Nozim To’laxo’jayev 1951 yil 4-yanvar sanasida Toshkent shahrida ziyoli oilada tug’ilgan. Uning otasi O’zbekiston xalq shoiri Turob To’la bo’lib, onasi Tamara Xachaturova esa shifokor bo’lgan.
Aktyorni oilada bir opasi bor. Uning opasi ko’pchiligimizga tanish bo’lib, «Maftuningman» filmida Muhabbat ism qiz rolini ijro etgan.
Nozim To’laxo’jayev teatr va kino ichida katta bo’lgan. Bolaligidanoq turli filmlarda epizodik rollarda suratga tushib yurgan.
Maktabni tamomlagach 1970 yilda Moskvadagi Lunacharskiy nomidagi teatr san’ati oliygohining rejissura bo’limiga o’qishga kirgan.
Ushbu oliygohda u Aleksandr Abdulov va Alla Pugachyova kabi san’atkorlar bilan birga tahsil olgan.
Oliygohni tamomlab Toshkentga qaytgach, bir yillik harbiy xizmatga borgan. Askarlik davrida u harbiy kinostudiyada fotograflik qilgan.
Harbiy xizmatdan qaytgach «O’zbekfilm» kinostudiyasini Multifikatsion filmlar studiyasida ishlay boshlagan. Nozim To’laxo’jayev ushbu studiyadagi faoliyati davomida ssenariyst va rejissyor sifatida ko’plab multfilmlarni suratga olgan va bir necha xalqaro tanlovlarda sovrindor bo’lgan.
U aktyor sifatida bugungacha, «Osmondagi bolalar», «O’tov», «O’yin» va «Jiyda guli» kabi ko’plab film va seriallarda suratga tushgan bo’lib, aynan shu filmlardagi rollari bilan tomoshabinlarga tanilgan.
Nozim To’laxo’jayev o’zining san’at sohasidagi ko’p yillik faoliyati sabab «O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi» unvoni bilan mukofotlangan.
Bu aktyor o’z ishini shaxsiy hayotidan ustin qo’ygan kam sonli san’atkorlardan biri hisoblanadi. U yaqin 50 yosh arafasida oila qurgan, biroq bu turmushi o’n yil davom etgan holos. Shundan keyin bu aktyor boshqa uylanmagan. Hozirda yolg’iz hayot kechiradi.
Bugungi kunda 68 yoshda bo’lgan Nozim To’laxo’jayev hamon o’zining kinoaktyor va rejissyor sifatidagi faoliyati davom ettirib kelmoqda.