Ona tili – millatning ruhi

Ona tili – millatning ruhi

Mazkur farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida “UNICON” markazida 21 oktyabr Til bayrami munosabati bilan ijodiy uchrashuv tashkil etilib, ushbu tadbirda yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Yashnobod tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili bo‘yicha o‘rinbosari, shoira Ozoda Bekmurodova hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Lola Eltoyevalar taklif etildi. Tadbir mehmonlari har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini butun vujudimiz bilan his etishimiz lozimligini ta’kidlab o‘tishdi.

Ona tili millatning ruhi

Insonga ato etilgan neʼmatlar orasida til, xususan, ona tilining oʻrni beqiyos. Tildek barchaga birdek tegishli, qancha ishlatilsa, shuncha ohori ortadigan boshqa xazinani topishimiz mushkul. Tilimiz sofligiga shu til egasi sifatida kichik bir ulush qoʻsholsak, demakki, umrimiz ham tilimiz bilan yuksalaveradi.

Hamyurtlarimizning fikrlari ham tilimizni asrashda har bir insonning alohida oʻrni borligi xususida.

Roʻza NIYOZMETOVA, pedagogika fanlari doktori, professor:

— Milliy til haqida soʻz borar ekan, beixtiyor maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning ushbu soʻzlari yodga tushadi: “Har bir millatning dunyoda borligʻini koʻrsatadurgan oyinai hayoti uning tili va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.

Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganidan keyingi oʻtgan davrda koʻplab ishlar amalga oshirildi, rasmiy-idoraviy qogʻozlar asosan oʻzbek tilida yuritilmoqda, koʻcha-koʻydagi eʼlonlarning ham davlat tilida boʻlishiga eʼtibor berilmoqda. Oʻzga millat vakillari ham nutqiy faoliyat turlaridan nutqni tinglab tushunish va oʻqishni egallashda jonbozlik koʻrsatmoqda. Ona tilidan, shuningdek, rusiyzabonlar uchun oʻzbek tilidagi maktab darsliklari yil sayin takomillashtirilib borilmoqda. Lekin oʻzbek tili taʼlimini ham, ona tili taʼlimini ham yanada samarador qilish uchun bular yetarli emas. Chunki tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilar monografiya, metodik qoʻllanma, oʻquv qoʻllanmalari tayyorlar ekan, aksariyat hollarda ularni oz adadda, koʻpi bilan 100 tadan 300 tagacha nusxada nashr ettiradi. Sanoqli oʻqituvchilarning ushbu nashrlardan bahramand boʻlishi yurtimizdagi barcha oʻqituvchilar ulardan bexabar boʻlishi oldida haminqadardir. Kitob doʻkonlarida oʻzbek tilining akademik grammatikasi haqidagi asarlar, shaklan oʻziga xos boʻlgan tilimizni oʻqitishga doir qoʻllanmalar paydo boʻlishi umumiy metodik va nutqiy savodxonlikni oshirishga katta hissa boʻlib qoʻshiladi.

Unutmaslik kerakki, qaysiki xalqning tili tanazzulga yuz tutsa, oʻsha xalqning inqirozi muqarrardir. Shuning uchun oʻz qadrini bilgan millat ona tilini oʻzini asraganday asraydi, uning taraqqiyoti, taqdiri uchun muttasil kurashadi.

Nilufar XOJIMATOVA, Mirobod tumanidagi 125-umumtaʼlim maktabi direktori:

— Til har qanday millatning tafakkuri va madaniyatini ham belgilaydi. Ona tili va adabiyoti rivoji yoʻlida shijoat koʻrsatayotgan xalq oʻz kelajagiga befarq boʻlmagan xalqdir. Chunki, til va adabiyot taraqqiyoti bu maʼnaviy yuksalishning birinchi bosqichidir.

Toʻgʻri, biz qaysidir maʼnoda 30 yilki tilimizni saqlab qolish, rivojlantirish uchun harakat qilyapmiz. Ammo nazarimda, natija qoniqarli emasdek. Chunki bu jarayonga faqat masʼul tashkilotlar emas, har bir fuqaro javobgar boʻlishi lozim. Unutmaslik joizki, inson oʻz ona tilini qadrlamas ekan, taraqqiyot haqida gap ham boʻlishi mumkin emas.

Demak, oʻzbek tilining jamiyatimizdagi va xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirish har birimizning bir tanu bir jon boʻlib harakat qilishimizga bogʻliq. Bugun fundamental fanlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank moliya tizimi, yurusprudensiya, diplomatiya, harbiy ish va shu kabi oʻta muhim tarmoqlarda oʻzbek tili oʻzining haqiqiy oʻrnini egallashiga erishish, shu maqsadda zamonaviy darsliklar, zarur atama va iboralar, tushuncha va kategoriyalarni ishlab chiqish salohiyatli tilshunos olimlarimiz oldidagi muhim vazifa boʻlib turibdi.

Ishonamanki, eng rivojlangan davlatlar qatoridan oʻrin olishni maqsad qilgan xalqimiz ona tilimiz, tariximiz va madaniyatimiz bilan ham dunyoning eng moʻtabar maqomlaridan joy oladi.

Bekmurod ALIMOV, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti talabasi:

— Oddiy aholi fikrini adabiy tilda ifodalashga qiynaladi. Bir necha xorijiy tillarni mukammal bilgan hamyurtlarimiz uchun esa oʻz fikrini oʻrgangan tillarida ifoda etish qulay. Oʻzbek adabiy tilining butunlay xalqimizga singib ketmayotganligi biroz ogʻriqli holat chindan ham. Bu xususda Erkin Vohidov shunday yozgan edi: “Oʻzbek tilining oʻz grammatikasi — sarfu nahvi yoʻq. Kimga tobe boʻlsak uning tili qoidalarini olganmiz. Hozirda rus tilining soʻz yasash, gap qurish, imlo talablarini shundoqqina qabul qilganmiz. Tilshunoslik atamalarimiz bari ruschadan tarjima qilingan. Oʻz ona tilimizga mos grammatika yaratish ham olimlarimiz boʻynidagi qarz. Ham bugungi avlod, ham kelajak nasllar oldida oʻtash zarur boʻlgan, kechiktirib boʻlmas qarz bu!”.

Darhaqiqat, adabiy tilimizning yagona, standartlashgan shakli hali nihoyasiga yetmagan. Xalqning jonli tilini ifodalab bera oladigan adabiy tilga ehtiyojimiz yuqori. Bu tilshunosligimiz oldida turgan qator dolzarb muammolardan biridir.

Aslida ona tilimiz biz uchun katta boylik hisoblanadi. Uning sofligi uchun tilshunosmizmi yohud talaba, barchamiz birday masʼulmiz. Ammo har yili til bayrami arafasidagina buni yodga olamiz. Tilimiz boyligi va goʻzalligi haqidagi sheʼr va qoʻshiqlar orqali tilimizga eʼtibor va eʼtirofimizni namoyon etishga intilamiz. Aslida eʼtiborimizni namoyon etishimiz uchun til bayramini kutishimiz shart emas. Kundalik hayotimizda, faoliyatimiz davomida har birimiz buni amalga oshirishimiz mumkin.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

  • #Ўзбек тили
  • #Давлат тили байрами

Ona tili – millatning ruhi

Samarqand garnizonidagi harbiy qismlarning birida “Ona tilim – yagona tilim” mavzusida tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olganlar millatning ruhi boʻlgan ona tilining rivojlanishi – millatning yuksalishi ekanligi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyilganligi, shu tariqa oʻzbek tili mustaqil davlatimizning Bayrogʻi, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylanganini taʼkidlab oʻtishdi.

Bundan 32 yil muqaddam oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan edi. Bu oʻz davrida tom maʼnoda olamshumul voqea boʻldi. Chunki Beruniy, ibn Sino, Al-Xorazmiy, Al-Fargʻoniy, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni yetishtirgan xalq tili yoʻqolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq oʻzbek tiliga Davlat maqomi berish masalasi kun tartibiga qoʻyilib, bu ish amalga oshirildi. Ona tilimiz – oʻzbek tiliga 1989-yil 21-oktabrda Davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi.

Shuni taʼkidlash kerakki, oʻzbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻlgan.

Tadbir yakunida harbiy xizmatchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Til – millatning ma’naviy boyligidir

Har bir xalqning o‘zligini namoyon etuvchi milliy va umuminsoniy qadriyatlari bo‘ladi. Tiriklik uchun toza havo bilan quyosh nuri, nonu suv qanchalik hayotiy zarurat bo‘lsa, millatning yashashi va ravnaq topishini ham ona tilisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Bosh qomusimizda ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Hozirgi vaqtda yer yuzida o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Zero, “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi.

Aytish mumkinki, har qaysi xalq yoki millatning ma’naviyatini uning tarixi, o‘ziga xos urf-odat va an’analari, tili, madaniyati va qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo‘lmaydi. Xalqning Vatani, davlati kabi yana bir buyuk, ehtimolki, birlamchi boyligi bor. Bu – uning tili. Aynan til odamlar guruhini bir millat sifatida birlashtiradi, ya’ni xalqni – xalq, millatni – millat qiladi.

Buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, “Ko‘ngil qulfi maxraning qulfi til va gulfin kalitin so‘z bil”. Ya’ni, inson qalbining xazinasi til, bu qalb xazinasining kaliti so‘zdir. O‘zbek tilining so‘zlari shu qadar ma’noli, boyki, bitta ma’noga ega bo‘lgan tushunchani, bir necha so‘zlar orqali ifodalash mumkin. Masalan, birgina ko‘z so‘zining bir necha ma’nolari bor. Bilamizki bir tushunchaga tegishli so‘z bir necha so‘zlar bilan ifodalansa, ya’ni sinonim so‘zlari qanchalik ko‘p bo‘lsa, ayni shu til boy til hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida insoniyat oldida turgan eng muhim masalalar xususida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani tilimizning xalqaro miqyosdagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida yana bir qadam bo‘ldi. Zotan, ona tili – millatning ruhi, uning or-nomusi, ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir.

Ma’lumki, O‘zbek tilini va o‘zbek tilida ish yuritishni yanada rivojlantirish, uning mavqeini ko‘tarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari imzolandi. Mazkur Farmonlardan kelib chiqib 2020–2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi hamda uning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Mazkur farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida “UNICON” markazida 21 oktyabr Til bayrami munosabati bilan ijodiy uchrashuv tashkil etilib, ushbu tadbirda yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Yashnobod tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili bo‘yicha o‘rinbosari, shoira Ozoda Bekmurodova hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Lola Eltoyevalar taklif etildi. Tadbir mehmonlari har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini butun vujudimiz bilan his etishimiz lozimligini ta’kidlab o‘tishdi.

Bunday vatanparvar harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz bilanoq o‘zbek tilini rivojlantirishga bevosita ulkan hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Zero, buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, inson uchun uning vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo‘lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo‘ladi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Bugungi kunda biz yangi O‘zbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz”.

Ona tili- millat va davlatning ruhidir

Ona tili inson ongu shuuri, qalbi va ruhiga ona allasi, keyinchalik bemisl ertagu rivoyatlar, maqolu topishmoqlar, ajdodlarining hayoti tikilgan, millatning orzu o‘ylari, insoniylikning tarixidan so‘zlovchi adabiy yodgorliklar bilan kirib boradi. Ona tili bu millat uchun ayni o‘zlikdir. Har qanday millat o‘zining tili, ya’ni o‘zligini saqlab qolish, rivojlantirish, farzandu nabiralariga, avlodlariga sof holida qoldirish haqida o‘ylamas, harakat qilmas ekan, albatta, bo‘hronli, tahlikali bir zamonda millatning kelajagi, tilning kelajagi katta xavf ostida qolaveradi.

Abdurauf Fitrat bundan roppa-rosa 100 yil avval, ya’ni 1919 yil 12 iyunda “Ishtirokiyun” ro‘znomasida “Turkcha baxtsizdir. Ming yildan beri ezila kelmishdir. Lekin bitmamishdir. Bitmas, yashamishdir, yashar. Negakim, boydir. Turkcha yashamishdir. Yashar, lekin o‘zini arab, fors tillarindan qutqara olurmi, yo‘qmi?” – degan fikrni bildirib, tilimizning nega boyligiyu, nima uchun baxtsiz ekanligini birma-bir ochib bergan edi. Afsuski, bizning boy tilimiz o‘sha baxtsizligicha qolgan ekan. Endi uni nafaqat arab va fors tili, balki rus tilidan ham qutqarmoq kerakligini zamon ko‘rsatib turibdi.

Ruscha tarbiya ko‘rgan, rus tilida fikr yurituvchi, rus madaniyatini yoqlovchi bir guruh “ziyolilarning” (negadir shu kunlarda Muhammad Yusufning “Sotmaydi yurtini biror otboqar, sotsa zerikkandan ziyoli sotar”, degan misrasi bot-bot esimga tushyapti) ommaga murojaati bugun kun tartibimizdagi asosiy masalaga aylanib qoldi.

Men shu o‘rinda uni o‘zbek tili uchun jon kuydiradigan har bir o‘zbek uchun ona tilimizning murojaati bo‘lib tuyulishi zarurligini aytmoqchiman. Qanday deysizmi?

Biz shaharu qishloqlarimizda, peshtaxtayu do‘konlarimizda, yurish-turishimizda, muomala, oldi-berdimizda ona tilimizning jonini saqlab, uning sofligi uchun jon kuydirayapmizmi?

Biz o‘zimizning ajdodlarimiz jonu jahonlari evaziga tik bo‘lgan davlatimizda 30 yildan beri amaldagi davlat tilimizning haqqini ado eta oldikmi, olyapmizmi?

Biz farzandlarimizga sof ona tilimizda ertaklar aytib beryapmizmi? Ona tilimizning imkoniyatlarini ochib bera olyapmizmi? Bu masalada shaxsiy namuna bo‘lyapmizmi?

Biz, ko‘pmillatli davlatda yashayotgan, o‘zbek tilida gaplashadigan bitta o‘zbek ikkita boshqa millat vakillari ichida ona tilimizda (Davlat tilida!) gapira olyapmizmi?

Qaysidir chet tilini bilish – fazilat. Qaysidir chet tili bilan har qanday millat dunyoga bo‘ylaydi. Ammo ona tilini toptash, uning qadri uchun qayg‘urmaslik bu o‘sha til uchun xiyonatdir. Axir ona tili – bu ruhdir. Bu qalbdir. Agar ona tili ham davlat tili bo‘lsa, ikki karra ruhdir. Bu nafaqat sizning, bizning ruhimiz, bu shu yerda yashayotgan, o‘zini O‘zbekiston fuqarosiman degan har qanday millat uchun ruhdir.

Men O‘zbekistonda yashayotgan boshqa millat vakillarining ona tillari borasidagi huquqlariga hurmat bilan qarayman. Ammo bir fuqaro sifatida o‘zbek tilini bilish o‘zlarining burchi ekanligini unutmasligini istayman. Bolalariga o‘zbek tilini o‘rganish fuqarolik burchi ekanligini uqtiradigan ota-onalarni tarbiyalamas ekanmiz, tilimiz obro‘sini huquqiy jihatdan ham ko‘tarmas ekanmiz, tilimizning ahvoli yaxshi bo‘lib qolmaydi.

O‘sha murojaat davom etishini istamasak, yana shunday yo‘l tutishni istaydigan kishilar paydo bo‘lishini istamasak, bir millat sifatida ko‘zimizni ochishimiz kerak. Ularning murojaati bizga aks ta’sir ko‘rsatishi, tilimiz uchun foydali bo‘lishi zarur deb o‘ylayman. Ular o‘zbek tilining sofligi, taraqqiyoti, rivoji uchun juda katta o‘zgarishlarning boshlanishiga, rosmana harakatlarning yuzaga kelishiga asos bo‘lib xizmat qilsin. Keling, undan o‘z tilimiz foydasi uchun foydalanaylik.

Mashhura HASANOVA,

SamDU o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Qiziqarli malumotlar
Ona tili – millatning ruhi