OʻTA GALAKTIKA
OʻTA GALAKTIKA, galaktikalar oʻta sistemasi — galaktikalarning ulkan (gigant) toʻplami. Bir necha oʻnlab guruhlarni va bir necha yuz yoki minglab toʻdalarni tashkil etadi. Galaktika guruhlar va toʻdalar, oʻz navbatida, oʻta toʻda yoki Oʻta galaktika hosil qilishi mumkin. Oʻta galaktika osmon gumbazining galaktik ekvatorni deyarli toʻgʻri burchak ostida kesuvchi katta doirasi oldida yorqin galaktikalar toʻplanishi hodisasidan kuzatiladi. Bu doira atrofida osmon sirtining 10% ini tashkil qiluvchi 12° qalinlikdagi sohada 12yulduz kattaligidan yorqin boʻlgan barcha galaktikalarning taxm. 2/3 qismi joylashadi. Zaifroq galaktikalarga oʻtgan sari ularning doira oldidagi toʻplanishi susayadi. Toʻplam (konsentratsiya) doirasi orqali oʻtuvchi tekislikni oʻta sistemaning simmetriya tekisligi deyish mumkin.
Ensiklopediya.uz
OʻTA GALAKTIKA