Olma daraxtlarini parvarishlash
Olma daraxtlarini parvarishlash
DO`STLARGA ULASHING:

Koʼchatlarni tanlab olish.
Ekiladigan koʼchatlar saralab tanlab olinadi. Sifatli koʼchatlar boʼyi 1 metrdan kam boʼlmagan 2-3 asosiy shoxga ega tanasining diametri 1,5-2 sm boʼlgan yaxshi ildizlangan koʼchatlar ekishga tavsiya etiladiKoʼchat ekish uchun yerni tayyorlash.
Koʼchatlarni ekishga tayyorlashda avvalo, tomorqa maydonida suvning yurishi hisobga olinib, yer yaxshi tekislanadi. Maydonning har kvadrat metriga 6–10 kg goʼng (chirindi), 200– 250 g fosfor, 100–120 g kaliy va 150–200 g ammoniyli azot oʼgʼiti solinib, chuqur (25–30 sm) haydaladi. Koʼchatlarni ekish muddati va ekish sxemasi. Olma koʼchatlari payvandtaglariga qarab ekish sxemalari turlicha boʼladi: kuchli oʼsuvchi payvandtagda – 6×5 m (sugʼoriladigan boʼz tuproqlarda) va 5×5 m (shagʼalli-64 qumli tuproqlarda), oʼrta boʼyli payvandtagda 5×4 m, past boʼyli payvandtagda – 3×2,5 m (3 m –qatorlari orasidagi masofa, 2,5 m – koʼchatlar orasidagi masofa).Olma koʼchatlarini ekish muddati kuzda noyabrь oyida, erta bahorda esa fevralning oxiri–mart oyining boshlariga toʼgʼri keladi. Koʼchat ekish uchun chuqurligi va kengligi 60×60 sm boʼlgan chuqurchalar kovlanadi. Chuqur qazishda tuproq ustki qismining 20–25 sm qatlami oʼraning bir tomoniga, qolgan qismi ikkinchi tomoniga olib qoʼyiladi. Oʼraga 350–400 g fosfor, 30–40 g kaliy oʼgʼiti hamda 8–10 kg chirigan goʼngni tuproq bilan aralashtirib solib, keyin koʼchat ekiladi. Koʼchatni ekishdan oldindan tayyorlab qoʼyilgan shaltoqqa (yangi mol goʼngi tuproq bilan 1:1 nisbatda aralashtiriladi) ildiz qismini botirib olish lozim. Koʼchat oʼraga tik holda qoʼyilib, tuproq bilan koʼmiladi. Koʼchatni payvand qilingan joyi tuproqdan 4–5 sm yuqorida qolishi kerak.
Parvarishlash.
Daraxtlarga bahorda yarusli (qavatli) qilib shakl beriladi. Bunda daraxtning birinchi qavatida 3–4 dona asosiy shox qoldiriladi, qolganlari qirqib tashlanadi. Ikkinchi qavat shoxlari asosiy shoxlardan 30–40 sm, birinchi qavat shoxlaridan 25–30 sm masofada qoldiriladi. Uchinchi qavat shoxlari ham shu zaylda shakllantiriladi. Shakl berishda shox-shabbalarning bir-biriga soya berishini oldi olinib, bir maromda siyraklashtiriladi. Daraxt hosil qilmaydigan yilida butash tizimi quyidagicha amalga oshiriladi: shu yili oʼsib chiqqan novdalar kuchliroq kaltalashtiriladi, halqasimon meva shoxlari siyraklashtiriladi, murakkab halqasimon shoxlar kaltalashtiriladi. Daraxtlar hosil bergan yili novdalar 35–40 sm oʼsgan eski shoxlariga taqab qirqiladi. Bir yillik novdalarni qisqartirish hosil kurtaklarini koʼpayishiga olib keladi. Tomorqadagi olma daraxtlariga 300–350 g azotli, 250–300 g fosforli va 200–250 g kaliyli oʼgʼitlar sof holda solinishi tavsiya qilinadi. Har 2–3 yilda oʼrtacha 50–60 kg chirigan goʼng solish hosildorlikni oshiradi. Boʼz tuproqlarda olma daraxtlari oʼsuv davri mobaynida 4–6 marta, shagʼalli yerlarda 10–12 marotaba sugʼoriladi.Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish.
Olma daraxtiga zararkunandalardan olma qurti (mevaxoʼr), meva kanasi, binafsha rang qalqondor, kasalliklardan un shudring, kalmaraz (parsha), monilioz zarar keltiradi. Binafsha rang qalqondorga qarshi erta bahorda kurtaklar yozilgunga qadar Karate 5% em.k. purkaladi. Bundan tashqari, Perfekto 17,5% sus.k., Bagira 20% em.k. (10 sotix maydonga 15–20 ml) preparatlari bilan ishlov beriladi. Olma qurtiga qarshi Perfekto 17,5 % sus.k. (10 sotixga 15–20 ml) Karate 5 % em.k. (100 l suvga 30–40 g) qoʼllanilganda yaxshi samara beradi. Meva kanasiga qarshi Perfekto 17,5 % sus.k. (10 sotixga 20–30 ml) purkaladi. Olmaning kalmaraz (parsha), monilioz kasalliklariga qarshi Bordo suyuqligining 3 foizli (100 l suvga 3 kg mis kuporosi va 3 kg soʼndirilmagan ohak) eritmasi sepiladi. Kasalliklarga qarshi tadbirlar dori vositalari kurtaklar yozilguniga qadar oʼtkaziladi.
Olma daraxtlarini parvarishlash