OLTIARIQ SANATORIYSI
«OLTIARIQ» SANATORIYSI — balneologik kurort. Fargʻona viloyatining Oltiariq tumanida, Fargʻona sh. dan 50 km, tuman markazidan 9 km uzoklikda. Mayd. 33 ga, iklimi quruq, sershamol. Yillik oʻrtacha t-ra 13°, iyulda 26—28°, yanv. ning oʻrtacha t-rasi —2°. 1954-y. da Markaziy Fargʻona choʻlini oʻzlashtiruvchilar uchun ichimlik suv qidirib chuqur quduq parmalanganida issiq mineral suv otilib chiqqan. Shu joyga vannaxonalar qurilib, choʻlquvarlar davolanadigan balneologiya kasalxonasi tashkil etilgan. 1976-y. sanatoriy qurishga kirishilgan va 1979-y. 9-mayda sanatoriy rasmiy ravishda ochilib, urush va mehnat faxriylarini davolay boshlagan, keyinchalik tayanchharakat aʼzolari, nerv sistemasi, ovqat hazm qilish aʼzolari kasalliklari, qandli diabetning insulinga muxtoj boʻlmagan xili bilan ogʻriganlar davolanadigan maskanga aylantirilgan. Sanatoriy yaxshi koʻkalamzorlashtirilgan. «Oltiariq sanatoriysida 1756 m chuqurlikdan 41° issiqlikdagi tiniq, chuchuk, mayin mineral suv chiqib turadi. Uning tarkibida litiy, kaliy, natriy, magniy, kalsiy, stronsiy, kobalt, nikel, qoʻrgʻo-shin, rux, ftor, xlor kabi kimyoviy elementlar, shuningdek, karbonat-gidrokarbonat, kremniy kislotasi va b. bor.
Ensiklopediya.uz
OLTIARIQ SANATORIYSI