Oy kunlari (hayz kunlari) tartibi nega buziladi? to’liq malumot oling
Oy kunlari ba’zan qiyin kechadi, ba’zan esa oson. Kimnidir hayz kunlarining odatdagidan uzayishi yoki kamayishi bezovta qilsa, kimlardir bu jarayonning umuman to‘xtab qolishidan xavotirga tushadi. Aslida nega bunday bo‘ladi? Hayz siklidagi o‘zgarishlar nimalarga bog‘liq? Bunday o‘zgarishlarning kayfiyatga va hayotga ta’sirini yengillatish mumkinmi?
Bu klimaks emasmi?
40 yoshdan so‘ng ayol organizmida sodir bo‘ladigan o‘zgarishlar borasida ko‘p bora yozilgan. Yosh ayolda hayz sikli buzilishi esa kutilmagan holat. Chunki ko‘pchilik ayollar hayz sikli klimaks yoshiga yetgunga qadar soatdek soz ishlaydi va keyingina klimaks boshlanadi, deya taxmin qilishadi. Tibiyotda klimaksdan avvalgi davr ham mavjud. Bu davr 40 yoshgacha boshlanishi va uzoq muddat davom etishi mumkin.
Oy kunlari (hayz kunlari) tartibi nega buziladi?
Ko‘pgina ayollarda gormonal fonda o‘zgarish sodir bo‘layotgan davr qiyin kechadi. 35 yoshdan so‘ng qondagi progesteron va estrogen gormonlari miqdori pasaya boshlaydi, tuxumdonlar faoliyati sekinlashadi, ovulyatsiya ba’zan sodir bo‘lsa, ba’zida yuz bermaydi. Gormonal o‘zgarishlar ta’sirida ayolda hayz oldi sindromi (PMS), shishlar, ko‘krakda og‘riq, charchoq, kayfiyat tushishi kabi holatlar kuzatiladi. Ammo bu holatlarning barchasini gormonal o‘zgarish ta’siri deb qabul qilmang. Ba’zi hollarda bu fibroma, polip, endometrioz, shuningdek, qalqonsimon bez kasalliklari va/yoki saratonoldi xastaliklari alomati bo‘lishi ham mumkin. Shuning uchun o‘zingizda biror o‘zgarish sezishingiz bilan shifokor nazoratidan o‘ting. Shifokor ko‘rigi, tahlillar va UTT natijasiga ko‘ra bu alomatlarning asl sababi aniqlanadi. Quyida diqqatingizni qaratishingiz shart bo‘lgan alomatlar va ularni davolash usullari bilan tanishtiramiz.
Nega qon ketishi to‘xtamayapti?
Hayzning o‘rtacha davomiyligi 4 kundan 7 kungacha bo‘lsa, klimaksdan avvalgi davrda hayz kunlari ko‘payib ketishi ham kuzatiladi. Chunki ba’zi oylarda ayol organizmida ovulyatsiya sodir bo‘lmaydi, progesteron va estrogen gormonlari miqdori pasayadi. Shu sababli bachadon qatlami qalinlashib, hayz boshlangach, bachadon o‘z holiga qaytishi uzoq muddat talab qiladi.
ЎҚИНГ: Reproduktiv savodsizlik: Umuman hayz ko‘rmaganman!
Bundan tashqari, bu poliplar — bachadon bo‘ynida zamburug‘li o‘zgarishlar yuz berganining alomati bo‘lishi ham mumkin.
Shifokorga hayz davrining o‘zgarganini albatta ayting. Odatiy hayz davringiz ikki barobar cho‘zilgani bachadonda saraton oldi o‘zgarishlari sodir bo‘layotgani ehtimolini ham oshiradi. Buni esa faqat shifokor ko‘rigida aniqlash mumkin.
Odatdagidan ko‘p…
Klimaksdan avvalgi davrda hayz qoni miqdori ko‘payishi ham kuzatiladi. Ortiqcha vaznli ayollarda esa bu holat yanada ko‘proq uchraydi.
Bu fibroma — bachadonda hosil bo‘lgan xavfsiz o‘simtaning alomati bo‘lishi mumkin. Bir vaqtning o‘zida bir necha fibroma rivojlanishi ham kuzatiladi.
Shifokorga ko‘p qon ketishi bilan birga o‘zingizda charchoq va hafsalasizlik ham kuchayayotganini albatta ayting. Ko‘p qon yo‘qotish natijasida organizmda kamqonlik rivojlanadi. Uni davolash uchun temir moddasini qabul qilishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi, qon ketishining asl sababini aniqlash zarur.
Hayz sikli o‘rtasida ajralmalar kelsa…
Hayz sikli o‘rtasida, ovulyatsiya davrida ba’zi ayollarda kam miqdorda qonli ajralmalar kuzatiladi. Gormonal fondagi o‘zgarish sababli klimaks oldi davrida ham bunday ajralmalar kelishi mumkin.
Bundan tashqari, polip yoki adenominoz — bachadon shilliq pardasi (endometriy) qalinlashishi va bachadon devoriga singishi kasalligi alomati bo‘lishi ham mumkin. Sikl o‘rtasidagi ajralma bachadonda yoki bachadon bo‘yni to‘qimalarida xavfli o‘zgarishlar ro‘y berayotgani yoki unda infeksiya rivojlanayotganidan darak.
Shifokorga sikl o‘rtasida qonli ajralmalar kelishini albatta ayting. Odatda shifokor ko‘rishi bilan kasallik aniqlanadi, ba’zi hollarda endometriy biopsiyasi o‘tkazilishi talab qilinishi mumkin.
Hayz sikli tiklandi!
Aytaylik, uzoq paytdan beri hayz ko‘rmaysiz va uning butunlay to‘xtaganiga amin bo‘lib turganingizda yana hayz kela boshladi. Klimaksdan avvalgi davrda ayollarda hayz orasidagi davr uzayib ketadi. To‘la menopauza davri boshlanishiga 1 yil qolganda bu muddat 80 kungacha uzayishi mumkin.
Bundan tashqari, bu qalqonsimon bez faoliyati buzilganidan ham darak beradi.
ЎҚИНГ: Algomenoreya — hayz davridagi og‘riqlar
Shifokorga hayz orasidagi vaqt 90 kundan oshib ketganidan so‘ng yana hayz ko‘ra boshlaganingizni albatta bildiring. Bu giperplaziya — xavfli saraton oldi kasalligiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, klimaksdan avvalgi davrda ayollarda ko‘krak og‘riqlari, mastopatiyaga chalinish µolatlari µam ko‘p uchraydi. Shu sababli 35 yoshdan so‘ng ayol doimiy ravishda mammolog va ginekolog ko‘rigidan o‘tishi muµim.
Klimaksdan avvalgi davrni boshdan kechirayotgan ayollarga gistologik tekshiruvdan o‘tish µam tavsiya qilinadi.
Hayz sikli sekin-asta o‘zgarib borayotgan ayollar odatda kontratsepsiya vositalarini ishlatishga qunt qilmay qo‘yishadi. Hayz davri qay shaklda o‘zgarayotganidan qat’i nazar, yodingizda bo‘lsin: bu davrda ham homilador bo‘lib qolish xavfi mavjud. Ayolning yoshi kattalashgani sari uning homilador bo‘lish imkoniyati kamayib boraveradi. Lekin statistikaning ko‘rsatishicha, 35 yoshdan keyingi homiladorliklarning 30 foizi rejalashtirilmagan homiladorlik sirasiga kiradi.
Hayz kunlari borasida faktlar
O‘smir qizlarda o‘rtacha 12,4 yosh hayz davri boshlanishi kuzatiladi. Ammo so‘nggi yillarda bu yosh pasayib bormoqda. Masalan, o‘tgan asrning 30-yillarida o‘smir qizlar o‘rtacha 13,3 yoshda hayz ko‘ra boshlagan.
Ayollarning 58 foizi kontratseptiv vositalarni hayz oldi sindromini yengillatish uchun qabul qilishadi. 51 yosh menopauza sodir bo‘lishining o‘rtacha yoshi hisoblanadi.
Ekspert: Nilufar ABDULLAYEVA, akusher‑ginekolog.
Jurnalist: Madina ZARIF.
Manba: “Sug’diyona” gazetasi.
Ayollar uchun
Oy kunlari (hayz kunlari) tartibi nega buziladi?