Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur bo`lgan dori vositalari O`zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin
Prezident Shavkat Mirziyoev huzuridagi yig`ilishda farmasevtika tarmog`idagi loyihalar ko`rib chiqildi.
So`nggi olti yilda bu sohada jami 527 million dollarlik 177 ta loyiha ishga tushirilgan. Xorijiy investisiyalar 9 barobarga ortib, 35 ta korxona xalqaro GMP standartini joriy etgan. Natijada ishlab chiqarish 3 barobarga, eksport 5 barobarga oshgan.
Lekin mahsulotlar bozorini topish, sifat va raqobat borasida masalalar ko`pligi sababli o`tgan yili ishlab chiqarish hajmi biroz kamaygan. Import esa oshgan.
Shu bois yig`ilishda farmasevtika sohasida qo`shimcha loyihalar ishlab chiqish hamda korxonalarni qo`llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, tarmoqda umumiy qiymati 725 million dollarlik 207 ta loyihani amalga oshirish, shundan 68 tasini bu yil ishga tushirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari tadbirkorlarga kredit yukini engillashtirish zarurligini ta`kidladi. Shuning uchun Asaka bank loyihalarning 25 foizgacha qismiga o`z ulushi bilan kirib, investor sifatida ishtirok etishi belgilandi. Mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish va aylanma mablag` bilan ta`minlashga 300 million dollar uzoq muddatli kredit resurslari jalb qilinadi. Bank huzurida farmasevtika loyihalari markazi ochilib, tadbirkorlarga yordam ko`rsatadi.
Kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni qo`llab-quvvatlash hisobiga, 400 turdagi yangi mahsulotlarni o`zlashtirish va 670 million dollarlik import o`rnini qoplash mumkinligi aytildi. Buning uchun korxonalarga 18 oygacha muddatda 1 million dollargacha “revolver” kredit, eksportchilarga tushum sug`urtasini garovga olgan holda 2 million dollargacha kredit beriladi.
Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur bo`lgan dori vositalari va moddalarni xorij texnologiyasi asosida yurtimizda ishlab chiqarish imkoniyati ko`rsatib o`tildi. Sohadagi ko`plab korxonalarni GMP sertifikati talablariga moslashtirish vazifasi qo`yildi.
Toshkent farmasevtika klasteridagi loyihalarni jadallashtirish bo`yicha topshiriqlar berildi.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur bo`lgan dori vositalari O`zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkin