O’zbek tili mavzusida murakkab rejali insho to’liq malumot oling
O’zbek tili mavzusida murakkab rejali insho
Reja:
Kirish
Asosiy qism
O’zbek tili tarix davomida
Ona tilimizga bo’lgan e’tibor
Til – millat ko‘zgusi
Xulosa
“O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”. — Abdulla Qodiriy
O’zbek tili tarix davomida
O‘zbekistonning har bir fuqarosi o‘z ona tilisini sevadi, uni hurmat qiladi va eʼzozlaydi. Chunki aynan shu til orqaligina har qanday millatning qay tarzda yashayotganligini, rivojlanayotganligini, yoki aksincha, orqada qolayotgan va qashshoqlashib borayotganligini bilishimiz mumkin. Shuning uchun ham bejizga: “Til – millat ko‘zgusi”, — deyishmaydi.
1989 yil 21 oktyabr. «Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilinib, o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo‘lgan ona tilimiz o‘zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham Davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yildi. Shu tariqa o‘zbek tili davlatimizning bayrog‘i gerbi, madhiyasi kabi qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramzlari qatori eʼzoz va ehtiromga sazovor bo‘ldi. Keyingi yillarda Davlat tilining ijtimoiy hayotda tutgan mavqeini yana-da mustahkamlash maqsadida bir qator ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo‘linmasi hisoblangan Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi. Bundan ko‘zlangan maqsad Davlat tilini rivojlantirish, davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha takliflar tayyorlash, o‘zbek tilining yozma matni meʼyor va qoidalarini ishlab chiqishdan iborat.
Ona tilimizga bo’lgan e’tibor
Milliy tilimizga, ona tilimizga bo‘lgan eʼtibor, nafaqat bugungi kunda, balki tarixning barcha davrlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Shu o‘rinda bobolarimiz aytgan quyidagi purmaʼno fikrlarni eslaylik: «Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo‘qotmak millat ruhini yo‘qotmakdur» (M.Behbudiy).
Eʼtibor beryapsizmi, milliy tilni yo‘qotmak millat tilini yo‘qotmakka qiyoslanmoqda. Darhaqiqat, tilning ahamiyati, uning mavjudligi har qanday yurt, millat taraqqiyotini belgilab berishi shubhasiz. Ayniqsa, bugungi globallashuv dunyo xalqlarining turmush tarzi umumiylik kasb etgan bir davrda yuqoridagi so‘zlarning zalvori ikki hissa ortadi.
Til – millat ko‘zgusi
Yozuvchi va shoirlarimiz tilimiz haqida ko‘plab purmaʼno hikmatli so‘zlarni aytganlar va tilni turlicha taʼriflaganlar. Abdulla Oripov o‘zbek tili yo‘qolsa, to‘tiga aylanib qolishini, Erkin Vohidov ona tilimiz o‘lmasligini bot-bot taʼkidlaydi. Rasul Hamzatov esa ona tilisi yo‘qolsa, hatto o‘limga ham rozi ekanligini qalamga oladi.
Ona tilimiz hisoblanmish o‘zbek tilini maqtab, uni madh etib, hattoki shu mavzuda qasidalar yozib, qalam tebratgan shoir-u shoiralarimiz nihoyatda bisyor. Masalan, qalami o‘tkir shoir Rauf Parfining:
Hayhot, toptaganda arab-u mo‘g‘ul,
Hayotingning zanjirli yili.
Boshdan ne kechirding mardona o‘g‘il,
O‘zbek tili, o‘zbek tili, – deya aytilgan yuqoridagi sheʼrida yurtimizni ko‘chmanchilar istilo qilganda ham, garchi bosib olib, o‘z tili, mafkurasini o‘rnatishga harakat qilgan bo‘lsalar-da, o‘zbek millati o‘zining eng qimmatli boyligi, yaʼni ona tilisini yo‘qotmaganligi aks etgan. Yoki shu voqealarning davomi sifatida Xurshid Davronning quyidagi sheʼrini keltirishimiz mumkin:
Kelib ketdi necha dunyolar,
Kuldi hayot, yig‘ladi o‘lim.
Sen deb qurbon bo‘ldi bobolar,
Ular ketdi, sen qolding, tilim.
Shu voqealarni eslab, Muhammad Yusufning quyida yozgan sheʼrini o‘qib, beixtiyor o‘yga toladi kishi:
Onam “erkam” deb quchganda tunlar yarim,
Erkim yo‘q deb zirqirardi bir joylarim.
Parovozni hansiratgan bug‘doylarim,
Oltinlarim, maʼdanlarim, ipaklarim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Sen bo‘lmasang, nima bizga silliq sheʼrlar,
Bu dunyoda tili yo‘qda dil yo‘q derlar.
Bahoying-ku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning to‘ridagi so‘lmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.
Shukur Qurbonning «Ona tilim» qasidasida ona tilining manguligi, barhayotligi oldida inson umrining bir lahzalik xotira ekanligini taʼkidlanadi:
Sen mangusan, baqosan,
Men esam – o‘tkinchi zot.
Sen hamisha bahorsan,
Men – lahzalik xotirot.
Ona tilim, jon tilim.
Mayli, kim qay tildan zavq-u shavq olsa,
Mening o‘z tilimga ming jonim fido.
Erta ona tilim agar yo‘qolsa,
Men bugun o‘lishga bo‘lurman rizo.
Xulosa
O’zbek tilini rivojlantirish faqat tilshunoslar, shoir yoki yozuvchilarning ishi emas, balki mana shu yurtda yashab, shu yurtning changini yutib, suvini ichib, tuzini totib yashayotgan har bir insonning vazifasi hisoblanadi. Oddiy dehqon bo‘laylik yoki quruvchi, qaysi soha vakili bo‘lishimizdan qat’iy nazar, davlat tilining rivoji uchun hissa qo‘shish shu Vatan, shu xalqqa bo‘lgan farzandlik burchimizdir.
Darsliklar
O’zbek tili mavzusida murakkab rejali insho