Oybek (1905-1968)-She’rlari

Oybek (1905-1968)-She’rlari
oybek 1905 1968 sherlari 65ca724b19cce

oybek

Oybek (1905-1968)-She’rlari

Mundarija скрыть
Oybek (1905-1968)-She’rlari
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

ERKIN QUSH
Malak kabi go’zal bir qush
Tol shoxiga kelib qo’ndi.
Dedim: «Qushcha, yonimga tush,
Yosh ko’nglimga alam to’ldi.
Bir oz kuyla, she’ring so’yla,
Mahzun ruhim qanot qoqsin
Sirli, go’zal nag’malaring
Amalimning shamin yoqsin».
«Yondim erkning savdosida,
Qafaslardan juda bezdim,
Boqchalarning hijronida
Yuragi qon tutqun edim.
Qo’y, chaqirma ko’kka uchay,
Erkinlikka endi chiqay:
Bahor kelib, har yoq kuldi,
Chechaklarni bir oz quchay!» —
Deya qushcha har yon boqdi.
Tiniq ko’kda qanot qoqdi,
1924
YOSH YO’LCHI
Yo’lim ko’p uzoq,
Amalim porloq:
Orzular toshdi
Ko’ksimda bu choq.
Quturma, dengiz,
Hovliqma, dengiz.
Kichik qayiqni
Irg’itma, dengiz!
Yosh kuchim tolmas,
Tilagim qo’rqmas.
Tog’dek to’lqining
Yo’limni to’smas.
Yosh ko’ngil toshar,
Ko’klardan oshar.
Sevgan yulduzin
Axtarib quchar.
1925, sentyabr`
ONLAR
I
Quyosh og’di ufqdan,
Bir to’plam olov sochin
Ilib qoldi o’rmonlar…
Uzoqliklarda shu on
Sekin yozdi qanotin
Moviy, mayin tumanlar.
Yengil tabassum yog’ar,
Osmon zangori, so’ngsiz
Koinotga boqaman.
Ko’kda yulduzlar yonar,
Abadiyat go’zal qiz
Kabi yotar… tolaman…
1929, aprel`
II
Men yuraman asta-sekin,
Yo’llar qumli, ipak kabi…
Uyg’onmish tong va shamollar.
Uzun yo’lning o’ng va chap
Qator yuksak yashil archa
Uchlarida quyosh yonar.
Erkin qushlar va yaproqlar,
Kuylashadi uzoq-yaqin.
Bundan ko’zni ololmayman.
Shunda bitar g’am, firoqlar,
Mangu hayot musiqasin
Tinglab-tinglab qonolmayman…
1929, may, Yalta
* * *
Ufqlar quroq tutdi.
Rang-barang bulutlardan.
Yuksak og’ochlar uchi
Quyosh sochlari bilan
Sekin o’ynaydi…
Sof uzoqlik,
So’ngsizlik
Ma’sum bola kabi tinch,
Abadiyat qo’ynida
Yotib mudraydi…
Jimgina tolaman…
Shu damda
Ko’ngil falsafasiga
Sajda qilaman.
Ko’ksimga sig’maydi —
Sevgi, sevinch…
1929
YOZ KECHASI
Oy nurlari mudraydi
Yaproqlarning betida…
Teran sukut shu tunda…
Ko’nglimga tutashgandir.
So’ngsiz, ulug’ koinot,
Mangu yosh go’zal hayot.
Yulduzlarning uzoqda
Oltin kiprigi o’ynar,
Suyadi, zrkalaydi
Ona kabi meni-da…
1930
DENGIZDA OQSHOM
Suvlarda sekin o’ynar,
Oltin qayiqchalardek,
Quyosh alangalari…
G’urub yong’ini qoplar,
Samo yuzi anordek,
Bulutlar atlas kabi…
Ufqlar qulochiga
Sig’magan buyuk dengiz
Chayqalar sekingina.
Suvlar quyosh sochiga
O’ralashib tinimsiz
O’par qirg’oqni asta…
1930, oktyabr`.
KO’KLAM HISLARI
Boshimda olmaning xushbo’y oq guli,
Ulug’ yerni quchib yotibman uyg’oq.
Qulochim yetmasa qalbim yetkusi,
Insonning qalbiga quyosh jinchiroq.
Daraxtlar ko’tarmish gul qadahchalar
Ko’klamning, hayotning sog’ligi uchun…
Yasansa, quzonsa qirlar, bog’chalar,
Nega mehnat, yerni maqtamay bugun?
Birlashgan mehnat-la texnika va fan,
Hayot oltinini shaxdam qaziydi.
Kolxozning har yog’i tutash bir gulshan
Bu yerda ish — mehnat bir qo’shiq kabi.
Ota-bobolarning xotiralarin
Bir sukut singari saqlaydi bu yer.
Faqat maftun etar shoir xayolin
Qo’ynidagi ko’klam, manglay to’kkan ter.
1934
* * *
Bir yutum may kabi
Seva simirdim
Gilosday labingni,
Do’ndiq, sevgilim!
Bir yutum may kabi
Seva simirdim,
U damda abadiy
Tuyuldi umrim.
Oy nurin yopingan
Chiroyli bahor…
Qani u sog’ingan
Gilos dudoqlar?…
1934, 21 dekabr`
* * *
Yuraman, toshadi sevinchim.
Bu sevinch qaerdan, bilmayman.
Kechaning og’ushi latif, jim…
Yulduzlar chamani gullagan.
Toshlar ham, qushlar ham uxlaydi
Shamollar uchganda yep-yengil,
Oy nuri mavjlanib titraydi,
Barglarga kiradi shirin til.
Koinot sevgisi gul kabi
Qalbimda ochilar, qayol — hur.
To’ladir sevinchning qadahi,
Yulduzlar tomchilar oltin nur…
1936, iyul`, Chimyon
* * *
Abadiyat va umr
Singari oqadi suv.
Oq sochlarini uyqu
Silamas bunda bir qur.
Uning mavjlari ursa,
Cho’ng toshlar tilga kirar,
O’zidan nayi dilbar,
Erkalanib, ko’pirsa.
Tog’dan sho’x, shodlik surar
Allaqayg’a sovg’asi
Quyoshning oltin tosi
Kunduzi unda suzar…
Oltin uzuklar oqar,
Har kun harir ko’ksida.
Jim-jim jimirlash ila
Yangi kunlarga chopar.
Yashil yoqalarida
Kezaman kunduz, oqshom.
Hovuchim qadah va jom,
Ichaman qona-qona.
1936, iyul`
* * *
Tepaga chiqamen, soyga tushamen,
YO garang toshlarga jim suyanamen,
YO buloq boshida bir cho’pon kabi
Yastanib bir lahza o’yga tolamen.
Jo’shadi buloqning kumush yoshlari,
Ham mungli, ham shirin jildirashlari
Buralib, ko’katlar ichidan chopar,
Uzilgan marvarid yarqirashlari.
Kunduzning sho’xligi har yerda ulfat,
Har yerda gullarning salomi esar:
Bulutlar tepaga qo’nar bir muddat.
Shu’lalar, soyalar birga tentirar.
«Dunyoda yashamoq na go’zal!» — bir sas
Havo oltinida jaranglab uchar;
Uzoq bir o’tovda patefon tinmas,
Orzular siynaga sig’masdan toshar…
1936
* * *
Oltin sepkilli qop-qora kecha,
Qora iliqlik, xushbo’y bir nafas
Sekin esadi. Uxlar qir, tepa,
Ariqda oqar notinch, qora sas.
Gullar tojini silaydi uyqu,
Orzulari jo’sh urar ko’ngulning.
Og’ochliqlardan keldi bir «uhu».
Shamol shivirlar: kelmas, uzulmang!
Tugar hislarin qora baxmalcha.
Yulduzlar jim-jim kiprikdan tomar,
Tun xushbo’y, iliq: nozli bir palla,
Tog’lar boshida yulduzlar chaqnar…
1936
NA’MATAK
Nafis chayqaladi bir tup na’matak
Yuksakda, shamolning belanchagida,
Quyoshga ko’tarib bir savat oq gul,
Viqor-la o’shshaygan qoya labida.
Nafis chayqaladi bir tup na’matak
Mayin raqsiga hech qoniqmas ko’ngil,
Vahshiy toshlarga ham u berar fusun,
So’nmaydi yuzida yorqin tabassum.
Yanoqlarni tutib oltin bo’sa-chun,
Quyoshga tutadi bir savat oq gul!
Poyida yig’laydi kumush qor yum-yum…
Nafis chayqaladi bir tup na’matak…
Shamol injularni separ chashmadak
Boshida bir savat oq yulduz — chechak,
Nozik salomlari naqadar ma’sum!
Tog’lar havosining firuzasidan
Mayin tovlanadi butun niholi.
Vahshiy qoyalarning ajib ijodi:
Yuksakda raqs etar bir tup na’matak,
Quyoshga bir savat gul tutib xursand!
1936
* * *
Shamol, bir ertak o’qi
O’zganda tog’ uetidan.
Ichib bulok boshidan,
Shamol, bir zrtak o’qi!
Archalar shoxidan tush!
Ko’k ipakda qil jilva,
Sochlarimda g’ivirla,
Kel, qalbimga shivirla,
Archalar shoxidan tush!
Tog’lar ro’yosini ayt,
Yulduz salomini ayt,
Shivirla hayot sasin,
Sevgi duosini ayt.
1936, 9 iyul`
SHE’R
Deydilarki she’r — yulduz kirpigi.
Bolchiq yo’lni yorit, deyolmas hech kim.
Hayot qorasida inju nur ipi.
Deydilarki she’r — faqat qush tili
Ma’nosin tuyadi hassos ko’ngillar,
Yoki u ko’r qalbning ko’z yosh tomchisi,
Toshlarga tomadi, yo taqar gullar.
Deydilarki she’r — o’z mantiqini
Yumshoq uyqu chog’i oladi tushdan,
Qon va sevinch bergan yerning hidini
Ilhomlar so’rmadi puch g’urur bilan…
1936
* * *
Mayli, suv ich, qattiq non kemir,
Lekin, yonsin qalbingda olov.
Falsafaning achchig’in simir,
Farog’at, tin senga bo’lsin yov.
Toshga ham, rangga ham, so’zga ham
Hayot nuri bilan ber jilo.
Nash’a emas, hatto senda g’am
Qalbga solsin hayotdan ziyo.
1937
QORAXAT
Bexosdan uzilgan shoda dur kabi,
To’kildi umidning rangli barglari.
Osildi bir onda qo’llar madorsiz,
Yer qochdi, qoraydi quyosh zarlari…
1941
* * *
Yig’i kelmaydi sira…
G’azabdan qaqragan ko’z.
Bu yo’llarning yaxidek
Labimda qotipti so’z.
Qoshlar, kipriklar qirov —
Yuraman hushsiz, hayron.
Qornim och, esga kelmas
Xaltamdagi g’ishtdek non…
Kuygan uylarda uvlar
Qish quyuni betinim.
Tanho kezaman. Yig’lar
Yuragimda Vatanim.
1944, 17 fevral`
KUZDA
Ketaman tentirab tanho yo’llarda,
Daraxtlar go’yoki mash’aldek yoniq.
Kuz ko’rkam yashnaydi xil-xil ranglarda.
Shaftoli barglari yonar oltinday,
O’rikda qirmizi yoqut shu’lalar.
Shu’lalarning raqsi bargda, novdada.
Suvlar oqar sekin, shishaday tiniq,
Osmon cho’kib olgan suvlarga go’yo.
Hazoga to’ymayman, nafasi iliq…
O, azim chinorlar, naqadar ko’rkam,
To’xtayman o’ylanib: «Oltinlanibdi,
Umri asrlardir, ildizi mahkam…»
Qisqardi kunlar ham, uchadi mezon,
Alvido, deb qushlar boshladi safar,
Yaproqlar to’kilur,.. yig’laydi xazon…
Olmalar yonog’i qip-qizil yoqut,
Arava, mashina tashir shaharga,
O’zbeklar elida — mo’l, baraka, qut!
Toklarda rang-barang totli uzumlar,
Tillarni yoradi bol kabi shirin:
Xushbo’y may ichganday go’yo tuyular.
Yuraman xayolda, o’tar kunduzi,
Daraxtlar turadi yoniq mash’alday.
Kechqurun yo’limda oqshom yulduzi…
1960
* * *
Sirli yo’llar bosib, kezaman osmon,
O’ylayman, o’ylayman, sira bilmayman,
Osmonga sepilgan oltindan somon.
Hakiqat nimadir, o’ylayman hamon…
1965, avgust

Oybek (1905-1968)-She’rlari