Nutqning ifodaliligi

Nutqning ifodaliligi

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. 1-topshiriq
  2. 2-topshiriq
  3. 80-mashq
  4. 81-mashq
  5. 82-mashq
  6. 83-mashq
  7. Manzara
  8. 84-mashq

1-topshiriq

Quyidagi she’rni o‘qing, undagi q tovushining takrori natijasida yuzaga kelayotgan ifodalilikni izohlashga harakat qiling.

11-sinf Ona-tili darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH

Qaro qoshing, qalam qoshing,
Qiyiq qayrilma qoshing, qiz,
Qilur qatlima qasd qayrab –
Qilich qotil qaroshing, qiz.

Qafasda qalb qushin qiynab,
Qanot qoqmoqqa qo‘ymaysan.
Qarab qo‘ygil qiyo,
Qalbim qizdirsin quyoshing, qiz.

(E. Vohidov)

2-topshiriq

Berilgan so‘z juftliklarini qiyoslang. Bu so‘zlarning ifodalilik imkoniyatlaridagi farqni izohlashga harakat qiling.

Izn bermoq – ruxsat bermoq;
raqam qilmoq – qayd qilmoq.

Nutq tinglovchi yoki o‘quvchiga jiddiy ta’sir qilishi uchun u ham shaklan, ham mazmunan diqqatni o‘ziga jalb qila oladigan bo‘lishi lozim. Ifodalilik sifatiga sohib bo‘lgan nutq bunday vazifani bajarishi
mumkin. Bu kommunikativ sifat til vositalarini ifoda maqsadiga to‘la muvofiq tarzda tanlash asosida yuzaga keladi. Nutqning turli uslublari bu kommunikativ sifatga turli darajada ehtiyoj sezadi. Masalan, rasmiy ish qog‘ozlarida ifodalilikka nisbatan kamroq e’tibor qilinsa, ilmiy uslubda o‘rni bilan bir qadar bu sifat kerak bo‘ladi.

Ifodalilik, ayniqsa, badiiy nutqning zaruriy sifatlaridandir. Tilda ifodalilikni ta’minlashga xizmat qiladigan imkoniyatlar juda ko‘p va xilma-xil. Bunday imkoniyat tilning barcha birliklarida mavjud. Tilning tovush qurilishi, so‘z xazinasi, morfologik shakllari, sintaktik birliklari, intonatsiya kabilarning har biri nutq ifodaliligining bitmas-tuganmas manbalaridir. Nutq tuzuvchi bulardan yetarli xabardor bo‘lsa, nutqning ifodalilik sifatini ta’minlashga qiynalmaydi.

80-mashq

Muhammad Yusuf qalamiga mansub she’riy parchalarni o‘qing. Ulardagi nutqiy ifodalilikni ta’minlayotgan leksik va fonetik vositalarni aniqlang.
Qadim yurtga qaytsin qadim navolarim,
Qumlar bosib qurimasin daryolarim.
Bo‘lar elning bolalari bir-birin der,
Bo‘lmas elning bolalari bir-birin yer.
Kapalakday kelib, qoshingga qo‘nib,
Ko‘zingga termulib umrim o‘tsaydi…

81-mashq

Matnni o‘qing. So‘zlarni ko‘chma ma’noda qo‘llash orqali nutq ifodaliligining ta’minlanishiga diqqat qiling.
Zebi yuragida tugilib yotgan zo‘r tugunni yechib yuborgan edi. Razzoq so‘fining sovuq yuzlari uning ko‘zlaridan yiroqlashganlar; nasihat yo‘li bilan minglarcha marta aytilgan va ta’kidlangan so‘zlar unutilgan. Sovuq so‘filarning «harom» degan da’volari sinib, parcha-parcha bo‘lgan. To‘rt devorning bu tutqun qizi o‘ziga o‘xshagan tutqunlardan boshqa hech bir guvoh va tilchi bo‘lmagan shu keng dalaning quloch yetmas bag‘rida yillardan beri tugilib kelgan alamlarini kuyga aylantirib, cheksiz bo‘shliqlarga yoyib yuborgan edi. (Cho‘lpon)

82-mashq

Gaplarni o‘qing. Nutqiy ifodalilikni ta’minlash maqsadida qo‘llangan birliklarni aniqlang himmatni qarang!
Tarixchilarning yozishicha, «oqposhsho» Aleksandr Ikkinchi oliy hazratlari ko‘p «adolatpesha» bo‘lgan ekanlar. Chernyayev ayni saratonda Toshkentni qariyb ikki oy suvsiz qoldirib qamal qilganini, shaharga bostirib kirgach, aholini ayovsiz qirganini eshitib, podshoyi olam qattiq ranjibdilar. Shu qadar xafa bo‘libdilarki, Chernyayevni kapitanlik unvonidan mahrum qilib, general unvonini beribdilar. Bandi brilliant bilan jilolangan oltin qilich hadya qilibdilar. Bir «bechora»ni «jazolash» bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi-da! (O‘. Hoshimov)

83-mashq

Berilgan she’rni ifodali o‘qing. So‘zlarni ko‘chma ma’noda qo‘llash orqali nutq ta’sirchanligini ta’minlashdagi o‘rnini izohlang.

Manzara

Qora qushlar qo‘narlar
Majnuntolning shoxiga.
Boshin suvga egarlar,
Boqmay sira ohiga.

Rahmi kelib bulutning,
Yig‘lab to‘kar yoshini.

Qushlar qochar, majnuntol
Ko‘taradi boshini.
Bulutning orasidan
Quyosh kulib qaraydi

Majnuntolning yuvilgan
Sochlarini taraydi.

(E. Vohidov)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Qildan qiyiq axtarmoq Yomon niyat bilan deyarli aybi yo‘q odamning faoliyatidan ayb topishga harakat qilmoq. Varianti: qildan qiyiq qidirmoq. Ma’nodoshi: tirnoq orasidan kir izlamoq.
qora terga botmoq Haddan tashqari zo‘r berish natijasida mo‘lko‘l terlamoq. Varianti: qora terga tushmoq.

  1. Nutqning ifodalilik sifatini tavsiflang.
  2. Nutqning ifodalilik sifatiga qaysi uslubda ko‘proq ehtiyoj seziladi?
  3. Qaysi nutqiy uslubda ifodalilik sifati u qadar muhim emas?
  4. Til estetik vazifasining amalga oshishida nutqning qaysi kommunikativ sifati favqulodda muhim o‘rin tutadi?
  5. Nutq ifodaliligini yuzaga chiqarishda so‘z va ibora ma’nodoshligi qanday ahamiyat kasb etadi?

84-mashq

Tugadi – bitdi, keldi – qadam ranjida qildi kabi so‘z va iboralar juftligi ishtirokida gaplar tuzing. Tuzilgan gaplar asosida bu birliklarning ifodalilik imkoniyatlarini izohlang.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Nutqning ifodaliligi