OʻPKA
OʻPKA — odam, quruqlikda yashovchi hayvonlar va baʼzi baliqlarning havodan nafas olish aʼzosi. Oʻpka ayrim mollyuskalar (quruqlikda va chuchuk suvda yashovchi qorinoyoqlilar), boʻgʻimoyoqlilar (chayonlar), baliqlar (ikki xil nafas oluvchilar, panjaqanotlilar, koʻpqanotlilar), quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlar va odamda qon bilan nafas olingan havo oʻrtasida gaz almashinuvini amalga oshiradi. Ikki xil nafas oluvchi baliqlar Oʻpkasi kataklarga boʻlingan, koʻp qanotlilarda — silliq devorli xaltachadan iborat. Quruqlikdagi umurtqalilar Oʻ. si qadimgi panjaqanotli baliqlar halqumi qorin qismi devorining boʻrtib chiqishi tufayli hosil boʻlgan. Suvda va quruqlikda yashovchilar Oʻpkasi silliq devorli xaltasimon, devorida burmalari bor. Sudralib yuruvchilar Oʻ. si ham xaltasimon, lekin ichki qismi juda koʻp toʻsiq va burmali. Qushlar Oʻ. si gʻovak. Sut emizuvchilar Oʻ. sidagi bronxlarning shoxlangan uchki qismida juda mayda pufakchalar — alveolalar boʻladi; Oʻ. devorlari kapillyar qon tomirlari toʻri bilan qoplangan. Oʻpkaga havo nafas yoʻllari (boʻgʻiz, kekirdak, bronxlar) orqali oʻtadi.
Ensiklopediya.uz
OʻPKA