Oyoq venalar varikozi
Oyoq venalar varikozi
DO`STLARGA ULASHING:
Oyoq venalari varikozi, yaʼni venalarning kengayib choʼzilishi va tugun-tugun boʼlib qolishi asosan muntazam ogʼir jismoniy ish bajarish, uzoq vaqt tik turib ishlash natijasida tomirlarda qon oqishi qiyinlashishidan kelib chiqadi.
Kengaygan venalar (varikoz tugunlar) teri ostidan boʼrtib koʼrinib turadi, oyoq shishib ogʼriydi, bemor yurganida tez charchaydi. Keyinchalik tomirlarda tromblar (tiqilmalar) paydo boʼlishi mumkin.
Varikoz xastaligini davolash kechiktirilsa, quyidagi xastaliklar kelib chiqadi:
qon tomirlarida qon quyuqlasha boradi;
terida turli trofik yaralar hosil boʼladi;
oyoq vena qon tomirida tromboflebit (vena devorlarining tromblar tufayli yalligʼlanishi) yuzaga keladi;
tomirlar tromboemboliyasi (kasallangan tomirning tromb tiqilishi natijasida yopilib qolishi) kuzatiladi.
Аyniqsa oyoq chuqur venalari tromboflebiti varikoz kasalligining eng ogʼir asorati hisoblanadi. Varikozni davolash uchun shifokor maslahati asosida turli muolajalar olib borish lozim. Uy sharoitida kasallikning dastlabki bosqichlarida oyoqlarni faqat elastik bint bogʼlab yurish foyda beradi.
Konservativ (dori-darmon) usulda davolash bilan bir qatorda oyoq venalari varikozi uchun skleroterapiya, lazerli obliteratsiya va jarrohlik amaliyotlari qoʼllaniladi. Skleroterapiya kosmetik usul hisoblanib, u qoʼllanilsa oyoqda hech qanday chandiqlar qolmaydi. Lazerli obleteratsiyada esa vena boʼshligʼi lazer nuri yordamida toʼliq bekitiladi.
Varikozning oldini olish uchun quyidagi ehtiyot choralarini qoʼllash mumkin:
vaznni nazorat qilish, yaʼni qisqa muddat ichida semirishga yoʼl qoʼymaslik;
qon harakatini cheklab qoʼyadigan tor buyumlardan voz kechish;
paxtali matodan tikilgan ichki kiyimlar kiyish;
baland poshnali tuflilardan koʼra tovonni yaxshi ushlab turadigan poyafzallarni tanlash;
ogʼir yuklarni koʼtarish yoki bir joyda uzoq vaqt tik turib ishlashdan saqlanish.
Unutmangki, venalarning varikoz kengayishiga xos belgilari paydo boʼlganda avvalo shifokorga murojaat eting, shundan soʼng doimo elastik paypoqlar kiyib yuring. Ogʼir ishlarni bajarayotganda oyoqlarni toʼqilgan elastik bint bilan bogʼlab qoʼysangiz ham boʼladi.Feruza АYXODJАEVА, shifokor.
Oyoq venalar varikozi