OʻZLASHTIRMA GAP
OʻZLASHTIRMA GAP — sintaktik hodisalardan biri. Oʻzgalar gapining mazmuni saqlanib, grammatik shakli yoki gap qurilishi oʻzgartirib berilishi Oʻzlashtirma gap hisoblanadi. Bunda muallif boshqalar gapining grammatik va ayrim leksik xususiyatlarini oʻzgartirgan holda oʻzlashtirib, hikoya qilib beradi. Oʻzlashtirma gap koʻchirma gapdan ohangi va ayrim feʼl shakllarining ishlatilmasligi bilan ham ajralib turadi. Koʻchirma gapda juda koʻp qoʻllanadigan demoq feʼlining deb, dedi, deydi, degan edi kabi shakllari Oʻzlashtirma gapda deyarli qoʻllanmaydi. Oʻzlashtirma gapda uning oʻrnida koʻproq aytmoq, gapirmoq, taʼkidlamoq feʼllari ishlatiladi: Oʻqituvchi ona tilini yaxshi bilmasdan, boshqa fanlarni chuqur egallash mumkin emasligini taʼkidladi.
Ensiklopediya.uz
OʻZLASHTIRMA GAP