O’tkir tonzillit (angina) — sabablari, asoratlari, tashxislash, davolash, oldini olish
O’tkir tonzillit (lot. tonsillae — bodomsimon bezlar); xalq orasidagi nomi — angina (lot. ango — «qisaman, bosaman, bo’g’aman») — mahalliy namoyon bo’lishi limfatik halqum halqa komponentlarining, ko’pincha tanglay bodomsimon bezlarining o’tkir yallig’lanishi ko’rinishidagi infektsion kasallik bo’lib, ko’pincha streptokokklar yoki stafilokokklar, kamroq hollarda boshqa mikroorganizmlar, viruslar va zamburug’lar tomonidan chaqiriladi. Surunkali tonzillitning kuchayishi ham angina deb nomlanadi.
Angina
Angina yuqori nafas yo’llarining yetarlicha keng tarqalgan kasalliklaridan biri. Kuzatilishi miqdori bo’yicha uchinchi o’rinni egallaydi (birinchilari gripp va yuqori nafas yo’llari o’tkir katari). Angina qadim zamonlardan beri ma’lum kasallik. Ushbu kasallik Gippokrat (mil. avv. IV-V asr), Sels (mil. I asr) asarlarida keltirib o’tilgan. Abu Ali ibn Sino qo’lyozmalarida (Avitsenna, XI asr) angina fonidagi asfiksiyada (bo’g’ilishda) intubatsiya va traxeotomiya haqida so’z yuritiladi.
Tasnifi
Eng keng tarqalgan turlari vulgar (an’anaviy, oddiy) angina hisoblanadi: kataral, lakunar, follikulyar, fibrinoz, flegmonoz, gerpetik va yarali-pardali.
Kataral angina
Kataral anginina o’tkir rivojlanadi, bemor tomoqda achish, quruqlik, qirilishdan shikoyat qiladi, keyin esa alomatlar qatoriga yutinish vaqtida yengil og’riq kuzatilishi qo’shiladi. Asteno-vegetativ sindrom klinikasi kuzatiladi. Harorat odatda subfebril bo’ladi. Ko’rik davomida bodomsimon bezlar giperemiyalangan, biroz kattalashgan, ba’zan shilliq-yiring ekssudatli ingichka parda bilan qoplangan bo’lishi mumkin. Til quruq, karash bilan qoplangan. Hududiy limfa tugunlar biroz kattalashishi mumkin. Odatda klinik belgilar 3-5 kun ichida yo’qolib ketadi.
Follikulyar angina
Follikulyar angina tana haroratining 38-39 °C gacha ko’tarilishi bilan boshlanadi. Klinika yutinganda tomoqda kuchli og’riq kuzatilishi bilan boshlanadi, ko’pincha og’riq quloqqa tarqaladi. Intoksikatsiyaning jiddiyligiga qarab, bosh og’rig’i, bel og’rig’i, isitma, varaja, umumiy zaiflik kuzatilishi mumkin. Umumiy qon tahlilida — neytrofil leykositoz, eozinofiliya, yuqori ECHT. Ko’pincha hududiy limfa tugunlar kattalashgan, ularning palpatsiyasi og’riqli bo’ladi, ayrim hollarda taloqning kattalashishi kuzatiladi. Bolalarda qayt qilish, meningizm fenomeni, ong chalkashishi, ich ketishi qayd qilinishi mumkin. Yumshoq tanglay, bodomsimon bezlarning giperemiyasi kuzatiladi, ularning yuzasida ko’plab dumaloq, biroz ko’tarilib turgan sarg’ish yoki sarg’ish-oq nuqtalar ko’rinadi. Kasallikning davomiyligi 5-7 kun.
Lakunar angina
Lakunar angina follikulyar anginaga o’xshash alomatlar bilan kechadi, ammo ular og’irroq bo’ladi. Kattalashgan bodomsimon bezlarning giperemiyalangan yuzasi fonida sarg’ish-oq karash paydo bo’ladi. Kasallikning davomiyligi 5-7 kun. Ba’zi hollarda follikulyar yoki lakunar angina fibrinoz angina tipi bo’yicha rivojlanishi mumkin, bunda parda hosil bo’lishi uchun asos yorilgan yiringlagan follikula hisoblanadi yoki lakunar anginada fibrinoz parda lakuna teshigidagi epiteliy nekrotizatsiyasi sohasidan tarqaladi.
Fibrinoz angina
Fibrinoz angina bodomsimon bezlardan ham tashqariga chiqishi mumkin bo’lgan yagona yaxlit oqimtir-sarg’ish karash shakllanishi bilan tavsiflanadi. Bunday tipdagi angina lakunar shakldan rivojlanishi yoki kasallikning dastlabki soatlaridanoq yaxlit parda mavjudligi bilan mustaqil ravishda kechishi mumkin. Ikkinchi holatda, yuqori harorat, varaja, umumiy intoksikatsiyaning og’ir belgilari, ba’zida bosh miya shikastlanishi belgilari bilan kechishi xarakterlidir.
Flegmonoz angina (intratonzilyar abstsess)
Flegmonoz angina nisbatan kam uchraydi. Uning rivojlanishi bodomsimon bezning yiringli erishi bilan bog’liq. Shikastlanish odatda bir tomonlama bo’ladi. Bez kattalashgan, giperemiyalangan, sirti tarang, palpatsiyada og’riq seziladi. Ko’rik vaqida boshning majburiy holati, hududiy limfa tugunlarning kattalashishi, palpatsiyada og’riq xarakterlidir. Yutinish va gapirganda tomoqdagi og’riq, bosh og’rig’i, 39-40 °C gacha isitma, umumiy intoksikatsiya belgilaridan shikoyat mavjud bo’ladi. Tashxislash uchun faringoskopiya o’tkazilishi mumkin. Chaynov mushaklarining trizmi, tilcha va bodomsimon bezning sog’lom tarafga siljishi oqibatida og’iz bo’shlig’ining halqumga o’tish qismi assimetriyasi xarakterlidir. Yumshoq tanglayning harakatchanligi cheklangan.
Gerpetik angina
Gerpetik angina ko’pincha bolalikda rivojlanadi. Uning qo’zg’atuvchisi Koksaki virusi bo’lib, kasallik juda yuqumli, havo-tomchi va kam hollarda fekal-oral yo’l orqali o’tadi. Gerpetik angina o’tkir ravishda boshlanadi, isitma paydo bo’ladi, harorat 38-40 °C gacha ko’tariladi, yutinganda tomoqdagi og’riq, bosh og’rig’i, qorin sohasida mushak og’riqlari kuzatiladi; qayt qilish va ich ketishi bo’lishi mumkin. Yumshoq tanglay, tilcha, tanglay yoylari, bodomsimon bezlarda va halqumning orqa devorida mayda qizil pufakchalar ko’rinadi. 3-4 kundan keyin pufakchalar yoriladi yoki so’rilib ketadi, shilliq qavat normal ko’rinish oladi.
Yara-pardali angina
Yara-pardali anginaning sababi ko’pincha sog’lom odamlarning og’iz bo’shlig’ida yashaydigan og’iz bo’shlig’i spiroxetasi va urchuqsimon tayoqchalarning simbiozi hisoblanadi. Morfologik o’zgarishlar bitta bodomsimon bezning og’iz bo’shlig’ining halqumga o’tish qismi yuzasining nekrozi va yaralar shakllanishi bilan tavsiflanadi. Bemor yutinganda og’riq hissi va yot jism mavjudligidan, og’zidan yiringli hid kelishi, so’lak ajralishi kuchayishidan shikoyat qiladi. Tana harorati, odatda, ko’tarilmaydi. Qonda mo’tadil leykotsitoz. Shikastlanish tomonidagi hududiy limfa tugunlar kattalashgan bo’ladi. Kasallikning davomiyligi 1 haftadan 3 haftagacha, ba’zan esa bir necha oy davom etadi.
Ba’zi manbalarda kasallikning yana bir turi — nekrotik angina keltiriladi.
Etiologiya
Anginada 50% dan ko’proq holatlarda asosiy etiologik rol A guruh β-gemolitik streptokokkga tegishli.
- Bakteriyalar — eng ko’p uchraydigani A guruh β-gemolitik streptokokklar, kamroq hollarda stafilokokk yoki ikkalasining kombinatsiyasi.
- Viruslar — ko’proq adenoviruslar (1-9 tip), Koksaki enterovirusi, gerpes viruslari.
- Vensan spiroxetasi va urchuqsimon tayoqcha simbiozi (yara-pardali angina).
- Patologik kokklar bilan simbiozdagi Candida avoldi zamburug’lari.
Turtki bo’luvchi omillar:
- Mahalliy va umumiy gipotermiya (sovqotish);
- Mahalliy va umumiy immunitetning pasayishi;
- Bodomsimon bezlarning jarohati;
- Markaziy va vegetativ asab tizimining holati;
- Burundan nafas olishning buzilishi;
- Og’iz bo’shlig’i, burun va burun yon sinuslarda surunkali yallig’lanish jarayonlari.
Angina alomatlari
Birlamchi o’tkir tonzillitda klinik tasvir quyidagicha bo’ladi:
- Yutinish paytida tomoqda turli darajadagi og’riq;
- Umumiy intoksikatsiya belgilari;
- Giperemiya;
- Bodomsimon bezlarning shishganligi (kataral angina);
- Lakuna teshigida fibrinoz-yiringli karash (lakunar angina);
- «Yulduzli osmon» tasviri (follikulyar angina);
- Olinadigan kulrang-sariq karash va uning ostida yuzaki kam og’riydigan yaralar (yara-pardali angina);
- Hududiy limfadenit.
Angina tomoq og’rig’i va tana haroratining keskin ko’tarilishi (39-40 °C gacha, ba’zan 41 °C gacha) bilan boshlanadi. Tomoqdagi og’riq, qoida tariqasida kuchli va o’tkir, ammo mo’tadil bo’lishi ham mumkin. Limfa tugunlari kattalashadi. Ular pastki jag’ ostida yaxshi palpatsiyalanadi va og’riqli hisslar chaqiradi. Angina shuningdek, pastroq tana harorati bilan ham kechishi mumkin — 37 dan 38 °C gacha, ammo tomoqning shikastlanishi kengroq bo’ladi.
Tashxis
Differentsial tashxis
Tomoqdagi og’riq ko’pincha O’RVI da ham kuzatiladi, ayniqsa adenovirus kelib chiqishli infektsiyalarda, ammo bunda limfa tugunlarining kattalashishi nisbatan kam uchraydi.
Bodomsimon bezlarning kuchli yallig’lanishi va limfa tugunlarini doimiy ravishda kattalashishi infektsion mononukleozning asosiy belgilari hisoblanadi, buni kengaytirilgan qon tahlili bilan tasdiqlash mumkin.
Instrumental tashxislash
Kasallikni asosiy diagnostik usuli bu halqumni tekshirish — faringoskopiya, shuningdek, bemorning shikoyatlari va kasallik anamnezini baholashdir. Bundan tashqari, infektsiya turini aniqlash uchun bodomsimon bezlardan shilliq yoki yiring surtmasi olinadi. Biomaterial turli xil tahlillarga yuboriladi:
- Oziqa muhitiga ekish — bu muhitda mikroorganizmlar juda tez ko’payadi va koloniyalar hosil qiladi, bu esa ularning turini, shuningdek, sezuvchanligi va antibiotiklarga chidamliligini aniqlash imkonini beradi;
- Tezkor antigen testlar — bu maxsus ishlab chiqilgan testlar bo’lib, muayyan mikroorganizmlarning zarralariga reaktisya beradi (ko’pincha A guruh beta-gemolitik streptokokklarni aniqlash uchun ishlatiladi);
- PZR-tahlil — shilliq tarkibida mavjud bo’lgan mikroorganizmlar turini ularning DNK fragmentlari bo’yicha aniqlash imkonini beradi.
Asoratlari
Anginaning asoratlari orasida o’tkir o’rta otit, o’tkir laringit, halqum shishi, bo’yin flegmonasi, paratonzilyar abstsess, o’tkir bo’yin limfadeniti eng tez-tez uchrab turadi.
Anginaning eng xavfli asoratlari:
Erta muddatlarda:
- Halqum abstsesslari (yiring bilan to’lgan katta bo’shliqlar hosil bo’lishi);
- Bo’yinning fastsial yo’llari orqali infektsiyaning ko’krak qafasiga tarqalishi natijasida mediastinit, bosh suyagi bo’shlig’iga tarqalib, miya pardalarining yallig’lanishi (meningit) rivojlanishi;
- Infektsion-toksik shok (organizmning mikroblar hayotiy faoliyati va organizmning to’qimalari parchalanishi mahsulotlari bilan zaharlanishi);
- Sepsis («qonning zararlanishi», ya’ni infektsiyaning qonga kirishi va butun organizm bo’ylab tarqalishi);
So’nggi muddatlarda (2-4 haftadan keyin):
- O’tkir revmatik isitma;
- Glomerulonefrit (noinfektsion kelib chiqishli buyraklarning yallig’lanishi, bu salomatlikning jiddiy buzilishlariga, jumladan, buyrak yetishmovchiligiga olib keladi).
Davolash
Asosiy tavsiyalar: antibiotiklar qabul qilish, kasallikning dastlabki kunlarida yotoq tartibi, qo’zg’atmaydigan, yumshoq va oziqali parhez, vitaminlar, ko’p suyuqlik ichish.
- Bakterial anginani davolashda turli xil antibiotiklar va sintetik antimikrob preparatlar (mikrobning sezgirligiga va bemorning dorilarga reaktsiyasiga qarab), sprey yoki aerozol, shuningdek tabletka, shimish uchun pastilkalar shaklida chiqariladigan turli mahalliy antiseptiklardan foydalaniladi.
- Zamburug’li anginani davolashda (bunday kasallik asosan Candida avlodiga mansub zamburug’lar tomonidan chaqiriladi) zamburug’larga qarshi dorilar qo’llaniladi. Zamburug’li angina ko’pincha antibiotiklar bilan uzoq muddatli davolanishdan so’ng paydo bo’ladi.
38 darajadan yuqori haroratlarda isitma tushiruvchi vositalar buyurilishi mumkin. Bakterial etiologiyali anginada ko’p hollarda kokkal floraga (streptokokklar va stafilokokklar) nisbatan faollikka ega bo’lgan antibiotiklar belgilanadi, davolash kursi kamida 7 kun davom etadi. A guruh streptokokkli infektsiyada antibiotiklarning maqsadi asorat sifatida rivojlanishi mumkin bo’lgan revmatik isitmani oldini olishdir.
Dalillar bazasi yo’qligi sababli keng reklama qilinadigan «immunomodulyatorlar» va «barcha O’RVI`larga qarshi antivirus preparatlar» na O’RVI, na viruslar tomonidan chqirilgan tonzilit va faringitga qarshi yordam beradi.
Anginada achchiq, qattiq va o’ta issiq taomlar tanovul qilish tavsiya etilmaydi. Tomoqni chayish uchun iliq kuchsiz tuz eritmasini ishlatish yaxshiroq. Bu muolaja kasallikning so’nggi bosqichlarida ham samaralidir. Shifokor esa, o’z navbatida antibakterial vositalar bilan chayishni tavsiya qiladi, masalan Furatsilin, Rivanol, Elyudril eritmalari.
Ba’zan davolash ta’siri tezda seziladi va bemor o’zini 3-4 kunga kelib yaxshi his eta boshlashi mumkin, ammo bu vaqtda davolanishni to’xtatish va ishga yoki o’qishga borish qat’iyan taqiqlanadi. Chunki bu vaqtda yallig’lanish jarayoni hali to’liq yakunlanmagan, organizmning ko’plab tizimlari hali zaif yoki qayta qurilish holatida bo’ladi (shu jumladan immunitet ham). Agar aksincha, ya’ni bemorning ahvoli yaxshilanmasa yoki og’riqlarning kuchayishi, isitmaning barqaror bo’lishi, ovozning bo’g’ilishi yoki boshqa noqulayliklar kuzatila boshlansa, bunda zudlik bilan shifokorning qo’shimcha konsultatsiyasi talab etiladi.
Anginada otorinolaringolog (LOR) yoki terapevtga murojaat qilinadi.
Anginani xaloqna vositalar yordamida davolash
Kasallikning endi boshlanishida yarimta limonni po’sti bilan sekin chaynash kerak. So’ng bir soat davomida hech narsa iste’mol qilmaslik lozim, bu limonning efir moylari va limon kislotasiga o’z vazifasini bajarishga imkon beradi. Yangi limon o’rniga 30%li limon kislotasi eritmasidan foydalanish mumkin, bunda tomoq eritma bilan kun davomida har soatda chayib turiladi.
Boshqa vositalarga:
- Chayish va ingalyatsiya uchun o’simliklardan aralashma: 2 qism moychechak gullari, 4 qism mavrak barglari, 3 qism evkalipt barglari, 2 qism yalpiz barglari, 2 qism tog’jambil barglari, 3 qism qarag’ay qubbalari, 4 qism andiz ildizi aralashtiriladi. 3 osh qoshiq aralashmaga yarim litr qaynoq suv quyiladi, 3-4 daqiqa qaynatiladi, so’ng iliq eritma bilan tomoq chayiladi. Bu tarkib ingalyatsiya uchun ham ishlatilishi mumkin.
- Tomoq og’rig’ida bir stakan qaynoq suvga yarim choy qoshiqdan tuz va iste’mol sodasi va bir necha tomchi yod eritmasi solinib, aralashtiriladi. Bu eritma bilan tomoq chayiladi.
- Achchiq choy damlanib, chidash mumkin bo’lgan haroratgacha sovutiladi. Bir qoshiq tuz solib, aralashtiriladi. Eritma bilan kun davomida bir necha marotaba tomoq chayiladi. Bu vosita yiring to’planganda uni chiqarish uchun samarali hisoblanadi.
- Propolis chaynash har qanday turdagi anginada yaxshi samara beradi. Ovqatdan so’ng o’lchami tirnoqdek bo’lgan propolis bo’lakchalarini chaynash kerak. Bir kunda taxminan 5 gramm propolis yeyiladi. Yaxshi propolisni eskisi yoki kuchsizidan farqlash uchun shuni bilish kerakki, yangi propolis chaynalganda og’izda biroz achishish va tilning karaxt bo’lishi seziladi.
- Piyoz go’sht qiymalagichdan chiqariladi yoki juda mayda qilib kesiladi. Hosil bo’lgan bo’tqa yoyiq idishga qo’yilib, uning ustida 2-3 daqiqa og’iz orqali nafas olinadi, kuniga 3 marta takrorlash kerak. Bunda yangi tayyorlangan bo’tqa kerak, chunki ochiq havoda uning tarkibidagi fitonsidlar 10-15 daqiqadan so’ng o’zining shifobaxsh xususiyatlarini yo’qotadi.
- Bir bosh sarimsoq kesib, idishga solinadi, ustidan 1 litr suv quyiladi va olovga qo’yiladi, suv qaynay boshlagach, bir choy qoshiq iste’mol sodasi qo’shilib, aralashtiriladi, olovdan olinadi va ingalyatsiya (boshni idish ustiga olib kelib, boshni idishga qo’shib yopib nafas olish) qilinadi. Kuniga 3 marta takrorlash kerak.
- Na’matak damlamasi, asal va limon qo’shilgan choylar umummustahkamlovchi vositalar va suyuqlik manbai sifatida yordam beradi.
Muhim: uy sharoitida mustaqil davolanish tavsiya etilmaydi, vositalarni qo’llashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish kerak, aks holda jiddiy asoratlar yuzaga kelishi mumkin.
Oldini olish
Anginani oldini olish uchun surunkali infektsiya o’choqlarini o’z vaqtida sanatsiya qilish (kariesli tishlar, surunkali tonzillit, paranazal sinuslarning yiringli shikastlanishlari va hokazo), burundan nafas olish buzilishi sabablarini bartaraf qilish kerak.
Angina yuqumli bo’lishi mumkin (ayniqsa skarlatinada), shuning uchun bemorni alohida xonaga joylashtirish, xonani tez-tez shamollatib turish va nam tozalash kerak, bemor yotgan xonaga bolalar va qariyalar kirmasligi darkor. Bemor uchun alohida idish-tovoq ajratiladi va har safar ishlatilganidan so’ng u qaynatilishi yoki qaynoq suv bilan chayilishi lozim.
Kasalliklar
asoratlari., davolash, O’tkir tonzillit (angina) — sabablari, oldini olish, tashxislash