OʻSIMLIKSHUNOSLIK
OʻSIMLIKSHUNOSLIK — madaniy oʻsimliklarni yetishtirish usullari haqidagi fan. Tuproqshunoslik, umumiy dehqonchilik, q. x. meteorologiyasi, oʻsimliklar fiziologiyasi, biokimyosi, genetikasi, seleksiyasi, q. x. mikrobiologiyasi, agrofizika, agrokimyo, urugʻchilik, oʻsimliklarni himoya qilish bilan chambarchas bogʻlangan. Oʻsimlikshunoslikning asosiy tadqiqot obyekti — q. x. da ekiladigan ekinlar (turi, xili, navi, duragayi), ularning biologiyasi; tashqi muhit — agroekologik sharoitlarga talabchanligi va boshqalar Zamonaviy Oʻsimlikshunoslik shugʻullanadigan asosiy masalalar: ekiladigan oʻsimliklar tasnifi (donli ekinlar, ildizmevali va tuganak mevalilar, moyli ekinlar, tolali ekinlar, yemxashak oʻtlari va ekinlari, narkotikalkaloidli ekinlar); ularning biologik va ekologik xususiyatlarini oʻrganish, navlar (duragaylar)ni r-nlashtirishning ilmiy asoslari, qimmatli xoʻjalik belgilariga ega boʻlgan oʻsimliklar introduksiyasi, q. x. ekinlarini yetishtirishda intensiv texnologiya (agrotexnika)ni oʻrganish va ishlab chiqish; ekinning tuproqqa va atrof muhitga galabi; oʻgʻitlar va sugʻorishga munosabati; potensial hosildorligi yuqori boʻlgan tezpishar, kasalliklar hamda zararkunandalarga chidamli navlarni yaratish; yangi navlar agrotexnikasi va boshqalar Oʻsimlikshunoslik ayrim ekinlarning biologik xususiyatlari: vegetatsiya davrining davomiyligi; organogenez, oʻsish va rivojlanish ritmlari; vegetatsiya va morfogenezning izchil ketmaket fazalari; ildiz sistemasi va assimilyatsion sirtning rivojlanish dinamikasi, quruq modda toʻplanishi, oʻsimlikda foydali xoʻjalik organlari va qismlarining shakllanishi; moddalar almashinuvi; suv va oziklanish rejimi, sovuqbardoshligi, qishlashga, qurgʻoqchilikka, shoʻrga va boshqalarga chidamligi va boshqalarni oʻrganadi. Oʻsimlikshunoslik ekinlarning ekologik xususiyatlarini oʻrganishda q. x. zonasidagi iqlim va tuproq omillarini baholash orqali oʻsimlik bilan tashqi muhit sharoitlari oʻrtasidagi munosabatlarni tadqiq etadi. Bunda ekish muddatlari, birinchi quzgi qorasovuq tushadigan davr, suv bilan taʼminlanish, tuproq unumdorligi va boshqalar masalalar oʻrganiladi.
Ensiklopediya.uz
OʻSIMLIKSHUNOSLIK