Ona qornidagi homilada ta’m bilish qobiliyati aniqlandi to’liq malumot oling
Angliya va Fransiya olimlari qorindagi homilaning ona isteʼmol qiladigan ovqatiga qanday munosabat bildirishini tekshirib koʻrdi. Buning uchun tadqiqotchilar homilador ayollarga karam yoki sabzi kukuni qoʻshilgan kapsulalarni berib, soʻng ultratovush yordamida homilaning yuz ifodalarini kuzatgan. Maʼlum boʻlishicha, homila karamni chindan ham yoqtirmaydi. Karam isteʼmol qilinganda unda “yigʻlayotgan yuz” ifodasi kuzatilgan. Sabzi esa ularni tabassum qildirar ekan. Tadqiqot natijalari Psychological Science jurnalida chop etilgan.
Bachadon ichidagi rivojlanish kelajakdagi hayot uchun muhim bosqichdir. Bu davrda bitta hujayra bus-butun insonga aylanadi, uning ichki organlari paydo boʻladi, rivojlanadi hamda unda taʼm bilish refleksi shakllanadi. Olimlar uzoq vaqt davomida homiladorlikda sarimsoq isteʼmol qilgan onalarni kuzatib, ular hayotining dastlabki soatidan bunday hiddan bezovta boʻlmaydigan bolalarni tuqqanini payqashgan. Ammo bungacha oziq-ovqatlarning chaqaloqlarga taʼsiri ular tugʻilgandan keyin kuzatilgan, shuning uchun odam qachon yemakka munosabat bildirishni boshlashi aniq emas edi.
Aston universiteti xodimi Jaklin Bisset hamkasblari bilan birgalikda ona qornidagi homila turli xil ovqatlarga munosabat bildira olishi yoki olmasligini aniqlashga qaror qildi. Homiladorlikning 32 va 34-haftasidagi ayollarga sabzi yoki karam kukuni toʻldirilgan kapsulalar berildi. Onalarning oʻzi kapsulalarda nima borligini bilmagan. Demak, ularning shaxsiy tanlovi tajriba jarayoniga taʼsir qila olmaydi (lekin ular kapsulalarning rangi boʻyicha tarkibni taxmin qilishi mumkin edi). 25 daqiqadan soʻng homila munosabati yuzni tasvirlash orqali ultratovush yordamida kuzatildi. Olimlar homilaning his-tuygʻularini ularning yuz ifodasiga qarab aniqladi. Uyilgan qosh va nim ochilgan ogʻiz norozilik belgisi, koʻtarilgan qosh va keng yonoqlar esa ijobiy his-tuygʻular sifatida qabul qilindi. Umuman olganda, olimlar homila yuz ifodasining koʻplab koʻrinishlarini kuzatdi. Ularning barchasi “yigʻlayotgan” yoki “kulayotgan yuz”da ifodalandi.
Tadqiqotda kuzatilgan mimik harakatlar (FM). Ulardan baʼzilari faqat bitta munosabatga xos, baʼzilari esa boshqalarining tarkibiga ham kiradi. Beyza Ustun va boshqalar / Psychological Science nashri, 2022-yil
Maʼlum boʻlishicha, inson tugʻilishdan oldin ham ovqatga munosabat bildirishi mumkin. Agar homilador ayol sabzi kapsulasini isteʼmol qilgan boʻlsa, homilada “kulgan yuz”ga xos boʻlgan yuz ifodasi qayd etilgan. Karam esa, aksincha, unga yoqmagan. Bu holda u “yigʻlayotgan yuz” ifodasini sabzi yeyilganlik yoki dam olish holatidan koʻra ikki baravar koʻp koʻrsatgan.
“A” rasmda ona sabzi kapsulasini qabul qilishdan oldin homilasining yuz ifodasi koʻrsatilgan, “B” rasmdagi esa uning “jilmayayotgan” holati. Chapda biz tinch holatdagi homilani (a), oʻngda esa onasi tomonidan qabul qilingan karamga boʻlgan munosabatini koʻramiz. Beyza Ustun va boshqalar / Psychological Science nashri, 2022-yil
Homilaning rivojlanish davrida u amniotik suyuqlikda joylashgan boʻladi. Bu yerga onaning ovqatidagi moddalar ham kirishi mumkin. Homila qaysi tizim yordamida bu moddalarni sezishi va munosabat bildirishi aniq emas. Tadqiqot mualliflarining fikriga koʻra, jarayon taʼm, hid va kimyoviy qoʻzgʻatuvchining uch shoxli asab tomonidan idrok etilishiga katta ehtimol bilan bogʻliq. Yuqoridagilarning barchasi birgalikda yoki alohida ishlashi ham mumkin.
Muallif: Polina Grebenkina. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Морковка и капуста в животе матери заставили плод скривить рожицу” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Beyza Ustun va boshqalar / Psychological Science, 2022-yil
Boshqa mavzular
Ona qornidagi homilada ta’m bilish qobiliyati aniqlandi