Nutqning sofligi va badiiy nutq

Nutqning sofligi va badiiy nutq

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. 1-topshiriq
  2. 2-topshiriq
  3. 56-mashq
  4. 57-mashq
  5. 58-mashq
  6. 59-mashq

1-topshiriq

Gaplarni o‘qing va shevaga oid birliklarning nima maqsadda qo‘llanganligini izohlashga harakat qiling.

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH
  1. Juringlar! Qaytishda cho‘milamiz! – dedi Oqboy. (Sh. Xolmirzayev)
  2. Shuytib kepqolganman-da men bu yoqlarga, bolam. (Erkin A’zam)
  3. Mana, Salom xon aytvotti, xijolat bo‘ladigan hech gap o‘tmabdi-ku. (Murod Mansur)
  4. Sharif akam gila xat berib yubordila, – dedi. (Tohir Malik)

2-topshiriq

Parchada tagiga chizilgan so‘zlarning qanday badiiy maqsadga xizmat qilayotganini tushuntiring.
Muxbir: – Xo‘sh, xo‘sh, endi tak… kechirasiz, kelinlaringiz orasida mayin kuladigani bormi?
Farmon: – Ha, bor. Mana, Sotti juda mayin, juda chiroyli kuladi. (Said Ahmad)
O‘g‘ilginamni yaxshi bilasan, qo‘ydek yuvosh bola. Kelinim, yashamagur, uni ham rasvo qildi. Bolaginamga ega chiqib, burnidan ip o‘tkazib oldi bu dog‘uli. (Said Ahmad)

Badiiy nutqda nutqning sofligi o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Badiiy nutqda qahramonning muayyan hududga mansubligini ta’kidlash maqsadi bilan shevaga oid so‘z, ibora, grammatik shakllar, personajlarning milliy mansubligi, madaniy-ma’rifiy saviyasiga urg‘u berish uchun o‘zbek tiliga kirib o‘zlashmagan chet so‘z va so‘z birikmalari ishlatish mumkin.

Qahramon ichki dunyosi, tarbiyalanganlik darajasini bo‘rttirib ifodalash niyatida dag‘al va haqorat so‘z-iboralar, shaxsning hissiy holati, nutqiy malakasining yetarli emasligini ko‘rsatishmumkin. U uchun haligi, masalan, innaykeyin, ya’ni, aytaylik, bildingizmi, tushundingizmi, men sizga aytsam, gap shundaki, qarang kabi o‘z ma’nosidan begona qilingan, ya’ni ishlamaydigan so‘z va iboralar ishlatilishi mumkin.

Ta’kidlash joizki, rasmiy-idoraviy qoliplashgan so‘z va iboralar rasmiy uslubdagina qo‘llanadi, ularni boshqa uslublarga olib kirish maqsadga muvofiq emas. Hatto badiiy asarda ham ularning maqsadsiz ishlatilishi o‘rinli bo‘lmaydi. Ammo personajning madaniy-ma’naviy saviyasini kinoyaviy ta’kidlash maqsadida, ya’ni estetik maqsad bilan rasmiy-idoraviy qoliplashgan iboralarning badiiy matnda qo‘llanishi kuzatiladi.

56-mashq

Gaplarni o‘qing. Ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning qanday badiiy maqsadda qo‘llanganini izohlang.

  1. Mingboshi erkin-erkin kuldi: – Tavba de, betavfiq! Astag‘furullo, de! – Miryoqub «astag‘furullo» o‘rniga uyat bir so‘z aytdi. Mingboshi besh battar yoyilib kuldi. – A battol-ey! O battol-ey! – dedi u. (Cho‘lpon)
  2. Tuf de, ko‘zing tegadi, kasofat! Shu so‘zingni menga aytsang, tishingni sug‘urib olardim. (Oybek)
  3. Bu yerda ish yomonmi? Raisning gapini eshitding-ku, yer yutkur! (O‘. Umarbekov)
  4. Hazarni biladimi bu go‘rso‘xta. Hukumatni qo‘liga tushsa, otuv berardi. (Murod Mansur)
  5. Endi Qizilsoyga yaqin borsang, o‘ldiraman, juvonmarg! (Erkin A’zam)

57-mashq

Atoqli adib Abdulla Qahhor qalamiga mansub quyidagi matnni o‘qing va unda nutqning qaysi sifatiga bee’tiborlik haqida gap ketayotganini aniqlang.
Hozirgi vaqtda tilimizning boyligini, uning qochiriqlarini o‘rganishga eringan, so‘z san’atiga hunar deb emas, kasb deb qaraydigan, bisotidagi bir hovuch so‘zni yillar davomida aylantirib kun ko‘rib yurgan bir turkum qalam ahlining «faoliyati», chalamulla ba’zi olimlarning «ilmiy xulosa»lari natijasida ajib bir til bunyodga kelgan. Bu tilda hech kim gapirmaydi, zotan, gapirish mumkin ham emas, faqat yozib, o‘qib berish mumkin…

Bu tilning hech qayerga yozilmagan, lekin amalda joriy bo‘lgan temir qonuniga ko‘ra «yaxshi ovqat yedim!» deb yozib bo‘lmaydi, albatta, «sifatli ovqatlandim» deb yozish shart… Bu tilda latifa aytib bo‘lmaydi, yozib bo‘lmaydi! Bu tilda hazilga, maqolga, matalga, ajoyib xalq iboralariga o‘rin yo‘q. Bu til har qanaqa jonli tilga kafan kiygizadi, har qanaqa o‘ynoqi mazmunni taxtaga tortadi, har qanaqa ma’ruzachini g‘urbatning uyasiga, har qanaqa auditoriyani o‘lik chiqqan hovliga aylantiradi.

58-mashq

Gaplarni o‘qing. Ajratib ko‘rsatilgan so‘zlarning qo‘llanish maqsadini tushuntiring.

  1. Boya… to‘satdan bo‘lganiga… shoshib qopmiz. shunga… haligi… so‘ragan pulingizni opkeldim… (O. Yoqubov)
  2. shu… shu, qarz berib tursangiz degandim, rais buva. (Tog‘ay Murod)
  3. Muso qo‘llarini ko‘ksiga chalishtirdi. – Endi, nima desam ekan, avvalo, «sumkam» emas, «sumkamiz» deng, xo‘pmi? Innaykeyin… – Mukambar jim qoldi. (Ahmad A’zam)
  4. Men qilishim kerak bo‘lgan ishni, umuman, qilib bo‘lgan, ya’ni, Esh voyga katta yaxshilik qilgan edim! Tushunyapsizmi? (Sh. Xolmirzayev)
  5. Unday mard, tanti, nima desam ekan, javonmardni ikki dunyodayam topolmaysan. – Javonmard deganingiz nimasi? – Javonmard… haligi, hech kim oldiga tusholmaydigan odam.(Murod Mansur)
  6. Xo‘sh, shunday qilib, bundan o‘n ikki yil muqaddam Samarqand bozoridagi choyxonachining yordamida mashina topib, Yakkachinorga yo‘l oldim. (O‘. Umarbekov)
  7. – Ota deyman… Haligi… – Labbay, gapiraver. – Sadafingiz bu yil o‘nni bitiradi. (Sh. Xolmirzayev)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.

Tishi o‘tmaydi 1. Biror qattiqroq narsani maydalashga, chaynashga tishining qurbi yetmaydi. 2. Yenga olmaslik; o‘zlashtira olmaslik.3. Idrok qilolmaslik, uqib yoki tushunib ololmaslik.

Xamirdan qil sug‘urganday Osonlik bilan, hech qanday qiyinchiliksiz. Xamir uchidan patir Katta, ko‘p narsadan boshlang‘ich va kichik bir qism.

  1. Sheva unsurlari badiiy nutqda qanday maqsadda qo‘llanadi?
  2. Badiiy matnlarda qahramonlarning madaniy-ma’rifiy saviyasini kinoyaviy ta’kidlashda qanday so‘z va iboralardan foydalaniladi?
  3. Badiiy matnda haligi, innaykeyin, ya’ni, aytaylik, tushundingizmi, men sizga aytsam kabi so‘z va iboralarni qo‘llashdan ko‘zlanadigan maqsadni tushuntiring.
  4. Badiiy matnda so‘zlovchi nutqiy malakasining yetarli emasligini ko‘rsatish uchun qo‘llanadigan so‘z va birikmalarga misollar keltiring.
  5. Men unaqa mashhur odam emasman, po‘ristoy bir polvonman xolos (Said Ahmad) gapidagi po‘ristoy so‘zining qo‘llanish sababi va poetik qimmatini tushuntiring

59-mashq

Biron-bir badiiy asardan shevaga oid so‘zlarni topib, ularni gap ichida ko‘chiring. Sheva so‘zlarning qo‘llanish sababini tushuntiring.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Nutqning sofligi va badiiy nutq