Oliy toifali shifokor bayram dasturxoni atrofida to`g`ri ovqatlanish bo`yicha “master-klass” berdi
Oliy toifali shifokor Hilola Jamilova:
Dasturxon nechog`lik to`kin bo`lmasin, birdaniga ko`p ovqat eb qo`ymang, har bir ovqatni kam-kamdan eng;
quyuq ovqatlardan oldin sabzavot va mevalardan tayyorlangan salatlar eng, bu ishtahangizni jilovlab, ko`p eb qo`yishdan saqlaydi;
ovqatni ko`katlar bilan va xom holdagi sabzavot (masalan sabzi, karam va turp va h.k) va mevalardan tayyorlangan salatlar bilan qo`shib iste`mol qilsangiz hazm qilish osonlashadi;
ovqatlar oralig`ida olma sharbati ichib turing;
iste`mol qilinayotgan ovqat mahsulotining harorati me`yorda bo`lishi lozim, taomni o`ta issiq va sovuq holda iste`mol qilish organizm uchun zarar hisoblanadi;
issiq ovqatlar oralig`ida ko`k choy iching, zinhor issiq ovqat bilan muzdek ichimlik ichmang, aks holda hazm bo`lishi qiyinlashadi;
har bir ovqatlanish oralig`ida harakatda bo`lish, o`tirib qolmaslik, xonalarda yurish yoki biroz piyoda sayr qilib kelish, eyilgan ovqat hazm bo`lgandan so`ng, boshqa taomlardan tanovul qilish mumkin.
agar bayram kuni dasturxonda xamirli ovqatlar yoki yog`li, qovurilgan ovqatlar bo`lsa, avvalo, me`yorni unutmang, ularni qatiq va qatiqli salatlar va oshko`klar bilan eng va albatta ko`k choy ichib, hazm bo`lguncha kuting, ustiga boshqa ovqat aralashtirmang;
bayram kuni ko`proq yog`siz go`shtlardan tayyorlangan ovqatlar bo`lgani ma`qul. Parhezbop hisoblangan tovuq go`shtidan foydalaning.
dasturxonga mevali tort tanlang va kaloriyasi past bo`lgan shirinliklardan qo`ying. Chunki, shirinliklarga ruju qo`yish oshqozon osti bezini zo`riqtiradi, oqibatda esa qandli diabet deb atalmish og`ir kasallik rivojlana boshlaydi.
barcha iste`mol qilinayotgan ovqat mahsulotlari toza, muddati o`tmagan va etarli darajada texnik qayta ishlovdan o`tgan bo`lishi kerak;
taomlarni iloji boricha bir kun ichida tayyorlab, iste`mol qilish o`rinli. Chunki qayta isitib eyilgan ovqatning organizm uchun foydasi kam bo`ladi. Bundan tashqari, bayram kuni zo`riqqan oshqozon- ichaklarda yanada zo`riqish kuzatilib, noxush holatlarga sabab bo`lishi mumkin.
Ovqat tayyorlashda hayvon yog`lari o`rniga o`simlik yog`larini ishlatish lozim. Chunki o`simlik yog`lari tarkibida xolesterin moddasi bo`lmaydi, shuning uchun engil hazm bo`ladi. Hayvon yog`lari tarkibida yuqori darajada xolesterin moddasi bo`ladi;
Ovqatni pishirishda keragidan ortiqcha qovurmaslik kerak, chunki zarur bo`lgan vitaminlar va faol moddalar o`z xususiyatini yo`qotadi. Taomlarni ko`proq qaynatib, bo`g`lab tayyorlash. Bu ovqatning xavfsizligini ta`minlash bilan birga uning tarkibidagi yog`, tuz va shakar miqdorini kamaytirishga ko`maklashadi;
Bayram dasturxonidagi sho`r bodring, tuzlamalardan o`zingizni tiying. Sutka davomida iste`mol qilinadigan osh tuzning umumiy miqdori bir choy qoshiqdan oshmasligi kerak.
Osh tuzini ko`p iste`mol qilish ko`rish jarayonining buzilishiga, qon bosimining oshib ketishiga va buyrak xastaliklariga sabab bo`ladi. Taom pishirishda faqat yodlangan osh tuzini ishlatish zarur.
Bayram kunlari o`zingizni sog`lom va engil his etib, tetik va bardam yurishni istasangiz, albatta ovqatlanish tartibiga, sifatiga va me`yoriga qat`iy rioya qiling!
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Oliy toifali shifokor bayram dasturxoni atrofida to`g`ri ovqatlanish bo`yicha “master-klass” berdi