O‘n ikki oy

O‘n ikki oy

O‘n ikki oy

DO`STLARGA ULASHING:

Bir ayolning ikki qizi bo‘lgan ekan. Qizlarning birini ayol o‘zi tuqqan bo‘lib, ikkinchisi o‘gay ekan. Ayol o‘z qizini jonidan yaxshi ko‘rar, ammo o‘gay qizini ko‘rishga toqati yo‘q ekan. Bunga sabab o‘gay qiz Marushka Olenadan chiroyliroq ekan. Ammo Marushka o‘zining husn-malohatidan bebahra ekan, husn haqida o‘ylamas ham ekan. O‘gay ona uni ko‘rishi bilan qovoqlarini uyib olishidan boyaqish qiz o‘gay onamga nimadir yoqmadi, shekilli, deb o‘ylar ekan.
Olena yasan-tusan bilan o‘ziga oro berar, ko‘cha-ko‘ydami, hovlidami, sayr etib, hordiq chiqararkan. Marushka bo‘lsa bu paytda uy-joylarni supurib-sidirish bilan mashg‘ul bo‘larkan. U ovqat pishirar, kir yuvar, bichib-tikar, ip yigirar, xullas, to‘r to‘qishdan tortib mol-hollarga qarashgacha uning zimmasida ekan. O‘gay ona Marushkani erta-yu kech koyir, tinimsiz qarg‘ar ekan. Qizning itoatkorligi, andishaliligi ham ayolning dilini yumshatmas, aksincha, battar xo‘rlagani-xo‘rlagan ekan. Bunga sabab Marushka kun sayin chiroy ochib borar, Olena bo‘lsa tasqaralashib borarkan.
Bir kuni ayolning xayoliga shunday o‘y kelibdi: “Go‘zal qizni nega uyimda saqlayapman o‘zi? Yigitchalar uyimga kirishganda Marushkaga oshiq bo‘lib, Olenani pisand qilmasliklari mumkin”.
Olena bilan onasi maslahatlashibdi-da, hech kimning yetti uxlab tushiga kirmagan shumlikni o‘ylab topishibdi…
— Bor, Marushka, o‘rmondan menga qirmizi olma terib kel, — deb buyuribdi.
— Voy o‘lmasam, opajon, bu nima deganingiz? Qish payti o‘rmonda olma qayoqdan bo‘lsin!
— O‘chir ovozingni, isqirt! Gapimni ikki qilishga qanday tiling bordi? Hoziroq o‘rmonga g‘izilla, qirmizi olma terib kel, yo‘qsa, naq boshingni uzib tashlayman! — deb do‘q uribdi Olena.
Shundan so‘ng o‘gay ona Marushkani tashqariga haydab, eshikni qarsillatib yopibdi-da, katta qulf uribdi. Qiz zor-zor yig‘liab o‘rmon tomon yo‘l olibdi. O‘rmonni qalin qor qoplagan, odam izi ko‘rinmas ekan. Marushka daraxtlar orasida uzoq tentirab yuribdi. Ochlikdan qiynalibdi, sovuq badan-badanidan o‘tib ketibdi. Uzoqdan yiltillab turgan olovni ko‘rib, Marushka o‘sha yoqqa yuribdi. Gulxan yonidan chiqibdi. Gulxan tevaragida o‘n ikki odam — o‘n ikki oy davra qurib o‘tirarkan, ulardan eng balandda soch-soqoli oppoq chol — Yanvar hassa ushlab o‘tirar ekan.
— Hoy, yaxshilar, isinib olsam maylimi? Sovuq suyak-suyagimdan o‘tib ketdi, — deb iltimos qilibdi Marushka.
Yanvar, mayli, deganday bosh silkib so‘rabdi:
— Nega kelding, oyimqiz?
— Qirmizi olma tergani keldim, — deb javob qaytaribdi Marushka.
— Hozir qish. Qahraton sovuqdayam qirmizi olma bo‘larkanmi? — taajjublanibdi Yanvar.
— O‘zim ham bilaman buni, — ma’yus javob qaytaribdi Marushka. — Lekin o‘gay onam bilan Olena, agar o‘rmondan qirmizi olma terib kelmasang, naq boshingni uzib tashlaymiz, deyishdi. Jon amakilar, meni qo‘llab yuboringlar.
Yanvar o‘tirgan o‘rnidan pastga tushib, yoshi ulg‘aygan oylardan biri yoniga borarkan, hassani unga berib shunday debdi:
— Birodarim Sentyabr, o‘rnimga sen o‘tir.
Sentyabr eng baland xarsangga chiqib o‘tirib hassani silkitibdi. Gulxan ko‘tarilib qorlar eribdi. Ammo daraxtlar yaproq chiqarmabdi, balki sarg‘ish barglar bitta-bitta to‘kila boshlabdi. Borliqni kuz fasli egallabdi. Bu safar odatdagidek avval gullar ko‘rinmabdi. Aksincha, u olma daraxtini ko‘ribdi, daraxt uchlarida qirmizi olmalar ko‘zni o‘ynatib turarkan.
— Qoq, Marushka, qoqsang-chi? — debdi Sentyabr.
Qiz daraxtni silkitgan ekan, avval bitta, so‘ng yana bitta olma to‘kilibdi.
— Marushka, tez olmalarni olib, uyga g‘izilla! — deb qichqiribdi Sentyabr.
Qiz ikkitagina olma olib uyga shoshilibdi.
Marushkani ko‘rgan o‘gay ona bilan Olena hang-mang bo‘lib qolibdi, qiz qo‘lidagi ikkala olmani ularga uzatibdi.
— Qaysi go‘rdan ola qolding bularni? — so‘rabdi Olena.
— Tog‘ tepasidan topdim. Hali anchagina olma bor, — javob qaytaribdi Marushka.
Qiz shunday deyar-demas, Olena unga o‘shqira ketibdi:
— Voy, yaramas isqirt! Nega unda ko‘proq terib kelmading? Hoynahoy, yo‘lda yeb qo‘ygan bo‘lsang kerak-da?
— Opajon, sirayam yeganim yo‘q. Daraxtni bir silkitgandim, bitta olma tushdi, keyingi silkitganimda, ikkinchisi tushdi. Boshqa silkitishga imkon bo‘lmadi. Tezroq uyga bor deyishdi, — deb javob qaytaribdi Marushka.
— Ha, og‘zingdan qoning kelsin! — deya qarg‘abdi Olena va qizni kaltaklashga tushibdi.
O‘gay ona ham bo‘sh kelmay to‘qmoqqa yopishibdi. Ammo Marushka jon talvasasida ularning qo‘lidan otilib chiqibdi-da, oshxonadagi pech ortiga yashirinibdi. So‘ng Olena tura solib olmalarga yopishibdi. Bitta olmani onasiga beribdi. Ular umrlarida bunday shirin-shakar olmani ko‘rishmagan ham, yeyishmagan ham ekanlar.
— Oyi, savat qani? O‘zim o‘rmonga borib kela qolay. Manavi nafsi buzuqni yuborsak, tag‘in ko‘pini yo‘lda yeb qo‘yadi. Men qo‘rqmayman, hamma olmalarni o‘zim qoqib olib kelaman.
Ona zo‘r berib yo‘ldan qaytarsa ham, Olena ko‘nmay, qalin kiyimlarini kiyibdi-da, o‘rmon tomon yo‘l olibdi. Ona javrana-javrana uyda qolaveribdi.
Olena o‘rmonga yetib boribdi. Hammayoqni qalin qor qoplagan, odam izi ko‘rinmasmish. Suq qiz ancha vaqt daraxtlar orasida uloqib yuribdi, hakalak otgan nafsi unga tinchlik bermabdi. Banogoh olisdan milt-milt olov ko‘rinibdi. Olena o‘sha yoqqa yurib, gulxan ustidan chiqibdi. Gulxan tevaragida o‘n ikki odam — o‘n ikki oy davra qurib o‘tirganmish. Ammo ochko‘z qiz ularga salom bermabdi, gulxanda isinib olish uchun ruxsat ham so‘ramabdi, go‘yo gulxan uning uchun yoqilganday, pisandsizlik bilan qo‘larini olov tomon uzatibdi.
— Nega kelding bu yerga? Nima kerak o‘zi? — g‘ashi kelibdi Yanvarning.
— Nega tergayapsan meni, sassiq chol? Aralashma, nima qilsam, o‘zimning ishim! — Shartta uning gapini qaytarib tashlabdi Olena va go‘yo olmalar unga intizorday tog‘ tomonga yo‘llanibdi.
Jahldan Yanvarning qovog‘i uyulibdi, hassani boshi uzra silkitibdi. Shu zahoti osmonni qora bulut qoplabdi-yu, gulxan so‘nib, gupillatib qor yog‘a boshlabdi, izg‘irin shamol kuchayibdi. Olena bir qadam naridagi narsani ham ko‘rolmay, oyoqlari qalin qorga botib, yurolmay qolibdi.
Nihoyat, qo‘l-oyoqlarini sovuq olib, tizzalari bukilib-bukilib keta boshlabdi, ko‘p o‘tmayoq u majolsiz qor ustiga yuztuban ag‘darilibdi…
Uyda esa onasi qizidan xavotir olib derazadan termilar, dam-badam tashqariga chiqib yo‘l qarar ekan. Oradan bir soat, ikki soat, uch soat o‘tibdi, lekin Olenadan darak bo‘lmabdi. “Nega bunday hayallab qoldi, to‘ymadimikin olmaga, o‘zim borib xabar olay-chi”, deb ona savat olibdi-da, jun ro‘molga o‘ranib- chirmanib qizini axtarib ketibdi.
Qor kuchaygandan, kuchayib izg‘irinli shamol avj olibdi, chor-atrof butunlay qor ostida qolibdi. Ona zo‘r-bazo‘r odimlab, qizini chaqirar, lekin hech kim javob qaytarmabdi. Oxiri onaning o‘zi ham yo‘ldan adashib, qayoqqa yurishini bilmay qolibdi va qizi Olenani qarg‘ay boshlabdi. Ko‘p o‘tmay sovuq suyak- suyagidan o‘tib hushidan ketibdi va yuztuban qorga ag‘darilibdi…
Marushka bo‘lsa uyda tushlikni tayyorlab, ichkarini supurib-sidiribdi, sigir sog‘ibdi. Ammo o‘gay ona bilan Olenadan hamon darak yo‘q emish.
Nega buncha xayollashdiykin? — deya xavotirlana boshlabdi Marushka kechga tomon ip yigirishga o‘tiraturib. Shu alpozda Marushka yarim tungacha o‘tiribdi, ona bilan qizdan darak bo‘lmabdi. Marushkaning yuragi g‘amga to‘lib, derazadan sira nari ketmay qo‘yibdi.
Tashqarida odam zoti ko‘rimnasmish, bo‘ron ham to‘xtab havo ochilib, yulduzlar charaqlabdi, qor uzra oyning kumush nurlari to‘kilibdi, Marushka ma’yuslanib pardani tushiribdi. Ertasiga u nonushtada, tushlik paytida, oqshom chog‘i tag‘in ona bilan Olenaning yo‘liga ko‘z tutibdi.
Ammo ularning ikkalasi ham sovuqdan tosh qotib qolganini qayoqdan bilsin. Marushkaga uy, sigir, poliz, yaylov meros qolibdi. Ko‘klam kelib bu xonadonga bir erkak egalik qila boshlabdi. Gap shundaki, xushro‘y, oqko‘ngil bir yigit Marushkaga uylanibdi. Ular umrlarining oxirigacha tinch-totuv hayot kechirishibdi. Tinch-totuvlik esa hamisha odamlar umrining bezagi bo‘ladi.

Gulgina kitobidan.

O‘n ikki oy