Ogahiy (1809-1874)
Ogahiy (1809-1874)
DO`STLARGA ULASHING:
Ogahiy 1809 yil 17 dekabrda Xiva atrofidagi Qiyot qishlogʻida (Hozirgi Ogahiy nomli jamoa xoʻjaligi) dunyoga kelgan.
Otasi Erniyozbek vafot etgach, yosh qolgan Ogahiyni togʻasi munis oʻz tarbiyasiga oldi. Munis atrofiga toʻplangan ijodkorlar boʻlgʻusi shoir Ogahiy ijodiga katta taʼsir qildi. Ogahiy dastlabki bilimni Munis Xorazmiydan oldi, keyichalik Xiva madrasalarida tahsil koʻrdi. 1829 yil Munis vafot qilgandan keyin Ollohqulixon uning oʻrniga Ogahiyni bosh miroblik vazifasiga tayinlaydi. Shoir xizmat yuzasidan Xorazm vohasining koʻp joylarida boʻlib, dehqonlarni, hunarmandlarni ayanchli hayotini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Bu Ogahiy ijodiga taʼsir etmay qolmadi.
Ogahiy 1872 yilda parokanda boʻlgan badiiy merosini jamlab “Taʼviz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) nomli devon tuzib qoldirdi. Madaniyatimizning durdonasi boʻlgan bu devon oʻzbek mumtoz sheʼriyatining 22 janrini oʻz ichiga qamrab olgan.
Ogahiy ijodida XIX asr Xiva xonligidagi ijtimoiy hayot oʻz ifodasini topgan. Bu davrga kelib, Turkiston Rusiya tomonidan bosib olingandi, xalq ikki yoqdan zulm ostida qolgandi. Ogahiy bundan qattiq qaygʻurardi, xalq hur, ozod yashashini orzu qilardi.
Ogahiy dunyoga, insonga tuganmas muhabbat, hayotga cheksiz mehr bilan qaraydi, ijtimoiy jarayonlarga qattiq qiziqadi. Shoir insonni hayot goʻzalliklarini, muhabbat shavq zavqini toʻlib toshib tarannum etadi. Mutafakkir oʻz asarlariga ijtimoiy fikrlarni mahorat bilan singdirib yuboradi. Misol uchun mashhur “Feruz” ashulasidagi quyidagi satrlarni eslaylik:
Ey shoh, karam aylar chogʻi teng tut yomonu yaxshini,
Kim, mehr nuri teng tushar vayronu obod ustina.
Xoki taning barbod oʻlur, oxir jahonda necha yil,
Sayr et Sulaymondek agar taxting qurib bod ustina.
Ogahiy davlatni boshqarishning yoʻllarini ham koʻrsatib oʻtgan. Shoirning fikricha, shoh shariat ahkomlariga qattiq amal qilmogʻi darkor. Aysh ishratdan, fitna va gʻiybatdan, gʻaflatdan, yalqovlikdan, zulmrazolatdan, chaqimchilikdan, molparastlikdan uzoq boʻlishi kerak. Xiva xoni Feruz Ogaxiyning davlatni boshqarish toʻgʻrisidagi maslahatlariga quloq tutgan, uning hikmatali baytlarini marmar toshlarga yozdirib arzxonalariga qoʻydirgan, koʻp ezgu ishlarni amalga oshirgan.
Bu davrda Xorazm xalqi mahalliy boylar va rus bosqinchilari zulmi ostida qolgandi. Lekin shunga qaramay xonlikda madaniy-maʼrifiy ishlar rivoj topdi. Bunda Ogahiyning maʼrifiy hissasi katta boʻldi. Ogahiyning Feruzga bergan siyosiy saboqlari bugun ham oʻz qiymatini yoʻqotgan emas.
Mutafakkir shoir jamiyatning insonparvarlik imkoniyatlarini oshirishning barcha yoʻllaridan foydalanishga harakat qildi, hukmdorlarni adolatga, rahmshafqatga daʼvat etdi. Ogahiy Sayid muhammadxon iltimosiga binoan 1857 yilda qasida yozdi.
Bas, endi raiyatga qil imdod,
Topay desang ikki jahonda murod.
Ilohe, bu qasr ichra qilyun makon,
Bu manzilni fahm etmagil jovidon.
Vafosiz durur dahr iqboli bil,
Baqosiz durur mulk ila moli bil.
Koʻngil qoʻymagil mulk bunyodigʻa,
Yet, albatga, mazlumlar dodigʻa!
Qasida koʻhna Arkda xonning arzxonasidagi marmar ustunga oʻyib yozildi. Shoir oʻz qasidasida insonparvarlik gʻoyalarini olgʻa surdi, adolatparvar, maʼrifatparvar davlat rahbarlarini orzu qildi va xonni shunga daʼvat etdi.
Ogahiy Xiva xonligining 1813 yildan 1873 yilgacha boʻlgan tarixini izchillik bilan boy manbalar asosida yozib qoddirgan. Ogahiyning tarixiy asarlariga akademik V. V. Bartold yuqori baho bergan: “Munis va Ogahiy tomonidan yaratilgan adabiy va tarixiy asarlar… voqealarni bayon etish va ularda keltirilgan daliliy manbalarning koʻpligi jihatidan bizgacha yetib kelgan Qoʻqon va Buxoro xonliklari tarixi boʻyicha boʻlgan hamma asarlarni oʻzidan ancha orqada qoldiradi”.
Ogahiy (1809-1874)