Nodir Jonuzoq (1976)
Nodir Jonuzoq (1976)
DO`STLARGA ULASHING:
Nodir Jonuzoq 1976 yil 14 martda Samarqand viloyatining Bulungʻur tumanida tugʻildi. Samarqand Davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetida tahsil oldi (1993–1998).
Oʻquvchilik yillaridan oʻz sheʼrlari bilan tuman va viloyat gazetalarida qatnashib kelgan Nodir Jonuzoq talabalik paytida (1997) respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari gʻolibi boʻldi. “Tomchilar” nomli ilk kitobi Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti tomonidan “Isteʼdod” (1997) ruknida chop etildi.
Shundan soʻng uning “Sizni sevar edim” (2006), “Mehribonim” (2008) nomli sheʼriy toʻplamlari, “Oʻn yetti lahza”, “Nilufar”, “Siniq oy” kabi bir qator dostonlari dunyoga keldi. Shoir asarlari oʻz samimiyligi, tiniq tashbehlarga boyligi, ayni choqda jamiyatimizdagi evrilishlar, yangilanishlar ruhi aks ettirilgani bilan adabiy jamoatchilik va muxlislar eʼtiborini qozondi.
Nodir Jonuzoq telejurnalist sifatida “Yozuvchi va zamon”, “Sheʼr va shuur”, “Gap chiqdi”, “Oq va qora”, “Shaxsiy fikr”, “Hayot goʻzal!”, “Ijodiy uchrashuvlar” singari koʻrsatuv va tokshoular tayyorladi. Shuningdek, uning ssenariylari asosida koʻplab videofilmlar tasvirga olindi. “Bobbi”, “Tafakkur oʻyinlari”, “Panda izidan” kabi chet el filmlarini, M. Lermontov, A. Blok kabi mashhur shoirlar sheʼrlarini ona tilimizga oʻgirdi.
“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.
Nodir Jonuzoq (1976)