Neon

Neon

Neon

neon 660ee0a0672ceNeon – kimyoviy elementlar davriy jadvalining ikkinchi davr, 18-guruh elementi. Formulasi Ne. Atom raqami 10.

Koinotda tarqalganligi bo‘yicha, vodorod, geliy, kislorod va uglerod elementlaridan keyingi, beshinchi o‘rinda turadi. Oddiy modda sifatidagi neon bir atomli, hidsiz va rangsiz gaz ko‘rinishida bo‘ladi.

Kashf qilinishi va atama etimologiyasi.

Neonni 1898-yilda ingliz kimyogarlari Uilyam Ramzay va Moris Travers kashf qilishgan. Ular havo tarkibidan kislorod, azot va boshqa nisbatan og‘irroq elementlar chiqarib yuborilgandan keyingi qolgan moddalarni o‘rganish yo‘li bilan neonni ajratib olishgan. Element nomi yunon tilida «yangi» degan ma’noni bildiradigan so‘zdan olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu nomni, Uilyam Ramzayning 13 yoshli o‘smir o‘g‘li taklif qilgan emish.

Tarqalganligi.

Borliqda neon bir tekis taqsimlangan deb bo‘lmaydi. Lekin, shunga qaramay, Koinotdagi umumiy materiya ulushida neon elementi hissasi 0,013% atrofida bo‘lib, bu – kimyoviy element orasida keng tarqalganlik bo‘yicha beshinchi ko‘rsatkichdir. Neon asosan yulduzlarda ko‘p to‘plangan bo‘ladi. Shuningdek, Koinotdagi gaz tumanliklarida, Yupiter, Saturn, Uran va Neptun singari, gaz giganti bilan yirik sayyoralarning tashqi atmosfera qatlamlarida mavjud bo‘ladi. Yirik yulduzlarning atmosferasida neon vodorod va geliydan keyingi eng ko‘p uchraydigan uchinchi element bo‘ladi.

Yer qobig‘ida ikkinchi davr elementlari ichida eng kam uchraydigani aynan neondir. Yer sharoitida neon asosan atmosferada to‘plangan bo‘ladi. Yer atmosferasi hajmiga nisbatan neon ulushi 1,82∙10−3% ni, umumiy miqdori esa, 7,8∙1014 m3 ni tashkil qiladi. 1 m3 havo tarkibida 18,2 sm3 neon mavjud bo‘ladi. Yer qobig‘ida neonning o‘rtacha miqdori massaga nisbatan 7∙10−9 % deb baholangan. Sayyoramizdagi umumiy neon miqdori esa taxminan 6,6∙1010 tonna atrofida deb olinadi. Qobiqdagi asosiy neon miqdori vulqon cho‘kmalaridan aniqlangan.

Izotoplari.

Neonning uch xil barqaror izotoplari mavjud. Ular orasida 20Ne izotoplarning 90,48 % miqdorini tashkil qiladi. Qolgan ikki izotop — 21Ne – atiga 0,27% miqdorda bo‘lsa, yana 9,25 izotop tarkibini 22Ne tashkil qiladi. Shuningdek, neonning 16 xil beqaror izotoplari ham aniqlangan. Tabiatda, asosan 20Ne uchraydi (chunki, u umumiy neon miqdoridan 90% ekanini yuqorida aytdik). 21Ne va 22Ne izotoplari asosan alfa-faol minerallar tarkibida uchraydi. Chunki, bu izotoplar asosan, yadro reaksiyalari mahsuli sifatida paydo bo‘ladi.

Neonning fizik xossalari.

Neon – rangsiz va hidsiz, ta’msiz gaz. Inert gazlar turkumidan bo‘lganligi sababli, nisbatan yuqori elektr o‘tkazuvchanlik xususiyatiga ega. Neondan tok o‘tganda, yorqin nur chiqaradi. Odatda, neon elektr toki ta’sirida qizil tangda nur tarqatadi.

Kimyoviy xossalari.

Barcha nodir gazlar singari, neon ham tashqi elektron qavati to‘liq egallanganligi bilan ajralib turadi. Shu sababli ham, bu guruh gazlari kimyoviy jihatdan inertdir. Shu sababli ham, neonning birorta valent birikmasi hali olinmagan. Va hattoki neonning suv bilan (Ne∙6H2O) ko‘rinishidagi Klatrat birikmalarini gidroxinon yoki boshqa moddalar bilan olish va ushlab turish juda mushkuldir. Lekin, optik spektroskopiya va mass-spektrometriya vositasida, neonning Ne+, (NaAr)+ va (HeNe)+ ko‘rinishidagi ionlari mavjudligi aniqlangan.

Olinishi.

Sanoatda neonni geliy bilan birgalikda, havo ajratish uskunalari orqali, suyuqlantirish va sovitish jarayonlari natijasida olinadi. Neon-geliy aralashmasini adsorbsiya va o‘ta past haroratli kondensatsiya natijasida ajratib olinadi. Neon suyuq azot bilan sovutilgan boyitilgan ko‘mirga adsorbsiyalanadi. Shuningdek, neonni suyuq havodan ikki marta rektifikatsiyalash usuli bilan ham olinadi. Bunda, gaz holatidagi neon va geliy, yuqori bosimli kolonnaning tepa qismida yig‘iladi. Bu joydan 0,55 MPa bosim ostida deflagmator orqali gazgolderlarga haydab, yig‘ib olinadi. Bunday usulda neon olish so‘nggi o‘n yil ichida neon ishlab chiqarishning eng asosiy texnologiyasiga aylangan. Neon ishlab chiqaruvchi asosiy yirik korxonalar Ukrainaning Mariupol va Odessa shaharlarida joylashgan.

Qo‘llanilishi.

Suyuq neonni sovitish uskunalarida va umuman kriotexnikada xladagent sifatida ishlatiladi. Avvallari neon sanoatda inert muhit hosil qilish uchun qo‘llanilar edi. Lekin, undan ancha arzon tushadigan argonning keng qo‘llanila boshlashi tufayli, endilikda neondan bu maqsadda deyarli foydalanilmayapti. Neon asosan, neon lampalarini to‘ldirish va reklama chiroqlari tayyorlashda ishlatiladi. Shuningdek, radiotexnik apparaturalarda, fotoelementlarda, hamda, gazli lazer uskunalarida ishlatiladi.

Biologik ahamiyati.

Inert gazlarning organizmga narkologik ta’sir qilishi xususiyati mavjud. Lekin, me’yoriy bosim sharoitlarida neon odam organizmiga hech qanday narkologik ta’sir ko‘rsatmaydi. Shu sababli ham, o‘ta chuqur suv ostiga sho‘ng‘ish ishlarini bajaruvchi g‘avvoslar o‘zlari bilan olib yuradigan havo ballonlarida neon-geliy aralashmasini ham olib yuradilar. Bunda, neonning toza geliydan ko‘ra issiqlik o‘tkazish xususiyati pastroqligi qo‘l keladi va organizm keskin sovib ketmaydi. Yengil neon-geliyli havodan nafas yuborish orqali, nafas olish bilan bog‘liq patologiyaga uchragan bemorlarga yengilroq nafas olish imkoni beriladi. Havo muhitida neon miqdori ko‘payib ketsa, odamda, bosh aylanishi, qayt qilish, ko‘ngil aynishi va hatto hushdan ketishgacha olib kelishi mumkin.

 

Umumiy ma’lumotlar

Nomi

Neon;

Formulasi

Ne

Raqami

10, 2-davr, 18 guruh;

Kashf etgan olimlar

Uilyam Ramzay, Moris Travers.

Kashf etilgan sana

1898 yil,

Kashf etilgan davlat

Angliya;

Atom xossalari

Atom raqami

20,1797(6)  m.a.b. (g/mol);

Elektron konfiguratsiyasi

2s22p6

Atom radiusi

38 pm;

Kimyoviy xossalari

Kovalent radiusi

58 pm;

Ion radiusi

112 pm;

Elektrmanfiyligi

4,4 (poling shkalasi bo‘yicha);

Elektrod potensiali

0 V;

Oksidlanish darajasi

0;

Ionizatsiya energiyasi (birinchi elektron)

2079,4 kJ/mol; (21,55 eV);

Termodinamik xossalari

Zichligi

0,90035 kg/m3 (0 da);

Erish harorati

24,55 K; −248,6 ℃

Qaynash harorati

27,1 K; −246,05 ℃

Solishtirma bug‘lanish issiqligi

1,74 kJ/mol;

Solishtirma erish issiqligi

0,335  kJ/mol;

Molyar issiqlik sig‘imi

20,79 kJ/(K∙mol);

Molyar hajmi

16,8 mol/sm3;

Issiqlik o‘tkazuvchanligi

(300 K) 0,0493 Vt/(m·K);

Struktura panjarasi shakli

Kubik, chegaraviy-markazlashgan;

Panjara parametrlari

4,430 Å;

Debay harorati

63,00 K


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring:

Kimyo
Neon

Manba:orbita.uz