OʻZBEKISTON NASHRIYOT-MATBAA IJODIY UYI
«OʻZBEKISTON» NASHRIYOT-MATBAA IJODIY UYI — Oʻzbekiston Respublikasi matbuot va axborot agentligi tizimidagi muassasa. 1925-yilda Oʻrta Osiyo Davlat nashriyoti negizida Oʻzbekiston Davlat nashriyoti (Oʻzdavnashr) nomi bilan tashkil etilgan. Respublikada 30-y. larning 2-yarmiga qadar barcha turdagi adabiyotlar Oʻzdavnashrda chop qilingan. 2-jahon urushi yillari respublikadagi mustaqil nashriyotlar Oʻzdavnashrga birlashtirilgan, matbaa korxonalari, kitob savdosi ishlari ham uning ixtiyoriga berilgan. Oʻzdavnashr boʻlimlari negizida «Oʻqituvchi» (1949), Davlat badiiy adabiyot nashriyoti (1957), «Meditsina» (1958), «Yosh gvardiya» (1960) nashriyotlari tashkil etilgan. 1964-yildan Oʻzdavnashr «Oʻzbekiston» nashriyoti deb atala boshlagan. 2004-yilda «Oʻzbekiston», «Mehnat», «Oʻzblanknashr» nashriyotlari, Toshkent matbaa k-ti birlashtirilib, «Oʻzbekiston nashriyot-matbaa ijodiy uyi»n. m. i. u. ga aylantirildi. Uning tarkibiga bolalar nashrlari: «Gulxan», «Gʻuncha» jur. lari, «Tong yulduzi», «Klass!» gaz. lari, «Sogʻlom avlod», «Zerkalo XXI veka» gaz. lari tahririyatlari kiritildi (nashriyot tarixi haqida yana q. Noshirlik). «Oʻ» n. m. i. u. Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini, Respublika hukumati qarorlarini va boshqalar rasmiy materiallarni, turli meʼyoriy hujjatlarni nashrga tayyorlab, chop etadi. Shuningdek, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, yuridik adabiyotlarni, oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, akademik litseylar hamda kasb-hunar kollejlari uchun darsliklar, oʻquv va metodik qoʻllanmalar hamda boshqa adabiyotlarni nashr qiladi. Taʼlim oʻzbek, rus, tojik, turkman, qirgʻiz va qozoq tillarida olib boriladigan umumtaʼlim maktablari uchun darsliklar chiqaradi. Oʻzbek, qardosh va xorijiy tillarda ilmiyommabop, badiiy adabiyotlar, maʼlumotnomalar, lugʻatlar, tasviriy sanʼat mahsulotlari, fotoalbomlar, bukletlar, prospektlar, kalendarlar, plakatlar, koʻrgazmali qurollar, gazetajurnallar, shuningdek, xalq isteʼmoli mollari bosma mahsulotlari, idora hujjatlari, sinf jurnallari, dasturlar, turli ish qogʻozlari (blanklar) ni ham chop etadi.
Ensiklopediya.uz
OʻZBEKISTON NASHRIYOT-MATBAA IJODIY UYI