OʻZBEKISTON RESPUBLIKA TOVAR XOM ASHYo BIRJASI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKA TOVAR XOM ASHYo BIRJASI

OʻZBEKISTON RESPUBLIKA TOVAR XOM ASHYo BIRJASI — yuqori xaridorgir tovarlar, xom ashyo mahsulotlari savdosini amalga oshiradigan yetakchi birja. 1994 yil 8 apr. da «Toshkent» universal tovar-fond birjasi (1991) ning «Toshkent» respublika fond birjasi va tovar-xom ashyo birjasiga boʻlinishi natijasida tashkil topgan. Boshqaruvi Toshkent shahrida. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent viloyatidan tashqari barcha viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida filiallari bor. Barcha filiallari yagona elektron tizim bilan bogʻlangan. Birjada mamlakatdagi va chet ellik xaridorlar uchun neft mahsulotlari, koʻmir, paxtani qayta ishlash mahsulotlari (paxta tolasi, lint, shrot, shulxa), rangli va qora metallar, sement, mineral oʻgʻitlar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalarning muntazam savdosi oʻtkaziladi. 2004-yildan respublika ichki bozorida talab yuqori boʻlgan tovarxom ashyo mahsulotlarining limit fondlar boʻyicha taqsimoti tizimi tugatildi va mazkur birjada bu resurslarning muntazam ochiq va raqobatli birja savdosi yoʻlga qoʻyildi. Birja savdolarida har bir xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun oʻziga kerakli tovarxom ashyo resurslarini milliy valyutaga va asosli narxlarda sotib olish imkoniyatlari yaratildi. Muntazam va kundalik birja savdolarining butun respublika hududini qamragan yagona elektron tizimi barpo etilgan. Birjada akkreditatsiya qilingan 1000 ga yaqin brokerlar ishlaydi. Birja huzurida savdolarda tuzilgan shartnomalarning sotuvchilar va xaridorlar tomonidan bajarilishini kafolatlaydigan hisobkliring palatasi faoliyat koʻrsatadi (2004). Respublikaning barcha viloyatlarida, ayniqsa, qishloq joylarida dehqon va fermer xoʻjaliklariga resurslar sotish bilan ularning oʻz mahsulotlarini ham birja koʻrgazmalariga qoʻyadigan 37 ta maxsus savdo maydonchalari tashkil etilgan. Birjada koʻrgazmayarmarka savdolari elektron tizimi joriy etilgan boʻlib, tovarlar birja listingta fototasvirlari bilan birga kiritiladi. Bu esa milliy eksporterlarning jahon bozorlariga chiqishiga yordam beradi. 2004-yilda birjada 150,5 ming t paxta tolasi, 63,8 ming t shrot, 137,7 ming t avtomobil benzini, 346,6 ming t dizel yonilgʻisi, 136 ming t sement, 37,2 ming t qora metallar prokati, 43,9 ming t koʻmir, 19,1 ming t mineral oʻgʻitlar va boshqalar mahsulotlar sotildi. 2004-yilda birjaning umumiy tovar aylanmasi 450,1 mlrd. soʻmni tashkil etdi (2000-yilda 65,8 mlrd. soʻm; 2003-yilda 288,3 mlrd. soʻm).

Ensiklopediya.uz
OʻZBEKISTON RESPUBLIKA TOVAR XOM ASHYo BIRJASI