O‘tinchi yigit bilan sher to’liq malumot oling
Bir yigit dalaga o‘tin tergani chiqibdi. Bir daraxt yoniga kelib, uni yiqitmoqchi bo‘libdi. Shu payt bir sher kelib:
— Ey, odam, bu yerga nimaga kelding? — debdi.
— Mana shu terakni qulataman, — debdi yigit.
— Men shunday kuchim bilan bu terakni qulata olmayman-ku, sen qanday qilib qulatasan? — debdi sher.
— Ey, jo‘ra, men juda zo’rman, — debdi yigit o‘zini tetik tutib.
— Sen zo‘r bo’lsang, kel ikkovimiz kurashib, kuchimizni sinaymiz, — debdi sher.
— Mayli, kurashamiz, — debdi yigit o‘zini yana-da mag‘rur tutib. — Lekin kuchimning yarmi uyda qolibdi, borib olib kelay.
— Ha, borib kel, bo‘lmasa yiqilsang, kuchim uyda qolgan edi, deb tan bermay yurma yana.
Yigit kuchini olib kelmoqchi bo‘lib ketibdi-da, bir joyda bekinib turib, yana qaytib kelibdi.
— Olib keldingmi? — debdi sher.
— Olib keldim, — debdi yigit.
— Unday bo‘lsa, qani, kurashaylik, — debdi sher.
Yana ikkovi kurashmoqchi bo‘lib turganda, yigit:
— Ey, sher jo‘ra, kuchimning ozginasi yo‘lda tushib qolibdi. Topib kelay, sen qochib ketma yana, — debdi.
— Yo‘q, men qochmayman, sherning gapi bitta bo‘ladi, — debdi u.
— Yo‘q, senga ko‘nglim ishonmayapti, seni bog‘lab ketaman, — debdi yigit.
— Bog‘lay qol, — deb o‘zini bog‘latibdi sher.
Yigit sherni mahkam bog‘labdi. Taslim bo‘lgan sher yigitga iltijo qilib:
— Ey, yigit, meni qo‘yib yubor, sen bilan do‘stlashay. Aqling bilan meni yengding, senga qoyilman! — debdi.
Shundan beri o‘sha yigit bilan sher qalin do‘st ekan.
Ertaklar
O‘tinchi yigit bilan sher