OʻZBEKISTON BADIIY AKADEMIYASI
OʻZBEKISTON BADIIY AKADEMIYASI (OʻzBA) — Oʻzbekiston tasviriy va amaliy sanʼatining yirik arboblarini birlashtiruvchi hamda madaniyat, meʼmorlik, tasviriy va amaliy sanʼat, sanʼatshunoslik, dizayn, muzeyshunos, ilmiy, ijodiy, taʼlim tizimiga ega yosh mutaxassislar tayyorlashga ilmiy metodik rahbarlik qiluvchi oliy ilmiy metodik tashkilot; Oʻzbekiston badiiy hayotining markazi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning «Oʻzbekiston Badiiy Akademiyasini tashkil qilish toʻgʻrisida»gi 1997 yil 23 yanv. farmoniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11 mart qaroriga binoan, 1997-yilda Toshkent shahrida tashkil qilingan. OʻzBA tarkibida 37 akademik (faxriy aʼzolari bilan) bor. Raisi — T. K. Duziyev (1997-yildan). Oliy organi — Boshqaruv kengashi; majlislar oraligʻida OʻzBA faoliyatiga Rais boshchiligidagi Boshqaruv rahbarlik qiladi. OʻzBAda xalqaro aloqalar, axborot va marketing, taʼlim, metodika va ijodkor yoshlar bilan ishlash, moliyaiqtisod va moddiy texnik taʼminot, markaziy hisobxona, ijodiy boʻlimlar boshqarmalari mavjud. OʻzBA milliy va badiiy kadrlarni tayyorlashda muhim rol oʻynaydi; uning faoliyati tasviriy va amaliy sanʼat ustalariga gʻamxoʻrlik qilish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, yosh isteʼdodlarni kashf qilish, koʻrgazmalar uyushtirish, milliy anʼanalarni rivojlantirish, badiiylik asosida yuksak maʼnaviy tarbiya berishga yoʻnaltirilgan.
Ensiklopediya.uz
OʻZBEKISTON BADIIY AKADEMIYASI