sh, o’z tilimizga xalqimizda talabni oshirish, uni haqiqiy «raqobatbardosh» qilish uchun nimalar qilishimiz kerak, degan savol tug’iladi.
Avvalambor tilga ta’rif beraylik. Til- bu bilim, fikr, axborot almashish va muloqot vositasidir.
1) Bilimdan boshlaylik, masalan, zamonaviy matematika, informatika, falsafa, psixologiya, iqtisod yoki boshqa istalgan fan yoki sohani olsak, bu fanlarda qariyb 90% yangi bilim ingliz tilida barpo bulayapti, qolgan 10% boshqa dunyo tillarida (rus tilida 1%dan kami). Xuddi shuning uchun shahsan men biz o’zbek tilini ingliz va boshqa dunyo tillarini o’zlashtirishdagi ro’lini tushungan holda, garchi o’zimga kirill lug’atida yozish osonroq tuyulsada, lekin lotin alifbosiga o’tishimiz qizg’in tarafdoriman.. Sababi yoshligimizda ingliz tilini o’qitishda qariyb bir yilni lotin harflarini o’rganishga sarf qilardik, shunda ham bir qator o’quvchilar bu alifboni chala o’zlashtirar edilar. Lotin harflari oz bo’lsa-da bizni dunyoning mashhur tillarini o’rganishga qadam bo’lib xizmat qiladi, deb o’ylayman.
Davom etamiz, bu dunyo tillaridagi yangi asar va tadqiqotlarning 5-10% eng mashhurlari ancha tez suratda rus tiliga tarjima qilinadi. O’zbek tiliga qanchasi tarjima bo’lyapti, deb so’rasangiz, 0%ga yaqin desam, xato bo’lmaydi. Shukur qilishimiz kerakki, vatandoshlarimizning kattagina qismi rus tilini biladi va shuning uchun ham zamonaviy ilm manbalariga shu kichikkina darcha orqali bo’lsada nazar sola olishadi. Zamonaviy ilmga katta yo’l ochamiz desak, yoshlarimiz ingliz, farang, olmon, xitoy va, shu jumlada, rus tilini ham o’qishga bo’lgan intilishlarini har tomonlama qo’llab quvvatlashimiz kerak.
2) Eng ilg’or va qiziqarli fikrlar eng ilg’or va qiziqarli ilm asosida ruyobga chiqadi. Shu borada islom ilmini o’rganayotgan vatandosh olimlarimiz misolini ko’raylik. Rahmatli Shayx Muhammad Sodiq Hazratlari bitgan kitoblari, chiqargan ovozli ma’ruzalari, talaygina din peshvolarimiz, imomlarimiz, ularning qator shogirdlari shu kunga qadar chiqarayotgan kitob-maqolalari, ijtimoiy tarmoqlarda olib borayotgan sahifalari shaxsan meni ona tilimiz boyligi va fikr izhor qilish go’zalligi bilan doim hayratlantirib kelgan va, natijada, bu kitoblar yuz minglab nushada keng tarqalib, ijtimoiy sahifa, sayt va kanallarda minglab-minglab tildoshlarimizni ona tilimizga targ’ib qilib kelmoqda. Bu misol, menimcha, ona tilimizga talabni qanday kuchaytirish kerak, degan savolga eng yaqqol javob bo’la oladi. Agar biz boshqa barcha sohalarga shu tajribani tarqata bilsak, ya’ni olim, tadqiqotchi va tarjimonlarimiz ilg’or dunyo ilmlarini shu tariqa keng ommalarga ona tilida yetkazganlarida edi, dunyo adabiyot zaxiralarining gavharlari ona tilimizga sifatli tarjima qilinib, adadini serob qilishganda edi, hech ona tilida gaplashaylik, degan da’vatlarga hojat qolmagan bo’lardi.
Shu borada «nega vaabshe o’zbe tilida yozmisiz?» deb birovlarga tanbeh beradigan tanqidchilarga «avval o’zingiz o’zbek tilini mukammal o’zlashtirib oling, so’ng bu tilda ijod qiling, to’rt satr she’r yoki hikoya biting, hech bo’lmasa, kichik bir hikoyani o’zbek tiliga tarjima qiling va o’sha telegram, Facebook yoki boshqa ijtimoiy tarmoq orqali tarqating. Shu ish ona tilimiz uchun o’ttiz yil hammaga «o’zbecha yozila , o’zbecha gapirila» deb yurgandan afzalroqdir.(Ushbu tanbex luqmalar mualliflari imlosida keltirilganim uchun meni ma’zur tutasizlar).
3) Tilning axborot va mafkura vositasi roliga kelsak, aminmanki, bu alohida e’tiborga loyiq mavzu. Sababi, bugungi kunda dunyoda propaganda juda kuchli. Davrimizning borliq va hodisalari haqida atroflicha, xolis va to’liq axborot olishimiz nafaqat hozirgi kunimiz, balki, kelajagimizni belgilaydigan eng muhim omillardan biridir. Shu borada aytmoqchimanki, yaqin-yaqinlargacha mamlakatimiz ichki holati va tashqi hodisalarni o’zbek tilida milliy ommaviy axborot vositalarida yoritilishi juda sust va zaif edi. O’zbek televideniyesi, radiosi, gazetalari xabarlarni ancha yuzaki va chala yoritar edilar. Hatto dunyoda yoki vatanimizda bo’layotgan muhim hodisa va jarayonlar kechikib berilar, ba’zan chala yoritilsa, ba’zan mutlaqo sukutga sazovor bo’lar edi. Bu informatsion vakuumni albatta chet el, va, birinchi navbatda, tili tushunarli bo’lgani sababli, Rossiya OAV egallab boshlagan edilar. Bu, albatta, milliy mafkuraga qator hollarda salbiy ta’sir ko’rsatish xavfi bor ahvoldir. Ammo, oxirgi vaqtlarda, shukurlar bo’lsin, bu hol asta o’zgaryapti: milliy telekanallar, axborot va muhokamalar rivojlanib, milliy televideniyeni ko’rish tobora qiziqarli bo’lib boryapti. Albatta, bu omil ham tilimizning mavqei va unga bo’lgan xalq orasidagi talabni oshiradi.
4) Endi kishilar orasidagi muloqotga keladigan bo’lsak, yuqorida qayd etilgan jarayonlar rivojlangani sari bu sohada ham ijobiy o’zgarishlar oshaveradi. Axir hamma eshitgan, o’qiganlari haqida o’sha eshitgan, o’qigan tilda bo’lishishi tabiiy. Ya’ni, qancha ko’p xabar o’zbek tilida bo’lsa, uning muhokamasi ham shu qadar o’zbek tilida bo’lishi aniq .
Ushbu fikrlarim yakunida aytmoqchi bo’lgan asosiy g’oyalar:
— chet tillarini, rus tili bundan aslo mustasno emas, chuqur o’rganaverishimiz kerak, zeroki, bu tillar bizga bilimlar xazinasiga kalit deb qarashimiz maqsadga muvofiq bo’ladi.
— shu bilan bir qatorda o’zbek tilida ko’p va sifatli kontent tayyorlash, xoh u yangi kitob, jurnal, gazeta, internetda, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi kontent bo’lsin, xoh jahon adabiyoti, san’ati, she’riyati xazinasi durdonalari bo’lsin va xoh ilmiy ommabop nashrlar, ko’rsatuv yoki darsliklar bo’lsin.
— Ommaviy axborot vositalarida mavjud qonun bilan belgilangan konseptual va strategik cheklov va yo’nalishlarga rioya qilgan holda, boshqa barcha cheklanishlarni olib, OAVlar rivoji yo’lida hech qanday to’siqlar qoldirmaslik kerak. Masalan, OAV millatlar, xalqlar, irq va din asosida odamlarning orasida ziddiyat va qarama-qarshilik uyg’otmasligi, ekstremizm va terrorizmning har qanday ko’rinishiga qarshi bo’lishi, milliy mustaqilligimiz g’oyasini qo’llab-quvvatlashi va inson huquqlari va qadriyatlarini hurmat qilishi kabi asosiy tamoyillarga rioya qilishini talab qilish kifoya. Shu prinsiplarni qo’llagan holda OAVlari har sohada o’z auditoriyalariga monand har xil qiziqarli xabarlar berib yursa, ularning soni ko’p va xilma-xil bo’lsa, albatta, odamlarda ona tiliga bo’lgan hojat yanada oshadi.
Masalan, kuzatishim bo’yicha Xalqaro Press Klub ko’rsatuvlari, Uzreport, Zo’r TV, Milliy TV va yangi barpo bo’lgan O’zbekiston telekanali qatorida, daryo, kun.uz, kommersant.uz jurnalistlari bu masalada shu onda katta ijobiy qadamlar bosishyapti. Yaqinda do’stlarimiz asos solgan Mfactor loyihasi ham shu qatorda, sababi, loyiha ijodkorlari va qatnashchilari o’zbek tilida yetuk tadbirkorlardan muvaffaqiyat sir va omillari haqida intervyu olib keng ommaga uzatishni oldilariga maqsad qilib qo’yganlar.
Shu aytilgan mulohazalarni e’tiborga olib, o’zbek tilimiz kelajagi va rivoji uchun jon kuydirayotgan aziz vatandoshlar, iltimos, bir-birimizni bu muhabbat qalbimizda kimda ko’p, kimda kamligi haqida talashmaylik, bir-birimizni xoinlikda ayblamay yengmaylik, balki shu g’ayrat shijoatimizni ona tilimizni haqiqiy rivojlanishi yo’lida ijobiy va amaliy yo’sinda ishlataylik.
E’tiboringiz uchun rahmat.
PS. Darvoqe, 90-yillar o’tib ketib, xuddi ana o’sha Latviyada hozir istalgan tilda savol bersangiz, o’sha tilda javob olasiz, shu jumladan rus tilida ham.
PPS. Mustamlaka ostida yashagan odamlar mafkurasi bu ahvoldan haqiqiy ozod bo’lganligi, aslida, o’tmishiga hayajonsiz, nafratsiz, qullik komplekslarisiz xolis bo’la olishida namoyon bo’ladi. Buvim rahmatli, turmushdan ajragan jiyanlariga «Undan hali ham jahling chiqyaptimi, bas, uni hali-hanuz sevar ekansan»- degan so’zlarini ba’zi rus tili va madaniyatiga nisbatan alamzada munosabatda yurganlarga qaytargim keladi.
PPPS. Ba’zi joylarda yozuvim xato bo’lgandir, meni buning uchun ma’zur tuting.
Manba:
Boshqalar
O’zbek tiliga bo’lgan hurmat va munosabat