Nutqning to’g’riligi

Nutqning to’g’riligi

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Topshiriq.
  2. 17-mashq
  3. 18-mashq
  4. 19-mashq
  5. 20-mashq
  6. 21-mashq

Topshiriq.

Gaplarni o‘qing, ajratib ko‘rsatilgan so‘zlar tarkibidagi grammatik shakllarning adabiy til me’yorlariga qay darajada muvofiq qo‘llanganligi haqida fikrlashing.

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
  1. Yaxshisi, chopqillab chiqqin-da, kesak otib, boyqushni uchirtirib yubor.
  2. Ko‘l yoqasidan o‘tgan zaxkashning muzdek salqin zaxob suviga qiychuvlashib cho‘milishamiz. (S. Ravshanov)

Nutqning to‘g‘riligi nutq madaniyati haqidagi ta’limotning markaziy masalasidir. Madaniy nutqning boshqa barcha kommunikativ sifatlari ayni shu to‘g‘rilik mavjud bo‘lgandagina yuzaga kela oladi. Zotan, to‘g‘ri bo‘lmagan nutqning aniqligi yoki mantiqiyligi, ifodaliligi yoki boyligi haqida gapirish mumkin emas. Aytish joizki, nutqning to‘g‘riligi boshqa barcha kommunikativ sifatlarning poydevori vazifasini bajaradi. Shuning uchun ham nutqning to‘g‘riligi nutq madaniyatining birinchi bosqichi bo‘lib, maktab ona tili ta’limining asosiy maqsadi ham o‘quvchilarda aynan to‘g‘ri nutq tuzish ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga qaratilgan.

To‘g‘rilik sifati nutq tarkibi va qurilishining amaldagi adabiy til me’yorlariga to‘la mosligi asosida yuzaga keladi. Adabiy til me’yorlariga amal qilinmasdan tuzilgan nutq to‘g‘ri nutq bo‘la olmaydi. Siz bilasizki, adabiy me’yor til unsurlaridan til qonuniyatlariga uyg‘un, jamiyat taraqqiyotining muayyan davrida barqarorlashgan ijtimoiy-nutqiy amaliyot va an’anaga muvofiq holda foydalanish qoidalari bo‘lib, o‘zbek adabiy tilida quyidagi me’yorlar farqlanadi:

  1. leksik (so‘z qo‘llash) me’yorlar;
  2. talaffuz me’yorlari;
  3. so‘z yasalishi me’yorlari;
  4. morfologik me’yorlar;
  5. sintaktik me’yorlar;
  6. uslubiy me’yorlar.

Adabiy til me’yorlarining odatdagi nutqda buzilishi nutqning noto‘g‘ri tuzilishiga olib keladi. Ammo badiiy adabiyotda muayyan estetik maqsad bilan adabiy til me’yorlaridan chekinish holatlari ham kuzatiladi va ular badiiylik uchun xizmat qiladi. Masalan, o‘zbek tilidagi grammatik me’yorlarga ko‘ra, ega shaxs bo‘lmasa, u ko‘plik sonda bo‘lsa-da, kesim ko‘plik qo‘shimchasini olmaydi. Ammo badiiy asarda tasvirga erka bir ohang berish maqsadi bilan mahoratli ijodkor Abdulla Qodiriy Bu xabarni eshituvchi – Kumushbibining qora ko‘zlari jiq yoshga to‘lib, kipriklari yosh bilan belandilar tarzidagi go‘zal jumlani tuzadi.

17-mashq

Berilgan parchada badiiy maqsad bilan so‘z yasalishi me’yorlaridan chekinish holatini izohlang. Uning (Otabekning) ko‘ngil mevasi bu kungi qora voqea bilan qanday o‘ralib, yo‘qolib ketgan bo‘lsa, bundagi daraxtlar ham o‘z mevalarini kecha rangi bilan bo‘yab, yashil yaproqlari ila ko‘mgan edilar, ya’ni bunda o‘sgan daraxtlar qanday meva beradir – ajratish qiyin edi. U shu qorong‘uzor bilan qo‘shilishib ketgandek va qorong‘ulikning quchog‘iga kira borgandek mevazorning ichkarisiga yura bordi. (Abdulla Qodiriy)

18-mashq

Matnni ko‘chiring va otlanmoq so‘zi bilan bog‘liq holda leksik me’yorning turg‘unligi haqida fikr yuriting. Taraqqiyot shunchalik tezlashib ketdiki, sal bo‘shashsang, yo modadan orqada qolasan, yo avtobusdan. Hatto so‘z tug‘ilish sur’ati ham bu taraqqiyot oldida juda imillayapti. Masalan, qadimda Yo‘lga otlandi degan gap bor edi. Hozir otlar o‘rnini texnika egallab oldi. Lekin Yo‘lga otlandi gapi hamon tilimizda. Yo‘lga otlangan odam esa yalpayib mashinada o‘tirgan bo‘ladi. Demak, Yo‘lga mashinalandi degan gap tug‘ilishi kerak edi-da. (O. Farmonov)

19-mashq

Matnni o‘qing, fuqaro so‘zining me’yorlashganligi haqida fikrlashing. O‘tmishda fuqaro o‘rnida, asosan, tabaa, raiyat so‘zlari, ba’zan shu so‘zning o‘zi ham qo‘llangan. Alisher Navoiy asarlarida raiyat so‘zi ko‘p uchraydi… Sho‘rolar zamonida bu so‘z o‘rnida asli lotincha bo‘lmish grajdan so‘zi ishlatilgan. Mustaqillikka erishilgach, atama sifatida fuqaro joriy etildi. Bu asli arabcha bo‘lib, faqir so‘zining ko‘plik shaklidir. Arab tilida «yo‘qsil», «kambag‘al», «muhtoj», «bechora» ma’nolarini bildiradi.

Lekin o‘zbek tiliga kirib kelgach, ma’nosi o‘zgarib, «tabaa, raiyat, shuningdek, grajdanlik» ma’nosini kasb etgan. Qolaversa, ajdodlarimiz so‘zlaganlarida, yozganlarida kamtarinlik yuzasidan o‘zlarini (men so‘zini ishlatishni odob yuzasidan takabburlik deb bilib) fuqaro, faqir-u haqir deb ataganlar: «Faqir-u haqir janoblaridan o‘tinib so‘raydikim…», «Faqiringizni afv etgaysiz!» va hokazo kabi. Demak, fuqaro so‘zi mumtoz adabiyotda va jonli so‘zlashuvda qo‘llanilgan. Shu sababli fuqaro so‘zining atama sifatida qabul etilishi va joriy qilinishi asosli va qonuniydir. (A. Ibrohimov)

20-mashq

She’riy parchadagi g‘ayriodatiy birikmalarni aniqlang, adabiy me’yorlardan chekinishni tushuntiring. Ulardagi badiiylik haqida fikrlashing va birikma tarzida ko‘chiring.

Tovushlarning kichik, ulug‘i,
Tovushlarning hidi – bo‘yi bor.
Tovushlarning sovuq, ilig‘i,
Tovushlarning rangi-ro‘yi bor.
Tovushlarning shirin-achchig‘i,
Bordir hatto yumshoq, qattig‘i.
Shoir rassom bo‘lsaydi agar,
Chizar edi shundan lavhalar.

(Maqsud Shayxzoda)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Ich-etini yemoq Ruhan azoblanmoq, ezilmoq (fikr-o‘yini boshqalarga aytmay). Varianti: ichini yemoq; etini yemoq. Ma’nodoshi: o‘z yog‘iga o‘zi qovurilmoq. O‘xshashi: ichini kemirmoq; o‘zini o‘zi yeb qo‘ymoq. Kayfi buzuq Kayfiyati yomon, xafa. Ma’nodoshi: ta’bi xira; ta’bi tirriq. O‘xshashi: avzoyi buzuq.

  1. Qanday nutq to‘g‘ri nutq bo‘la olmaydi?
  2. Adabiy me’yor deganda nimalarni tushunasiz?
  3. Adabiy me’yorning qanday turlarini bilasiz?
  4. Nutqda ma’nodosh so‘zlardan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish qaysi me’yorga asoslanadi?
  5. Badiiy adabiyotda muayyan estetik maqsad bilan adabiy til me’yorlaridan chekinish mumkinmi?

21-mashq

Berilgan misollarda adabiy til me’yorlariga nomuvofiq qo‘llangan, ammo badiiy vazifa bajargan birliklarni izohlang va yozing.

  1. Gulsara tim qora tuflisini do’qillatib xonamga kirdi. – E, qaldirg‘ochmi u? Yaxshi odamlarning uyiga in qo‘yadi deyishadi… Kampliment emas, Quvvatjon… Singlimmi uyida denrojdeniyada edik. Uning eri
    shishkalardan. Sudya. (Sh. Xolmirzayev)
  2. Hademay bir-ikkita sovlig‘im qo‘zilaydi. Og‘iz ichgali bemalol tashrif buyurishlaring mumkin. (Sh. Xolmirzayev)
  3. Akalari izidan Samarqand borsa, «Ko‘nglim shuni xohladi, borib aytinglar otamga», – deb ularni qaytarib yuborgan ekan. (Erkin A’zam).
  4. Yo‘q, qorin janoblari to‘qlar, ertalab baliq yegan edik, faqat choy bo‘lsa kifoya, – dedi u kulib. (N. Aminov)

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Nutqning to’g’riligi