O‘RVI: Bolangizning isitmasi ko‘tarilsa to’liq malumot oling

O‘RVI: Bolangizning isitmasi ko‘tarilsa to’liq malumot oling

O‘RVI: Bolangizning isitmasi ko‘tarilsa…
Mundarija скрыть

Mana, qish faslining so‘nggi oyi ham poyoniga yetmoqda. Shunga qaramay, hali mavsumiy kasalliklar butunlay chekingani yo‘q. Ayniqsa, bolalar o‘rtasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalinish holatlari tez-tez uchrab turibdi.

Aslida, bunday infeksiyalarning turlari ko‘p. Lekin ularning 99 foizida kasallik alomatlari va asoratlari deyarli bir xil. Tumov, yuqori va pastki nafas yo‘llari yallig‘lanishi, ba’zan yo‘tal, tana harorati ko‘tarilishi shular jumlasidan.

Bolalar o‘rtasida eng ko‘p uchrayotgani esa adenovirus infeksiyasidir. Ammo ayrim ota-onalar farzandida ushbu xastalik kuzatilsa, tez sarosimaga tushib qolishadi. Shoshmasharlik esa ko‘pincha noto‘g‘ri xatti-harakatlarlarga sabab bo‘ladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Abdumannon ABDUQAYUMOV shu haqdagi mulohazalarini bayon qildi.

— Ko‘pchilik ota-onalar bolada isitma chiqishini xavfli deb o‘ylaydi, — deydi shifokor. — Shu sababli ularning 80-90 foizi farzandida tana harorati ko‘tarilsa, darrov antibiotik va boshqa dorilar bilan davolashga urinadi.

Hatto o‘zboshimchalik bilan bemor bolasiga antibiotiklar beradiganlar bor. Biroq bu juda og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin. Masalan, ichak disbakteriozini keltirib chiqaradi. Ba’zi antibiotiklar esa jigarga jiddiy ziyon yetkazishi mumkin. Shu sababli ota-onalarga shifokor tavsiyasisiz farzandlariga antibiotik bermaslikni doimo uqtirib kelamiz.

Isitma haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda tana harorati 38,0, bir yoshdan oshgan o‘g‘il-qizlarda esa 38,5 darajagacha ko‘tarilmasa, hech qanday dori vositalari berish tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, antibiotiklar virusli infeksiyalarda umuman natija bermasligini eslatib o‘tmoqchiman.

Aksincha, ularni noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida bola salomatligiga jiddiy zarar yetishi mumkin. Shu bois antibiotikni faqat shifokor tavsiyasi bilangina olish lozim.

Tana haraorati ko‘tarilganda tez-tez iliq suv yoki boshqa suyuqliklar ichirish tavsiya etiladi. Sababi, isitma chiqqanda, organizmdan katta miqdorda ter ajralib, tana suyuqlik yo‘qotadi. Shuning uchun bolaga ko‘proq suyuqlik ichirish maqsadga muvofiq.

Aslida, tana harorati 38,5 darajagacha ko‘tarilishi organizmning kasallikka qarshi kurashayotganidan dalolat beradi. Ya’ni, organizmga infeksiya tushganida isitma ko‘tarilishi normal holatdir.

Agar bolada isitma 38,5 darajadan oshsa, unga paratsetamol yoki ibuprofen berish tavsiya etiladi. Bu dorini 3 kun qo‘llash mumkin. Agar shu vaqt ichida bolaning umumiy ahvolida ijobiy o‘zgarish bo‘lmasa, darhol oilaviy shifokorga murojaat qilish zarur.

©ssvuz

@Bolalarshifokori1

Kasalliklar
O‘RVI: Bolangizning isitmasi ko‘tarilsa