Ona tiliga muhabbat vatanga bo’lgan muhabbatdir to’liq malumot oling
Davlat tiliga bo‘lgan e’tibor mustaqillikka bo‘lgan e’tibor, davlat tiliga ehtirom va sadoqat ona Vatanga ehtirom va sadoqatdir!
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Ona tili – millatning ruhidir. Til – davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi.
Mundarija
скрыть
Tarixga nazar solsak, Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Agar o‘shanda til to‘g‘risida qonun qabul qilinmaganda edi, o‘zbek tili ham tarix saxifalaridan joy olgan bo‘larmidi?!.
Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi.
Shukrkim, milliy tilimizga bo‘lgan e’tibor va hurmatni Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida yana bir bor tarixiy ahamiyat kasb etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Eng buyuk qudrat ona tildadir. Yana bir bor Yurtboshimiz o‘z xalqiga bo‘lgan mehr-muhabbatini namoyon etdi. Bu muhabbat ona tilga, Vatanga bo‘lgan muhabbatdir.
O‘z ona tilimizga bo‘lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko‘rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz.
Bugun qaysi jabhani olmaylik, ularning barchasida davlat tilida ish yuritish va o‘zbek tilining nufuzini oshirish bilan bog‘liq ishlar sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilganligini ko‘ramiz. Jumladan, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi tizimidagi korxonalarda ham o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarganligini ko‘rish mumkin. Buni, avvalo, xat-hujjatlar almashinuvida, qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarda, qolaversa, ishlab chiqarilayotgan har bir mahsulot qadog‘i va uning yorliqlarida sof o‘zbek adabiy tili talablariga amal qilinayotganligini guvohi bo‘lish mumkin. Reklama va peshtaxtalarda ham bu kabi qat’iy talablar e’tiborga olinmoqda. Tadbirlar va barcha yig‘ilishlar avvalo o‘zbek tilida, zaruratga qarab boshqa tillarda tashkil qilinmoqda.
Shu aziz Vatanda yashayotgan fuqaro borki, har qachongidan ko‘ra o‘zbek tiliga bo‘lgan yuksak iftixor va e’tiborni ich-ichidan his etib turibdi.
Darhaqiqat, til madaniyat ko‘zgusi va ruhimizning qanoti ekan, biz ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha aziz-u mukarram ekanligimizni aslo unutmasligimiz kerak. O‘zbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimiz madaniyatining kalitidir.
Zero, shoir aytganidek:
Mayli, kim qay tildan zavqu shavq olsa,
Mening o‘z tilimga ming jonim fido.
Erta ona tilim agar yo‘qolsa,
Men bugun o‘lishga bo‘lurman rizo.
Shu o‘rinda yurakdan otilguvchi yana bir sado bizni yuksaklik sari chorlaydi. QADRING BALAND BO‘LSIN, ONA TILIM!
Namoz TOLIPOV,
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi Boshqaruv raisining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
Darsliklar
Ona tiliga muhabbat vatanga bo’lgan muhabbatdir