Oyoq tomiri tortishishi: sabablar, birinchi yordam va davolash haqida malumot

Oyoq tomiri tortishishi: sabablar, birinchi yordam va davolash haqida malumot

Har birimiz hayotda bir marta bo‘lsa ham oyoq tomir tortishishiga uchraganmiz. Ushbu noqulaylik to‘satdan paydo bo‘ladi. Og‘riq shunchalik keskin bo‘ladiki, xuddi mushaklar zo‘riqishidan yorilib ketadigandek. Tomir tortishishi ko‘pincha kechqurunlari uyquni buzib, bir qancha yoqimsiz holatlarni hadya etadi. Og‘riqlarning sababi nimada va davolanishni nimadan boshlash kerak? Keling, aniqlik kiritib ko‘ramiz.

Ma’lumotlarga qaraganda, yer yuzi aholining 80 foiz oyoq tomir tortishishining u yoki boshqa turi bilan qiynalishadi. Tomir tortishishi mutlaqo sog‘lom insonlarda ham kuzatiladi. Ushbu tasodifiy og‘riqlar mushaklar zo‘riqishi bilan bog‘liq bo‘lib, organizmda minerallarning yetishmasligi, birinchi navbatda kaliy, kalsiy, magniy hamda bir qator E, D, A, B guruhli vitaminlar yetishmasligidan  bo‘lishi mumkin.

Tomir tortishishi – bu mushaklarning beixtiyor qisqarishi bo‘lib, keskin og‘riqlar bilan namoyon bo‘ladi. Og‘riqlar har xil bo‘ladi. Tomir tortishishi stereotip tez harakat  ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Masalan, asabiylashganda qovoq uchishi. U asosan bir guruh mushaklarning qisqa muddatli qisqarishi va bo‘shashi natijasida ro‘y beradi.

Tonik tomir tortishishi – bu eng ko‘p uchraydigan og‘riqdir. Bir necha daqiqaga mushaklar qotib qoladi va og‘riq kuzatiladi. Ushbu g‘ayriixtiyoriy og‘riqlar lokal xarakterga egadir. Ko‘pincha oyoq boldiri va iligi atrofida tomir tortishadi. Son va tovon sohasida tortishish kamdan-kam kuzatiladi. Oyoqlarda tomir tortishishi turli yoshda uchrasa ham, o‘rta va katta yoshlilar ko‘proq aziyat chekadilar.

Hamma mushaklarning birdan qisqarishi og‘riqli va inson hayoti uchun juda xavfli bo‘ladi. Uning asoratida inson hushdan ketishi ham mumkin. Bunday og‘riqlar boshqa kasalliklar natijasida bo‘lishi mumkin va zudlik bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tish zarurati tug‘iladi.

Tomir tortishishining keng tarqalgan sabablaridan biri qon tarkibining buzilishidir. Ushbu noqulayliklar organizmda kalsiy, magniy, kaliy va D vitamini yetishmasligi sababli rivojlanadi. Bu element va vitaminlar organizmdagi mushaklar faolligini nazorat qiladi va asab impulslarini boshqaradi.

Nima uchun kerakli mikroelementlarni yo‘qotamiz?

Ayrim preparatlar, masalan jig‘ildon qaynashida ishlatiladigan adsorbent va antatsidlar magniy va kalsiyni o‘zlashtrishiga xalaqit berishi mumkin. Peshob haydovchi preparatlar ham organizmdan kaliy va magniyni chiqarib yuborishdek nojo‘ya ta’sir qilishi mumkin.

Stress vaqtida organizm kuch bilan kortizol gormonini ishlab chiqaradi. Uning nojo‘ya ta’sirlaridan biri – kalsiyning ichaklarda so‘rilishini yomonlashuviga sabab bo‘ladi va buyrak orqali chiqib ketishini kuchaytiradi.

Magniy va kalsiy yetishmasligi homiladorlik davrida ko‘p kuzatiladi, chunki bu davrda mikroelementlar bo‘lajak ona uchun ikki barobar ko‘proq kerak bo‘ladi.

Ko‘p miqdorda proyetinlar qabul qilish ham kalsiy yetishmasligiga sabab bo‘ladi. Gap shundaki, inson organizmi quvvat yig‘ish maqsadida yog‘lardn emas, balki uglevodlardan glyukozani o‘zlashtiradi. Organizmda glyukoza kamaysa, unda yog‘ zaxiralari harakatga keladi Bu esa o‘z navbatida qonda ketonlarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ortib ketishi natijasida ketoz rivojlanadi va buyrakda tosh yig‘ilishi xafini kuchaytiradi.

Haddan ortiq ter ajralganda ham organizm kerakli kaliyni yo‘qotadi. Shuning uchun ham oyoqdagi tomir tortishishi issiq havoda yoki jismoniy zo‘riqishlardan so‘ng ko‘p kuzatiladi.

Tomir tortishganda birinchi yordam

  • Ayrim insonlar tomir tortishishini avvaldan sezadilar, siz ham shular jumlasidan bo‘lsangiz, oldindan oyog‘ingizni bo‘shashtiring.
  • Agar og‘riqqacha yetib borsa, oyoq kaftini o‘zingizga torting, so‘ngra tortishishni bo‘shashtiring va yana torting. Tomir tortishishi chekinmas, turing va ozroq yurishga harakat qiling.
  • Mushaklarni yengilroq uqalab ham tomir tortishini bartaraf etish mumkin. Foydasi ko‘proq bo‘lishi uchun qizdiruvchi massajdan foydalaning.
  • Shunda ham og‘riq chekinmasa, tortishayotgan nuqtani chimchilang yoki ignani yengilgina sanching.
  • Tomir tortishishidan qutilgandan so‘ng qon yurishini ta’minlash va og‘riq qaytarilishi xavfini kamaytirish maqsadida oyoqlarni ko‘targan holda ozroq yotish talab qilinadi.

Yoqimsiz og‘riqlardan qutilish uchun, faqat uning sabablarini aniqlash bilangina erishish mumkin. Tomir tortishishi sizni xavotirga solayotgan bo‘lsa, shifokor maslahatiga borganingiz ma’qul.

© Zulfiya RAHMONOVA, shifokor.
«Salomatlik sandig‘i» gazetasi.


Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

 

Kasalliklar
birinchi yordam va davolash, Oyoq tomiri tortishishi: sabablar