Oltin baliq to’liq malumot oling
Qadim zamonda bir kambag‘al chol bor ekan. Bu chol dengiz bo‘yida yolg‘iz o‘g‘li bilan yashar ekan. Ular juda faqir bo‘lib, bechorahol kun ko‘rar ekanlar.
Bisotlarida bir eski qayiq va baliq ovlaydigan to‘rdan bo‘lak hech narsa yo‘q ekan. Cholning o‘g‘li doim ashula aytib yurar ekan. Bir kun baliqchi chol dengizga to‘r solibdi, birozdan so‘ng to‘rni suvdan ko‘taribdi. Qarasa, unaqa-bunaqa baliq emas, oltin baliq emish. Buni ko‘rib chol hayron bo‘libdi va o‘g‘liga:
— Bolam, sen bu ajoyib baliqqa qarab tur. Men borib bu hodisani xonga ma’lum qilay. Zora-mora xon bizga kattaroq in’om bersa, — debdi-da, shaharga jo‘nab ketibdi.
Yosh yigitcha baliqning to‘rda qiynalayotganini ko‘rib, rahmi kelibdi, otasining kelishini ham kutmay, baliqni dengizga qo‘yib yuboribdi. Oltin baliq dengizga sho‘ng‘ib ketibdi.
Xon o‘zining vazir-vuzarolari, posbonlari bilan yetib kelib, yigitga:
— Qani, ajoyib baliqni ko‘rsat! — deb buyruq qilibdi.
Yosh baliqchi boshini quyi solib xonga:
—Baliqqa rahmim keldi; uni dengizga qo‘yib yubordim,— debdi.
Xon baliqchi yigitdan bu so‘zni eshitib, cholga:
— Sen yaramas chol: arzimagan bir narsa uchun meni shuncha ovora qilding. Dunyoda oltin baliq ham bo‘larmidi! — deb baqiribdi. Shunda keksa vazirlardan biri xonga qarab:
— Hazrati oliylari, men yetmish yildan ortiq umr ko‘rdim. Lekin bunday ajoyibotni eshitmagan edim,— debdi.
Chol oltin baliq tutgani rost ekanini ishontirishga ko‘p urinsa ham, xon uning so‘ziga sira ishonmabdi. Xon baliqchi yigitning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, eski qayiqda dengizga oqizib yuboribdi.
Xon o‘z ishidan xursand bo‘lib, dabdaba bilan saroyga qaytibdi. Boyaqish chol esa dengiz qirg‘og‘ida, “voy bolam” deb yig‘laganicha qolaveribdi. Bir fursatdan so‘ng qayiq ko‘zdan tamom g‘oyib bo‘libdi, qayiqni kuzatib, ko‘z yoshlarini oqizib turgan chol, zolim xonning zulmidan g‘azablanib, unga la’natlar o‘qibdi.
Endi so‘zni yosh baliqchidan eshiting.
Baliqchi yigit har nafasda o‘z halokatini kutar ekan. Lekin qayiq shamol kuchi bilan hamon olg‘a qarab suzib borarkan.
Bir qanchadan keyin uzoqdan bir orol ko‘rinibdi. Kuchli shamol qayiqni bir nafasda orolga eltib qo‘yibdi. Qayiqning tumshug‘i qirg‘oqdagi qumga urilishi bilanoq daraxt orqasidan bir yosh yigit chiqib kelibdi.
U yosh baliqchiga judayam o‘xshar ekan, go‘yo bir olmaning yarmisi u-yu, yarmisi bu ekan.
Yosh yigit kela solib, yosh baliqchining qo‘l-oyoqlarini yechibdi. Yosh baliqchi bu mehribon yigitcha bilan ko‘rishibdi, orolda uchragan yosh yigit yonidan bir kulcha chiqaribdi, uni ikkovlari baham ko‘rishibdi. Shunday qilib ular orasida chin do‘stlik boshlanibdi.
Bir kun ular poda boqib yurgan bir chol-cho‘ponga yo‘liqishibdi.
Do‘stlar orolda o‘zimizdan boshqa hech kim yo‘q, deb o‘ylar ekanlar.
Cho‘pon bulardan hol-ahvol so‘rab, so‘z boshlabdi:
— Bu yerdan uch kunlik yo‘l narida katta bir xonning yurti bor. Xon baxtsizlikka uchragan. Uning go‘zallikda tanho bo‘lgan bitta-yu bitta qizi tug‘ilganidan beri bir og‘iz ham so‘z aytgan emas. Xon barcha xalqqa xabar berdirib: “Kimki qizimni davolab gapirtira olsa, men shu kishiga eng yaxshi in’omlar beraman. Bordi-yu gapirtirolmasa, u kishining boshini tanasidan judo qilaman, degan. Ana o‘shandan beri allaqancha navqiron yigitlarning boshi ketdi.
Do‘stlar o‘ylashib turib, keyin baxtlarini sinamoqchi bo‘libdilar. Ular xon saroyi oldiga borganlarida yigit yosh baliqchiga qarab:
— Avval men baxtimni sinab ko‘ray. Agar xon qizini davolay olsam, tekkan in’omlarni o‘rtada bab-barobar bo‘lishib olamiz, — debdi. Yosh baliqchi ko‘nibdi. Yigit esa xon saroyiga kirib ketibdi.
Yigit haram eshigi oldida ikki kanizakni uchratibdi. Ulardan biri achinib, yigitga:
— Sen qatori ko‘pgina bahodir yigitlar xon qizini davolashga obdan urinib ko‘rdilar, lekin ularning aziz boshlari hisobsiz kalla suyaklaridan yasalgan minorani yana bir pog‘ona yuqori ko‘tardi. Seni ham shunday baxtsizlik kutadi,— debdi.
Jasur yigitni bu qo‘rqinchli gap cho‘chitolmabdi, u dadillik bilan haramga kiribdi.
Xon qizini ko‘rishi bilanoq ta’zim qilib, so‘z boshlabdi:
— E go‘zal malika! Biz otadan uch o‘g‘ilmiz. Bir kun chakalakka o‘tin kesgani bordik. Eng katta akamiz yog‘ochni yo‘nib, bir go‘zal qush yasadi. Qush shunday ustalik bilan yasalgan ediki, xuddi tirik qushga o‘xshardi. O’rtancha akam daraxtzorlarga borib, eng nozik qushlarning patlari, parlarini topib kelib, yog‘och qushchani bezadi. Qush yana go‘zallashib ketdi. Men bir sehrli buloq topdim, qushni shu sehrli buloq suviga cho‘miltirdim. Qushcha tirilib, sayrab yubordi. Ana o‘shandan to shu pallagacha bizning o‘rtamizda hamon janjal davom qiladi. Har birimiz qushni “meniki” deb da’vo qilamiz. Janjalimiz juda zo‘rayib ketdi. E go‘zal qiz, qush kimniki bo‘ladi? Siz bizning janjalli ishimizni bitirib bering?
Bu gaplarni eshitgan qiz qaddini ko‘taribdi, qop-qora uzun kirriklarini uchiribdi. Chehrasi ochilib, salgina jilmayibdi. Tovush chiqarmay barmog‘i bilan og‘zini ko‘rsatib, boshini tebratib, qo‘yibdi. Yigit g‘azablanib o‘shqiribdi:
— Modomiki, sen uchun men qurbon bo‘lar ekanman, shuni yaxshi bilki, men bilan birga sen ham halok bo‘lasan.
Yigit shu so‘zlar bilan qiz boshiga qilich ko‘taribdi. Qiz qo‘rqqanidan yerga o‘tirib, qattiq qichqirgan ekan, og‘zidan bir oq ilon tushibdi. Ilon buralib-buralib, vishillab, o‘zini yigitning qalin charmli etigiga uribdi. Lekin yigit quturib kelayotgan ilonning boshini etik poshnasi bilan majaqlab tashlabdi.
Qiz yoshli ko‘zlarini yigitga tikib, barmog‘idan uzugini chiqarib:
— Bu uzukni olib, saroyga — otam oldiga bor. U seni mukofotlaydi,— deb uzukni yigitga beribdi.
Yigit uzukni olib, do‘stining oldiga ketibdi. Yosh baliqchi uni uzoqdan ko‘rishi bilan yugura kelib, u bilan quchoqlashib ko‘rishibdi. So‘ngra yigit barcha voqeani do‘stiga birma-bir so‘zlab beribdi. U uzukni do‘stiga uzata turib, shunday debdi:
— Endi senga sirni aytib beraman. Men — o‘sha o‘zing rahm qilib qo‘yib yuborgan oltin balig‘ingman. Qirg‘oqda sen aytgan ashulalarning dong‘i suv osti yurtiga yoyildi. Men sening ashulalaringni eshitish uchun dengiz qirg‘og‘iga yaqinroq borib, ovozingga mahliyo bo‘lib, to‘rga tushganimni payqamay qoldim. Sen tufayligina tutqunlikdan qutuldim. Xon posbonlari qo‘l-oyog‘ingni bog‘lab, qayiqda oqizib yuborishlarini ko‘rib, g‘azablangan edim. Seni qutqarish yo‘lini izlab, eng yaqin do‘stlarim bo‘lgan baliqlardan bir qanchasini chaqirdim. Ular sening qayig‘ingni suvga cho‘ktirmasdan, yelkalarida ko‘tarib keltirishlarini o‘tindim. Chin do‘stlarim o‘tinchimni bajo keltirib, seni bu orolga olib keldilar. Men bu yerda sening shaklingga kirdim. Shu qisqagina vaqt ichida sening sofdil yigit ekanligingga yana ishondim, seni o‘z akamdek ko‘rib qoldim. Endi o‘z joyimga — suv ostiga ketish vaqtim keldi. Bu uzukni olib borib, xonga ber. Mabodo kerak bo‘lib qolsam, ko‘k dengiz qirg‘og‘iga kelib, meni uch marta chaqir. Xizmatingga darhol tayyor bo‘laman…
Shu so‘zlardan so‘ng baliq yigit bilan xayrlashibdi va bir sho‘ng‘ib, ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
Yosh baliqchi qadrdon do‘stidan ajralib qolganiga qattiq qayg‘uribdi va bir vaqtdan keyin xon saroyiga jo‘nab ketibdi.
Yigit xon saroyiga kelib, ichkari kirishga ruxsat so‘rabdi. Biroq xon so‘zidan qaytib, qizini bermaydigan bo‘lib, yigitni saroyga kiritmabdi.
Shundan so‘ng yigitning dardi-dunyosi qorong‘u bo‘lib, orqasiga qaytibdi va shaharning narigi chekkasidagi bir temirchiga shogird tushibdi.
Oradan bir hafta o‘tgach, bu voqeadan xonning qizi xabar topib qolib, o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urib, zor-zor yig‘lab, otasiga bunday debdi:
— Agar meni davolab tuzatgan o‘sha yigitga bermasangiz, shu bugunoq mendan ajraysiz. Endi menga tirik yurish harom! — deb haram ichidan o‘tadigan katta suvga o‘zini tashlamoqchi bo‘lib turganda, uni zo‘rg‘a ushlab qolibdilar. Xon noilojlikdan qizini yosh baliqchiga beradigan bo‘libdi.
Hamma odamlar to‘yga aytilibdi.
Xizmatkorlar yosh baliqchiga sarpo kiygizibdilar. Ertasiga to‘y boshlanib, nog‘ora, karnay, surnaylar chalinibdi.
Shunday qilib, yosh baliqchi xonga kuyov bo‘libdi. Lekin xon kuyovini juda yomon ko‘rar, undan qutulish yo‘llarini izlar ekan. Yosh baliqchi esa xonning taxt-saltanati, saroylarini yaxshi ko‘rmas ekan.
Bir kuni yosh baliqchi xafa bo‘lib o‘tirgan ekan, malika undan nega xafa ekanini so‘rabdi, yigit bunday deb javob beribdi:
— Men bu hashamatli saroyda turolmayman. Ko‘nglimni hech narsa quvontirmaydi. Yoshlik davrimni dengizning narigi tomonida o‘tkazganman. U yerda jonimdan aziz baliqchi otam qolgan edi. Unga nima bo‘lganini bilmayman. Agar siz otam oldiga birga ketishga ko‘nsangiz, o‘zimni dunyoda eng baxtli yigit deb hisoblar edim. Lekin mening yurtimda bir kambag‘al baliqchining xotini bo‘lib yashaysiz. Bu saroydagi bezaklar, kanizaklar u yerda yo‘q.
Shunda malika eriga qarab:
— Men har narsaga tayyorman; faqat siz quvnab yursangiz, bas. Dengizning u tomoniga qanday o‘tamiz? Bizda kema ham yo‘q, kema yasaydigan usta ham yo‘q, — degan ekan, yosh baliqchi:
— Buni o‘ylamasang ham bo‘ladi, hammasini o‘zim to‘g‘rilayman. Agar ketmoqchi bo‘lsang, yo‘l harakatini qilaver, — debdi.
Shu so‘zlar bilan yosh baliqchi xotinini uyga yuborib, o‘zi dengiz labiga boribdi, suvga qarab uch marta chaqiribdi. O’sha onda oltin baliq suv yuziga chiqib:
— E qadrdon do‘stim, nima xizmat? — deb so‘ragan ekan, yosh baliqchi javob qaytaribdi:
— Yurtimni, otamni sog‘indim. Dengizdan suzib o‘tish uchun kema yo‘q. Suzib kelgan qayig‘im parcha-parcha bo‘lib ketgan…
Yosh baliqchi shu so‘zlarni aytishi bilan oltin baliq:
— Tilagingni bajaraman, kech kirganda senga kattakon bir baliq yuboraman. U og‘zini ochishi bilan darrov og‘ziga kir. Ertalab uyingda, bo‘lasan, — debdi-yu, sho‘ng‘ib ketibdi.
Kech kirishi bilan dengizda to‘lqin ko‘tarilibdi, qirg‘oqqa bahaybat bir baliq suzib kelibdi. Uning burnidan suv yuqoriga varillab otilib turar, dumini tinmay bilanglatar ekan.
Xon qizi baliqni ko‘rishi bilan juda qo‘rqib ketibdi. Yosh baliqchi xotiniga dalda berib, uni baliqning og‘ziga olib kiribdi. Baliq tezda dengizda suzib ketibdi.
Ajoyib baliq manzilga yetib, og‘zini ochibdi. Darhol er-xotin ikkovi baliq og‘zidan qirg‘oqqa chiqib, uyiga qarab yo‘l olibdi. Birozdan keyin uyga yetishibdi. Yarim vayronaga aylangan kulbasini va uning oldida munkayib o‘tirgan keksa otasini ko‘rgach, baliqchi yigitning ko‘zlaridan yosh chiqib ketibdi. Bora solib otasi bilan quchoqlashib ko‘rishibdi va uning oqarib ketgan soch-soqollarini silabdi.
U xotinini otasiga tanitibdi, chol juda quvonibdi.
Shunday qilib, baliqchining eski kulbasida uchovlari baxtli kun kechira boshlabdilar.
Ertaklar
Oltin baliq