Nosiruddin at-Tusiy haqida to’liq malumot oling
Tug‘ilgan sana: 1201 yil
Vafot etgan sana: 1274 yil
Aniq fanlar sohasida O’rta Osiyo olimlari IX-XVIII asrlarda o’zlarining ko’pdan-ko’p ilmiy asarlari
bilan, ayniqsa astronomiya va riyoziyotda, buyuk yangiliklar kiritdilar. To’qqiz asr davomida Sharq
mamlakatlarida, shu jumladan, O’rta Osiyoda ham, ulug’ madaniy shaharlar vujudga keldi, bu
shaharlarda ilmiy maktablar va aniq fanlar bo’yicha hisoblash markazlari tashkil etildi. Ular ichidan
faoliyatining asosiy yo’nalishi astronomik tadqiqotlar bo’lgan uch ilmiy maktabda vujudga kelgan
kashfiyotlar e’tiborga loyiqdir.
Tarjimai hol
Birinchi ilmiy maktab XIII asrda Janubiy Ozarboyjonning poytaxti Marog’a shahrida tashkil qilindi.
Maktabning ilmiy rahbari Nosiriddin Tusiy edi. Uning iltimosiga ko’ra, 1259 yili Xuloguxon
rasadxona qurdirdi. Chunki xon bundan o’z manfaatini ham ko’zlagan edi, ya’ni turli harbiy yurishlar
va boshqa ma’muriy tadbirlarni amalga oshiradigan omadli kunlarni aniqlash va bunday kunlarni
oldindan bildiradigan jadval-goroskop tuzib berishlarini u olimlardan talab qilgan edi. Bunday
jadvallarni tuzish esa ma’lum astronomik kuzatishlarni taqozo qilardi.
Biroq keyinchalik Nosiriddin Tusiyning g’ayrati va shijoati sabab bo’lib, bu rasadxona XIII asrning
yirik ilmiy markaziga aylandi va tarixda o’chmas iz qoldirdi. O’rta asr tarixchisi Rashididdinning
ma’lum qilishicha, rasadxonaning yuzga yaqin xodimi bo’lgan. Ozarboyjonlik olim
H.Mamedbeylining «Nosiriddin Tusiy – Marog’a rasadxonasining asoschisi» degan asarida
rasadxonada ishlagan 21 astronomning ro’yxati keltirilgan.
Tusiy tarixga qomusiy alloma sifatida kirdi. Uning matematika va astronomiyaga oid «Algebra va
almuqobaladagi hisoblash masalalari haqida risola», «Astronomiyadan Nosiriddinning esdaliklari»,
fizikaga oid «Nurning sinishi va qaytishi haqidagi risola», «Issiq va sovuq haqidagi risola», boshqa
fanlar sohasida Xuloguxonga bag’ishlangan «Tansiqnomai Elxoniy» («Elxon mineralogiyasi»),
pedagogikaga oid «Axloqi Nosiriy», mantiq bo’yicha yozgan «Asos al-iqtibos» («Bilim olishning
asoslari») va boshqa asarlari qimmatli meros hisoblanadi.
Olimning ilmiy merosi ichida uni dunyoga tanitgan buyuk astronomik asari «Ziji Elxoniy» («Elxon
ziji») bo’lib, u Xuloguxonga bag’ishlangan edi (Xuloguxonning taxallusi Elxon bo’lgan). Bu asarda
keltirilgan talay yirik shaharlarning geografik koordinatlari, yulduzlarning koordinatlari, Quyosh, Oy
va boshqa sayyoralarning harakatlari aks ettirilgan jadvallar, to XV asrda Ulug’bek rasadxonasining
yirik astronomik asbobida bu ma’lumotlar aniqlashtirilgunga qadar, ya’ni ikki yuz yildan ko’proq davr
mobaynida dunyo astronom olimlarining foydalanadigan kundalik lug’atiga aylandi.
O’z asarida olim mashhur yunon astronomi, olam tuzilishining geotsentrik ta’limotining asoschisi
K.Ptolomeyning (mashhur «Almajistiy»ning muallifi) Oy va Utorud (Merkuriy)ning harakatiga
bag’ishlangan nazariyasiga qarshi chiqib, o’zining nisbatan yengil hisoblash usulini taklif etadi.
Tusiyning Marog’adagi rasadxonasi o’rta asrlarda ishlagan va dunyoga dong’i ketgan eng yirik
rasadxonalardan bo’lib, uning Sharq astronomiyasi rivojiga qo’shgan hissasi beqiyosdir.
1935-1937 yillari rasadxona qoldiqlari arxeolog P.Varjivand va uning shogirdlari Murtazaviy va
Haydariylar tomonidan o’rganilib, uning asl o’lchamlari haqida quyidagi ma’lumotlar qo’lga kiritildi:
uzunligi 510 metr, kengligi 217 metr bo’lib, rasadxona o’rnatilgan bu tepalikning balandligi 110 metr.
P.Varjivand qazilmalari asosida Tabriz universitetining olimlari Marog’a rasadxonasining asosiy
«teleskopi» – kvadrantning radiusi – 18,4 metr, asosidagi aylanmaning diametri – 22,8 metr,
devorining qalinligi esa 80 santimetrligini aniqladilar.
Frantsiya milliy kutubxonasida saqlanayotgan arab olimi Al-Ordiziyning kitobida Tusiy
rasadxonasining 10 ta astronomik asboblari haqida ma’lumot berilgan.
Tusiyning vafotidan(1274 yil) keyin rasadxonaga uning katta o’g’li Sadriddin Abul Hasan ibn
Nosiriddin rahbarlik qildi.
Sharqning ikkinchi ilmiy maktabi XV asrda Samarqand shahrida Mirzo Ulug’bek tomonidan tashkil
etildi. Ta’kidlash lozimki, birinchi ilmiy maktab – Marog’a rasadxonasi Samarqand rasadxonasidan
150 yil oldin qurilib, ishga tushirilganligi tufayli, Ulug’bek rasadxonasining qurilishi va ishga
tushirilishida Tusiy rasadxonasining ko’pgina ijobiy tajribalaridan, jumladan, ilmiy ishlarni
rejalashtirishda va olingan natijalarni taqqoslashda keng foydalanildi.
Biografiya
Nosiruddin at-Tusiy haqida