Nutqning boyligi
1-topshiriq
Berilgan parchada ayni bir xil birikmaning bir necha marta qo‘llanishi natijasida nutqning kambag‘allashayotganiga diqqat qiling, uni izohlashga urinib ko‘ring.
Men esa, iloji boricha, kuchimning boricha chopib, jinoyatchidan ortda qolmaslikka, uning qorasini ko‘zdan yo‘qotmaslikka tirishaman… Valitov yo‘l ustiga gursullab ag‘anadi, Davletshin chaqqonlik bilan uning ustiga minib oldi… Bor kuchi bilan tipirchilab, oyoqlari bilan tepinib ko‘rsa ham, Valitov uni ustidan irg‘itib tashlay olmadi… Biz yetib kelgan edik. Bor kuchim bilan uning qo‘liga yopishdim. (M. Nasibullin)
2-topshiriq
Matnni o‘qing. Ma’nodosh so‘zlarning qo‘llanish o‘rinlariga diqqat qiling.
Mirzakarimboy ilonning yog‘ini yalagan odam edi: hamma boylar kabi ayyor, mug‘ombir, puxta-pishiq; u yuraksiz emas, balki har ishda ehtiyotkorlikni ma’qul ko‘rar edi. Mana shular orqasida u, kamtarin mahalla baqqolining o‘g‘li Karim chittak – kichkina, lekin harakatlari chaqqon va ildam bo‘lganidan, yoshlikda shunday laqabi bor edi, – hozir kimsan Mirzakarimboy!.. (Oybek). Nutq ta’sir va tasvir quvvatini namoyon qilishi uchun u boylik sifatiga ega bo‘lishi zarur.
Nutqning boy yoki kambag‘alligi unda tilning bir-biridan farq qiladigan unsurlari (so‘zlar, ma’nolar, intonatsiya, sintaktik tuzilmalar, iboralar va sh.k)dan qay darajada foydalanilganlik bilan belgilanadi. Ayni bir til unsuri nutqda qanchalik kam takrorlangan bo‘lsa, bu nutqning boylik darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi yoki, aksincha, muayyan til unsurining takrori ko‘p bo‘lgan nutq kambag‘al hisoblanadi va uning ta’siri ham shunga yarasha bo‘ladi. Nutqning bu sifati rang-baranglik tarzida ham talqin etiladi, ya’ni boylik tegishli fikr ifodasi uchun qo‘llangan til birliklarining xilma-xilligi, rang-barangligi bilan o‘lchanadi.
Boy nutq tuzish uchun ifodalarning bir xilligidan qochish, ayni bir tushuncha yoki fikrga farqli-farqli til birliklarini tanlash lozim. Buning uchun esa nutq tuzuvchi yetarli miqdordagi so‘zlar, ularning ma’nolari, so‘z birikmasi va gap modellari zaxiralariga sohib bo‘lmog‘i talab etiladi. Bu zaxira qancha boy bo‘lsa, notiq o‘z nutqining maqsadiga muvofiq tarzda undan maqbul birliklarni tanlash, xilma-xil ifodalarni ishga solish imkoniyatiga shunchalik ko‘proq ega bo‘ladi. Nutqning boyligi sifati boshqa uslublarga qaraganda, badiiy uslubda alohida o‘rin tutadi.
60-mashq
Parchani o‘qing. Unda ota va padar so‘zlarining ma’nodoshligidan nutq boyligini ta’minlashda qanday foydalanilganligini izohlang.
Maryam opa ko‘rsatgan stullarga endi joylashgan paytimizda ulkan adibimiz Odil Yoqubovning xiyol bo‘g‘iq, ammo o‘ktam ovozi hammamizni oyoqqa turg‘izib yubordi.
– Eh-he! Xuddi otasining uyidadek kerilib o‘tirishini ko‘ring bularni! – …tik gavdasini oldinga tashlabroq shoshmasdan kirib kelardi oqsoqol adib.
– Otamizniki bo‘lmay kimniki! – bo‘sh kelmadi Pirmat aka ham.
– Siz faqat bizga emas, yana o‘nlab shogirdlaringizga ham ma’naviy padarsiz, ustoz! (A. Ko‘chimov)
61-mashq
Matnlarni o‘qing, ma’nodosh so‘zlarning qo‘llanishiga diqqat qiling.
- Bu g‘ayritabiiy vajohatga to‘la sas o‘tovda keng, og‘ir po‘stinga o‘ralgancha endigina uyqu to‘riga chirmalgan Ermanga shunchaki itning ovozi emas, balki yer bag‘irlab o‘rmalab kelayotgan baloyi azim – qirq ming oyoqli yovuz, dahshatli bir maxluqning sharpa – sadosidek tuyuldi. (N. Norqobilov) 2. Do‘stim Sharif aytganki, «E o‘rtoqlar, durustroq o‘ylanglar. Bu o‘zi muzey bo‘lsa, muzeyda tarixdan, ya’niki o‘tmishdan o‘zga yana nima bo‘lishi mumkin?!» Xayriyatki, tushunishgan. Ular avvalboshdan tushunishga moyil edilar, lekin tushuntiradigan mard topilmay garang bo‘lardik. Ha, birodarlar, marhum do‘stimiz shunday mard odam edi. (Murod Muhammad Do‘st)
62-mashq
Matnni o‘qing. Leksik va sintaktik ma’nodoshlikning nutq boyligini ta’minlashdagi ahamiyatini tushuntiring.
O‘shanda his-hayajonga bandi bo‘lgan Erman qasam zamiridagi o‘ta og‘ir, o‘ta zalvarli yukni dastlab to‘la his etmagan, guldor kigiz ustida bamisoli baqadek tosh qotib o‘tirgan, hayratdan tosh qotgan Itolmasning behad quturishini va uning g‘azabkor bo‘kirishidan tog‘lar boshi ko‘chib, olam ostin-ustun bo‘lib ketishini kutgan. Biroq u kutgan hol yuz bermadi – Itolmas quturmadi. U biror muddatdan so‘ng xayolini jamlab, jilovlab, avvaliga nimtabassum qildi, so‘ng kuldi. (N. Norqobilov)
63-mashq
Matnni o‘qing. Nutq tuzuvchining qanday gap shakllaridan foydalanganini aniqlang, bu jihatlarning nutq boyligini ta’minlashdagi o‘rnini tavsiflang.
Yaxshiboyev hozir o‘zi gaplashgan yigitning qiyofasini ko‘z oldiga keltirdi: yoshi qirqda, lekin, nari borsa, o‘ttizlik ko‘rinishi bor. Qomatdor, xipcha, sochlari orqaga taralgan, silliq taralib, ustidan lok sepilgan; to‘qrang kostyumi sutday oppoq ko‘ylakda, misoli tanburning toriday tarang; yuzida tavoze, ammo jilmaygani sezilmaydi. Necha yildirki, Yaxshiboyev uning yuzini ko‘rib, «odam degan qanaqasiga jilmaymasdan ham tavoze qilishi mumkin», deya bosh qotiradi. Birinchi yordamchi esa buning tamoman aksi: dehqonsifat; semiribroq ketgan; yoshi ham biror ellikni qoralagan; gaplari keskin va bejog‘siz. (Murod Muhammad Do‘st)
Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.
Ep bilmaslik Noloyiq, yarashmaydigan ish deb bilmoq. Ma’nodoshi: ep ko‘rmaslik.
Esi ketmoq I 1. Qiynalib holsizlanmoq. O‘xshashi: holdan toymoq; holdan ketmoq. 2. Qayta-qayta mehribonlik, xayrixohlik bildirmoq.
Esi ketmoq II Xayoli biror narsa haqidagi o‘y-xotiralar bilan bo‘ldi.
- Nutqning boyligi deganda nimani tushunasiz?
- Nutqning kambag‘alligi deganda-chi?
- Nutq boyligini ta’minlashning asosi nima?
- Nutqning boyligiga putur yetkazuvchi holatlarni aytib bering.
- O‘rinsiz qaytariqlarning oldini olish uchun nutq tuzuvchi qanday malakaga ega bo‘lishi kerak?
64-mashq
Gaplarni o‘qing. Leksik va frazeologik ma’nodoshlikni boy nutq tuzishdagi ahamiyatini tavsiflang.
- Shu bois u sayhonlikda «uloq-uloq» o‘ynayotgan bolalardek shovqinlab, ovulni boshiga ko‘tarayotgan yigitlarning qilig‘ini ko‘pda yoqtirmay, jini qurishibroq turardi. (N. Norqobilov)
- Amir Temur halim tabiat, yumshoq ko‘ngil, tortinchoq, qora ko‘zlari hamisha mungli boqadigan
qizini juda ham ardoqlar, har kuni holidan xabar olardi. (Muhammad Ali) - Rahim Saidov uyni yana bir bor qarab chiqdi. Tryumoning hamma tortmalarini axtardi, yozuv stolining g‘aladonlarini bir-bir titkiladi. Boshqa hech narsa chiqmadi. (O‘. Umarbekov)
- Ra’no ota oyoqlarini quchoqlab, boshini urib yig‘ladi, ketmayman deb dod soldi. Ota ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib, ovozi titrab, ho‘ngramoqdan beri bo‘lib «Jonim bolam, iloyo, borgan joyingda unib-o‘sgin» deb duo berdi. (Isajon Sulton)
Maktab darsliklari, Ta‘lim
Nutqning boyligi