Oq qon kasalligi (leykemiya): turlari, belgilari, tashxis, davolash, asoratlari, tadqiqotlar
Leykemiya (leykoz) yoki oq qon kasalligi — qon hujayralarining saratoni. Leykemiyada suyak iligida anomal qon hujayralari ishlab chiqariladi. Odatda, kasallik infeksiya bilan kurashish uchun mas’ul bo’lgan leykotsitlarning g’ayritabiiy turlari ishlab chiqarilishi bilan ifodalanadi. Oq qon kasalligida anomal hujayralar normal leykotsitlar kabi vazifalarni bajarmaydi.
Saraton hujayralari o’sib boradi va faol bo’linadi, qolgan qon hujayralari harakatiga xalaqit beradi. Natijada organizmning infektsiyalarga qarshi kurashish qobiliyatining pasayishi, qon ketishini nazorat qilish yo’qolishi va kislorod tashish qiyinchiligi kuzatiladi.
Oq qon kasalligining umumiy turlari
Patologiya qanday tezlikda rivojlanishi va qanday g’ayritabiiy hujayralar paydo bo’lishiga asoslanib bir nechta turga bo’linadi. Leykemiyaning to’rt eng keng tarqalgan turiga quyidagilar kiradi:
- O’tkir limfositar leykoz (O’LL);
- Surunkali limfositar leykoz (SLL);
- O’tkir mieloid leykoz (O’ML);
- Surunkali mieloid leykoz (SML.
Kasallik tez rivojlansa, o’tkir oq qon kasalligi deb ataladi (shuningdek, o’tkir limfoblast leykoz). O’tkir leykoz bolalarda keng tarqalgan, lekin kattalarga ham ta’sir qilishi mumkin. Ko’p sonli leykotik hujayralar qonda va ilikda tez to’planib qoladi va natijada infektsiyalarga tez chalinish, charchoq, tanadagi ko’karishlar kabi belgilar kuzatiladi. Kasallikning o’tkir shakli tezkor terapiyani talab qiladi.
Vaqt o’tishi bilan surunkali oq qon kasalligi rivojlanadi, odatda u 55 yoshdan oshganlarga ta’sir qiladi. Bolalar va o’smirlarda deyarli kuzatilmaydi. Ushbu turdagi patologiya rivojlanishi boshlanishida aniq belgilar sezilmaydi. Agar davo choralari mavjud bo’lmasa, oxir-oqibat o’tkir leykozdagi kabi alomatlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Patologik hujayralar turiga qarab mieloid (yoxud o’tkir mielotik) yoki limfoid leykemiya turlari tasniflanadi. Qon hujayralari normal rivojlanishining asosiy tushunchasi turli xil leykozlarni aniqlash uchun zarur. Oddiy qon hujayralari o’zak hujayralaridan paydo bo’ladi, bu hujayralarning ko’p turlari bo’lishi mumkin.
Mieloid suyak iligidagi o’zak hujayralardan yetilib, mieloid blast deb ataladigan yetilmagan oq qon hujayralari bo’lib qoladi. Ushbu mieloid blastlar yetilgach, qizil qon hujayralari, trombotsitlar yoki ba’zi bir leykotsitlar turiga aylanadi.
Limfoid o’zak hujayralari suyak iligida yetilib, limfoid blastga aylanadi. Limfoid blastlar T-limfotsitlarga yoki maxsus leykotsitlarga aylanadi. Mieloid leykozlar mieloid blastlardan kelib chiqqan hujayralardir, limfoid leykoz esa limfoid blast hujayralardan paydo bo’ladi. Leykemiya bilan bog’liq hujayra turini bilish — to’g’ri davolash usulini tanlashda muhim ahamiyatga ega.
Leykemiyaning kamroq uchraydigan turlari:
- Tukli hujayrali leykemiya — surunkali shaklining bir turi;
- Surunkali mielomonositar leykemiya — mieloid hujayralardan rivojlanadigan turi;
- Yosh mielomonositik leykemiya — 6 yoshgacha bo’lgan bolalarda keng tarqalgan mieloid leykoz turi;
- Katta donador limfositar leykoz.
Leykoz sabablari
Leykemiyaning aniq sababi noma’lum, ammo u genetik va ekologik omillarning kombinatsiyasini o’z ichiga oladi. Leykemiya hujayralari o’z DNK`larida mutatsiyalar hosil qilib, ular anomal tarzda o’sib ketadi va odatiy leykositlar funktsiyasini yo’qotadi. Ushbu mutatsiyaga nima sabab bo’lganligi noma’lum. Leykemiyaga xos bo’lgan hujayra DNK`ning bir xil turi xromosomalarning translokatsiyasi deb nomlanadi.
Ushbu jarayonda bir xromosomaning qismi uziladi va boshqa xromosomalarga qo’shiladi. SML`ning deyarli barcha hollarida, ba’zan esa boshqa oq qon kasalligi turlarida kuzatilgan bir translokatsiya 9 va 22 xromosomlalar orasida DNK almashinuvidir. Ushbu jarayon Filadelfiya xromosomasi deb ataladigan holatga olib keladi. Bu BCR-ABL deb ataladigan onkogen (saratonni rivojlantiruvchi gen) hosil qiladi. DNK`ning bu o’zgarishi nasldan naslga o’tmaydi, biroq inson hayotiga ta’siri bo’ladi.
Ko’pchilik leykemiya hollari nasliy bo’lib hisoblanmaydi, ammo ayrim genetik mutatsiyalar va sharoitlar avlodlarga uzatilishi mumkin. Li-Fraumeni sindromi deb ataladigan holat TP53 deb ataladigan o’simta supressor genida nasldan olingan mutatsiya bilan tavsiflanadi va bu holatda odamlarda leykemiya va boshqa saraton turlariga chalinish xavfini oshiradi. Boshqa xavf tug’diradigan irsiy kasalliklarga Daun sindromi, 1-toifa neyrofibromatoz, ataksiya telangiektaziya va Noonan sindromi kiradi.
Xavf omillari
Ma’lumki, radiatsiyaviy ta’sir oq qon kasalligi rivojlanishi xavfini oshiradi. Yadroviy hujumidan so’ng omon qolgan odamlar orasida leykemiya uchrash ko’rsatkichi yuqori ekanligi qayd qilingan. Bundan tashqari, boshqa xavf omillari qatorida quyidagilar ham mavjud:
- Saratonni davolash uchun radiatsiya;
- Ba’zi kimyoviy moddalar, shu jumladan benzol (kimyoviy sohada keng qo’llaniladi) ta’siri;
- Chekish.
Mielodisplastik sindrom sifatida ma’lum bo’lgan qon kasalliklari O’ML rivojlanish xavfini oshiradi. Inson T-hujayrasidagi leykemiya 1 (HTLV-1) — bu noyob turdagi leykemiyaga olib keladigan virus. Saratonga qarshi ba’zi kimyoterapevtik dorilar ham patologiya rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.
Xavf omillarining mavjudligi, odamning oq qon kasalligiga chalinishini anglatmaydi va xavf omillari ko’p bo’lgan odamlar hech qachon kasallanmasligi ham mumkin. Xuddi shu tarzda, leykemiyaga duchor bo’lgan har bir kishi ham aniq bir xavf omili ta’siriga tushmaganligini holatlari ham qayd qilingan.
Leykemiya belgilari va alomatlari
Leykemiyaning belgilari kasallikning turiga bog’liq. Yuqorida ta’kidlab o’tilganidek, asta-sekin o’sayotgan yoki surunkali leykemiya dastlabki paytlarda biron-bir belgi namoyon qilmaydi, agressiv yoki tez o’sayotgan turi og’ir alomatlarga olib kelishi mumkin. Uning belgilari qon hujayralarining (shaklli elementlarining) funktsiyasini yo’qotishdan yoki organizmdagi g’ayritabiiy hujayralarni to’planishidan paydo bo’ladi.
Oq qon kasalligining belgilari va alomatlari odatda quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Isitma;
- Kechki terlash;
- Odatda og’riqsiz kattalashgan limfa tugunlari;
- Charchoq hissi;
- Yengil qon ketish;
- Teri ustida moviy yoki binafsharang dog’lar;
- Takroriy burun qonashi;
- Tez-tez infektsiyalarga duchor bo’lish;
- Suyak yoki bo’g’imlardagi og’riq;
- Tana vaznining kamayishi yoki ishtahaning yo’qolishi;
- Qorin og’rig’i yoki shishishiga olib kelishi mumkin bo’lgan taloq yoki jigarning kattalashishi;
- Terida qizil dog’lar.
Agar leykoz hujayralari miyaga kirsa, bosh og’riqlar, tutqanoq, o’ng chalkashligi, mushaklarni nazorat qilishning pasayishi va qayt qilish kabi alomatlar paydo bo’lishi mumkin.
Tashxislash
Gematologlar — qon kasalliklarini, shu jumladan leykemiyani diagnostikasi va terapiyasiga ixtisoslashgan tibbiyot mutaxassislaridir. Ushbu kasallikni davolash bilan gematolog-onkologlar shug’ullanishadi.
Kasallikni tashxislash tibbiy tarix (alomatlar va xavf omillari bilan bog’liq savollar) va jismoniy tekshiruvdan tashqari, odatda qon namunasining laboratoriya tekshiruvlarini ham o’z ichiga oladi.
Qon hujayralarining anomal miqdori oq qon kasalligini ko’rsatishi mumkin, bunda qon mikroskop ostida chuqurroq tekshiriladi. Tashxislash uchun suyak iligi namunasi olinishi mumkin. Suyak iligi biopsiyasi mahalliy og’riqsizlantirish yordamida, son suyagi ichiga qalin, naysimon igna kiritilib olinadi.
Agar leykemiya hujayralari aniqlansa, qon va suyak iligi namunasi qo’shimcha ravishda sinovdan o’tkaziladi. Ushbu qo’shimcha testlarda genetik o’zgarish va saraton hujayralari tomonidan hujayra yuzasining ma’lum belgilarini ifodalash ko’rib chiqiladi. Ushbu testlarning natijalari kasallikni tasniflash va optimal davolanish to’g’risida qaror qabul qilish uchun ishlatiladi.
MRT va KT tekshiruvi ayrim bemorlarda kasallikning darajasini aniqlashda ishlatilishi mumkin.
Oq qon kasalligini davolash
Oq qon kasalligini davolashga turli xil tibbiy yondashuvlar mavjud. U odatda, leykemiya turiga, bemorning yoshi va sog’ligi holatiga, shuningdek, patologik hujayralar orqa miya suyuqligiga o’tgan-o’tmaganligiga bog’liq. Laboratoriyada aniqlangan leykemik hujayralarning genetik o’zgarishlari yoki o’ziga xos xususiyatlari, shuningdek, eng mos keladigan davolash turini ham aniqlaydi.
Sergaklik surunkali leykemiya bilan og’rigan ayrim odamlar uchun davolash usuli bo’lishi mumkin. Buning mohiyati salomatlikni diqqat bilan kuzatishdir, shunda terapiya kasallikning dastlabki bosqichlaridayoq boshlanishi mumkin. Sergaklik bemorga davolanishning nojo’ya ta’siridan xalos bo’lish va asoratlarni oldini olish imkonini beradi.
Oq qon kasalligini davolash kimyoterapiya (asosiy usul), nurlanish bilan, biologik, o’zak hujayrani ko’chirib o’tkazish va maqsadli davolashni o’z ichiga oladi. Ushbu usullar kombinativ ravishda qo’llansa ham bo’ladi. Taloq kattalashgan bo’lsa, uning bir qismi jarrohlik yo’li bilan olib tashlanishi mumkin.
O’tkir leykemiyani davolashning maqsadi remissiya (tanadagi leykemiya hujayralarining yo’qligi)ni keltirib chiqarishdir. Remissiyadan keyingi terapiya oq qon kasalligi takrorlanishining oldini olish uchun buyuriladi. Bunga konsolidatsiya yoki parvarishli davolash kiradi. O’tkir oq qon kasalligi ko’pincha to’liq davolanishi mumkin.
Surunkali leykemiyaning davosi yo’q, ammo terapevtik choralar ko’pincha saraton kasalligini nazorat qiladi va alomatlarni boshqaradi. Surunkali leykemiya bo’lgan ayrim odamlar o’zak hujayralari transplantatsiyasi uchun nomzod bo’lishi mumkin, bu tuzalib ketish imkoniyatini beradi.
Ko’p holatlarda davolash usullarini o’ylab ko’rish va muhokama qilish uchun vaqt mavjud bo’ladi, bu davolanishning samarasiga ta’sir qilmaydi. Ammo juda kam holla rda o’ta agressiv leykozlarda terapiya darhol boshlanadi.
Kimyoterapiya
Kimyoterapiya — bu oq qon yoki boshqa saraton hujayralari singari tez tarqalgan hujayralarni o’ldiradigan dori vositasi. U tabletka shaklida og’iz orqali tatbiq etilishi yoki to’g’ridan-to’g’ri kateter yoki igna orqali vena ichiga yuborilishi mumkin. Odatda, bir nechta preparatning kombinatsiyasini o’z ichiga olgan birlashgan kimyoterapiya buyuriladi. Dori ma’lum vaqt oralig’i bilan yuboriladi.
Ba’zan leykemiyaga qarshi kimyoterapevtik preparat orqa miya suyuqligi ichiga to’g’ridan-to’g’ri yuboriladi.
Kimyoterapiyaning nojo’ya ta’siri, qabul qilingan maxsus dorilarga va dozaga bog’liq. Ularga misol qilib quyidagilarni keltirish mumkin:
- Soch to’kilishi;
- Ko’ngil aynishi;
- Qusish;
- Tomoqda yaralar paydo bo’lishi;
- Ishtaha yo’qolishi;
- Charchoq;
- Osonlikcha qon ketishi va tet-tez kasalliklarga chalinish.
Nojo’ya ta’sirga qarshi kurashishda yordam beradigan dorilar mavjud. Ba’zi hollarda bu muolaja erkak va ayollarda tuxumdonlar va moyaklar zararlanishiga, oqibatda bepushtlik yuzaga kelishiga sabab bo’ladi.
Biologik terapiya
Biologik terapiya — tirik organizmlar, tirik organizmlardan olingan moddalar yoki saraton kasalligini davolash uchun ushbu moddalarning sintetik variantlari qo’llaniladigan terapiya usulidir. Ushbu preparatlar immunitet tiziminining anomal hujayralarni taniydi va ularga hujum qiladi. Biologik terapiya antitanalar, vaktsinalar yoki sitokinlarni (immun tizimini nazorat qilish uchun organizmda ishlab chiqarilgan moddalar) o’z ichiga olishi mumkin.
Monoklonal antitanalar ma’lum bir hujayralar bilan ta’sirlashadigan antitanalar bo’lib, ko’plab saratonlarni davolash uchun ishlatiladi. Leykemiya holatida ishlatiladigan monoklonal antitanaga misol, B-hujayralarining surunkali limfositar leykemiya (SLL) hujayralarida topilgan CD52 oqsilini yo’qotuvchi alemtuzumabdir. Interferonlar — terapiyada ishlatiladigan kimyoviy moddalardan biri.
Biologik davolashning nojo’ya ta’siri odatda kimyoterapiyaga qaraganda ancha kam bo’ladi va inyektsiya hududida toshma yoki shish paydo bo’lishi bilan cheklanadi. Boshqa nojo’ya ta’sirlarga bosh og’rig’i, mushak og’rig’i, isitma yoki charchoq kiradi.
Maqsadli davolash
Maqsadli terapiya — bu saraton hujayralarining ma’lum bir xususiyatiga yoki funktsiyasiga ta’sir o’tkazadi. Bu davolash usuli barcha tez o’sayotgan hujayralarni o’ldirish hususiyatiga ega emas. Bu degani, maqsadli terapiyada sog’lom hujayralar kimyovterapiyaga qaraganda kamroq nobud bo’ladi. Maqsadli terapiya hujayraning o’sishi to’xtab qolishiga va rivojlanish tezligining pasayishiga olib kelishi mumkin. Bu saraton o’sishi yoki tarqalishini rag’batlantiradigan maxsus molekulalarga ta’sir otkazadi.
Monoklonal antitanalar ham(yuqorida biologik terapiya bo’limida aytilgan) saraton hujayralari yuzasida muayyan maqsadli oqsil bilan bog’lanish va o’zaro ta’sir qilishi tufayli maqsadli terapiya hisoblanadi. Imatinib va Dasatinib preparatlari SML va boshqa ba’zi saratonlarni davolashda ishlatiladigan maqsadli terapiya misollaridir. Ushbu dorilar BCR-ABL genining transkriptsiyasi bilan hosil qilingan saratonni rivojlantiradigan oqsilga qarshi mo’ljallangan.
Maqsadli terapiya tabletkalar shaklida yoki inyektsiya yo’li bilan yuboriladi. Nojo’ya ta’siri shishish va to’satdan tana vaznining pasayishini o’z ichiga olishi mumkin. Boshqa nojo’ya ta’sirlar orasida ko’ngil aynishi, qusish, diareya, mushak tutqanog’i yoki toshma toshishi uchrashi mumkin.
Radiatsion terapiya
Radiatsiya (nurlanish) terapiyasi saraton hujayralari uchun yuqori energiyali nurlanishdan foydalanadi. Radiatsiya terapiyasi miyaga tarqalgan leykemiyani davolash uchun yoki taloqni yoki patologik hujayralari to’plangan boshqa hududlarni davolash uchun ishlatilishi mumkin.
Bunday davo chorasi ham nojo’ya ta’sirga ega, ammo ular doimiy emas. Nojo’ya ta’siri muolaja ko’rsatilayotgan joyga bog’liq. Masalan, qoringa qaratilganda radiatsiya, ko’ngil aynishi, qusish va diareyaga sabab bo’lishi mumkin. Har qanday radiatsiya terapiyasi bilan davolash qilingan sohada terisi qizarishi va quruqlashishi mumkin. Muolajadan keyin charchoq kuzatiladi.
O’zak hujayralarini ko’chirib o’tkazish
O’zak hujayralarini transplantatsiya qilish uchun yuqori dozalarda kimyoterapiya va / yoki radiatsiya bilan leykemiya hujayralarini normal suyak iligi hujayralari bilan birga o’ldirishni talab qiladi. Sog’lom o’zak hujayralari suyak iligiga o’tadi va yangi qon hujayralarini ishlab chiqarishni boshlaydi.
Autologik o’zak hujayralarini transplantatsiya qilishda bemorning o’z o’zak hujayralarini olinib, leykemiya hujayralaridan ozod qilinadi. Keyin suyak iligi yana suyakka qaytariladi.
Allogen o’zak hujayralarini transplantatsiya qilishda donor tomonidan olingan o’zak hujayralaridan foydalanadi. Odatda, ular turli usullar bilan qondan olinadi, biroq suyak iligi yoki kindik ichakchasidagi qondan olinishi ham mumkin.
O’zak hujayralarini transplantatsiya qilish shifoxonada o’tkaziladi va bir necha hafta davomida kasalxonada qolish kerak bo’ladi. Amaliyotning xavfi normal qon hujayralarining kamayishi oqibatida infektsiya va qon ketishini o’z ichiga oladi.
Donor hujayralar bilan o’zak hujayralarini transplantatsiya qilish xavfi graft versus host kasalligi (donordan ko’chirib o’tkazilgan hujayralar retsipient organizmini «begona»qilishi) (GVHD) deb nomlanadi. GVHD`da donor leykotsitlari oddiy kasallik to’qimalariga ta’sir o’tkazadi. GVHD yengil yoki juda og’ir bo’lishi mumkin va ko’pincha jigar, teri yoki oshqozon-ichak traktiga ta’sir qiladi. GVHD transplantatsiya qilinganidan keyin, hatto yillar o’tgach ham paydo bo’lishi ehtimoli mavjud. Bu asoratni bartaraf etish uchun immunitetni zaiflashtiradigan steroidlar yoki preparatlar ishlatilishi mumkin.
Yordam jarayonlari
Oq qon kasalligini davolash usullari sog’lom hujayralarni shikastlaganligi uchun yordamchi davolash talab qilinishi mumkin. Tibbiy yoki radiatsion terapiyaning nojo’ya ta’sirini yengillashtiradigan va yengib o’tishga yordam beradigan boshqa qo’shimcha choralar ham talab etiladi.
Leykemiya bilan og’rigan bemorlar uchun ishlatilishi mumkin bo’lgan davolash va profilaktika choralari quyidagilardan iborat:
- Gripp va pnevmoniyaga qarshi vaktsinalar;
- Qon quyish;
- Ko’ngil aynishga qarshi dorilar;
- Infektsiyalarni davolash yoki oldini olish uchun antibiotiklar yoki antivirus preparatlar;
- Infektsiya bilan kurashish uchun immunoglobulinlarni tomir ichiga yuborish;
- Oq qon tanachalari o’sish omillarini kiritish, ularning ishlab chiqarilishni rag’batlantirish;
- Qizil qon hujayralari (darbepoetin alfa yoki epoetin alfa) ishlab chiqarishni rag’batlantirish uchun qizil qon hujayralari o’sish omillari kiritish.
Leykoz asoratlari
Kasallikning ko’plab asoratlari qondagi hujayralar sonining o’zgarib ketishi bilan bog’liq. Ozib ketish va anemiya — qo’shimcha asoratlaridir. Har qanday leykemiyaning asoratlari davolashda remissiyaga erishilgandan so’ng kasallikning qaytalanishi yoki rivojlanishini o’z ichiga oladi.
Boshqa asoratlar kasallikning muayyan turi bilan bog’liq. Masalan, SLL hujayralarining 3% — 5% tabiatini o’zgartirish va agressiv limfomaga aylanishi mumkin. Bunga Rixter transformatsiyasi deyiladi. Autoimmun gemolitik anemiya organizmda eritrotsitlarning shikastlanishi hisoblanib, SLL`ning boshqa ehtimoliy asoratidir. SLL bilan og’rigan bemorlarda ikkinchi saraton va boshqa qon kasalliklariga chalinish ehtimoli mavjud.
O’simta lizisi sindromi — bu o’tkir davolanish davrida saraton hujayralarining tez o’limidan kelib chiqadigan holat. Bu deyarli har qanday turdagi leykozda sodir bo’lishi mumkin, va bu ayniqsa, O’MLda ko’proq namoyon bo’ladi. Leykemiya hujayralarining tez vayron bo’lishi ko’p miqdorda fosfatning ajralishiga kuzatiladi, bu esa metabolik kasalliklarga va qo’shimcha ravishda buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Oq qon kasalligidan davolanayotgan bolalarda keyinchalik ba’zi asoratlar, jumladan o’sishning kechikishi, bepushtlik, markaziy nerv sistemasining zararlanishi, katarakta va boshqa saraton xavfi uchrashi mumkin. Ushbu kech ta’sirlarning uchrash ehtimoli bolaning yoshiga va davolashning turi va kuchligiga qarab o’zgaradi.
Leykemiya haqida ma’lumotlar
Oq qon kasalligi mavjud bo’lganda davolanish va asoratlar kasallik turiga, bemorning yoshiga va sog’lig’iga bog’liq bo’ladi. Leykemiya uchun o’lim ko’rsatkichi yoshlar va bolalarga nisbatan yoshi kattaroqlarda yuqoriroq. Ko’p hollarda u mavjud davolash usullari bilan nazorat qilinishi yoki to’liq davolanishi mumkin.
Zamonaviy davolash usullari 1960-yildan buyon yashovchanlik ko’rsatkichlarini to’rt barobar ko’payishiga olib keldi. Hozirda bemorlarning 83 foizida kamida besh yillik yashovchanlik ko’rsatkichi qayd qilinmoqda.
Qaytalanishi
Leykemiyaning qaytalanish ehtimoli leykemiya turiga, saraton hujayralarining molekulyar xususiyatlariga va boshlang’ich terapiyaga nisbatan bemor organizmining javob reaktsiyasiga bog’liq. Ba’zi o’tkir leykozlar muvaffaqiyatli davolanadi va bemorda kasallik hech qachon takrorlanmaydi. SLM kabi leykemiyalarda doimiy qaytalanishlar kuzatiladi va davolash asosan alomatlarni boshqarishga qaratiladi.
Oq qon kasalligini oldini olish
Leykemiya rivojlanayotgan odamlarning aksariyati ma’lum bir xavf omiliga ega emas va odatda leykemiyani oldini olib bo’lmaydi. Radiatsiya yoki benzol kabi ayrim xavf omillarini kamaytirish mumkin, ammo bu leykozning oldini olishni kafolatlamaydi.
O’tkazilayotgan tadqiqotlar
Leykemiya biomedikal tadqiqotlarning faol maydonidir. Mavjud tadqiqotlar kasallik xavf omillari va sabablarini o’rganadi, shuningdek yangi va takomillashtirilgan davolash usullarini kashf etadi.
Klinik tadqiqotlar yangi preparatlar yoki dori vositalarining yangi tarkibi va mavjud davolash usullarini o’rganish bo’yicha olib boriladi. Hozirgi vaqtda yangi maqsadli, biologik va kimyoterapiya rejimlarini sinash uchun testlar o’tkazilmoqda.
Kasalliklar
asoratlari., belgilari, davolash, Oq qon kasalligi (leykemiya): turlari, tadqiqotlar, tashxis