Ne’mat Aminov. Temirchining tillolari

Ne’mat Aminov. Temirchining tillolari
nemat aminov temirchining tillolari 65cb245c0d146

nemat aminov01

Ne’mat Aminov. Temirchining tillolari

Mundarija скрыть
Ne’mat Aminov. Temirchining tillolari
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, atoqli adib Ne’mat Aminovning (1937 — 2005) “Bir asr hikoyati” (“Temirchining tillolari”) risolasi (“O‘zbekiston” nashriyoti, 1995) chop etilganiga yigirma yil bo‘libdi. Mazkur nashrning ilk sahifasidagi “Muallifdan” so‘zboshisida: “Inshoolloh, bu bitiklarni ham o‘qiydiganlar topilar”, deyilgan. Risolani o‘qish jarayonida bu bitiklarni izlab topib o‘qiydiganlar bisyorligiga amin bo‘lamiz. Chunki bu kitob halollik, mehnatsevarlik, sabr-qanoatdan so‘zlaydi. Xalq donishmandligini mujassam etgan usta Amin bobo Nurulloboy o‘g‘li — elimizning suyukli yozuvchisi Ne’mat Aminovning padari buzrukvori aytgan naqllar bugungi kun odamlari, ayniqsa, yoshlar jon qulog‘i bilan tinglashi lozim bo‘lgan cho‘ng hayotiy hikmatlar. Bu naqllar o‘qilganda xuddi mo‘ysafid donishmand mehr nigohini tikib siz bilan gurunglashayotganday taassurot qoladi. Bunday risolalar o‘qilmaydi, balki sukut saqlab, e’tibor bilan tinglanadi. Chunki ularda ming yillar osha kelayotgan xalq dahosining hayot falsafasi sodda, samimiy tarzda o‘z ifodasini topgan.
“Hali hayot chog‘larida otamdan eshitganlarimning ayrimlarini o‘z holicha, aynan qog‘ozga tushirib qo‘ygan edim. Oradan ancha o‘tgach, o‘qib qarasam, bu yozuvlar ko‘zimga to‘tiyodek ko‘rindi”, deb yozgan edi muallif. Darhaqiqat, ko‘zlarga to‘tiyo aylasa arzigulik naqllarning bir qismi quyida e’tiboringizga taqdim etilayotir.
* * *
— Otaxon, mana, to‘qson olti yoshga kiribsiz, sizningcha, uzoq yashashning siri nimada?
— Nima deydi?
— Uzoq yashashning siri nimada, deb so‘rayaptilar.
— Ha-a… sirini bilmayman. Parvardigor mani yo‘q joydan bunyod etdi: qo‘l berdi, oyoq berdi, ko‘z berdi, quloq berdi, rizqu ro‘z berdi, pokdomon xotin nasib etdi, aqli komil farzandlarni berdi. Bir umr shukr qilib yashadim. Uzoq umr berdi, uning sirini ham o‘zi biladi-da, muxbir bacham. Eng oliy sirdon Yaratganning o‘zi.
* * *
To‘qson oltiga kirdim. Ko‘zim xira, qulog‘im eshitmaydi, oyoqlarimda darmon yo‘q. Bilmadim, bir kuni qarisam, nima bo‘larkanman?
* * *
Otam rahmatli juda mirishkor dehqon edilar. Har bahorda qovun ekkanlarida ikki-uch jo‘yaga zomicha(handalak), yana bir parcha yerga isli zomicha ekardilar. Hammadan avval ana shu isli zomicha sarg‘ayib pishardi. Uni yeb bo‘lmasdi: faqat hidlardiyiz. Biram xushbo‘y, biram cherayli ediki, qo‘ltig‘ingizga bittasini solib yursangiz, shamol kunlari hidi bir chaqirimga taralardi. Odamlar qovun pishmasdanoq uning hididan mazza qilardilar.
Onam rahmatli bir kuni Mukarram opamga, ana bu isli zomichaga suq bilan qarab, tez-tez iskab tur, buni isi yurak o‘ynog‘iga da’vo, yana bo‘yingdagi bachang ham quvvat oladi, deganlari kechagiday esimda… Keyin bilsam, qarilarning har bir gapi hikmat ekan…
* * *
— Ne’mat!
— Labbay, ota?
— Nechaga kirding?
— Ellik beshga.
— Ona qorni bilan ellik oltiga-da? Demak, kamida ellik yillik gapni aqling olsa kerak. Endi ayt-chi, mani biror marta araq ichganimni ko‘rganmisan?
— Yo‘q.
— Yomon yo‘lga yurganimni yoki birovni haqqini yeganimni ko‘rganmisan?
— Yo‘q.
— Unda nega araq ichasan?
— Ko‘p ichmayman-ku, ota… Endi, kecha mehmonlar bilan jinday…
— Xudoyu payg‘ambar harom qilgan narsani nega ichasan? Axir, araqning o‘zi ko‘zachaga qamalgan jin-ku! Yana jinday deydi-ya…
* * *
Bodom gulladi, shaftoliyu zardoli gulladi, olma gullab hosil tugdi, san qachon gullaysan, Bolta? Axir, san tengilarning ko‘pchiligi bola yetaklab yuribdi…
* * *
— Said Ahmad, bu Saidaxonning vafotlariga qancha bo‘ldi?
— Yigirma yil.
— Sizgayam qiyin bo‘ldi-da uka. Ha, birov oldin, birov keyin, nima qilamiz endi, taqdiri azal shu ekan-da. Aytmoqchi, nechaga bordingiz, uka?
— Yilim qo‘y, yetmish uchga kirdim.
— O‘h-ho‘, hali yosh bola ekansiz.
* * *
Onangni tush ko‘ribman, o‘g‘lim. Yasangan-tusangan emish. Cherayli, kulibgina turibdi rahmatli. «Ha, onasi, pasonla zo‘r-ku!»— debman. «Haliyam rashkingiz qolmabdi-da, Muhabbatdan bir xabar olib kelay», dermish. E, ana… opangni o‘zi kelib qoldi. Bolta… Muhabbat, tezda borib onangni qabriga duoyi-fotixa qilib kelinglar, tushimga kiribdi, ruhi ochiqqanga o‘xshaydi.
* * *
Esingda bo‘lsin, ko‘pam «E, xudo», «E, Olloh» deyishga odatlanma. «E»da iddao bor. Parvardigorga zurna qilmoqchi bo‘lsang «Yo, xudo!» «Yo, Olloh!» — de. Shunisi tuzukroq…
* * *
Bu dunyoga kelib, uch narsadan hazar qildim: birinchisi — tillo, ikkinchisi miltig‘u tapponcha, uchinchisi — qadah. Shu uchalasini qo‘limga olmadim.
* * *
Temirchi bo‘lib pichoq yasamadim, qurol yasamadim. O‘rog‘u kashkord yasadim — odamlar bug‘doy o‘rsin deb. Ketmonu bel peshladim — dehqonlar ariq qazib, suv tarasin deb. Ko‘-o‘p kapkir yasadim. Yana-chi, asov otlarni taqaladim — jonivorlarning tuyoqqinalari og‘rimasin deb.
* * *
Zinhor-bazinhor birovni qarg‘ashga odatlanma. Xudoga xush kelmas ekan. Olloh taolo: «Men yaratgan bandani qarg‘ashga sani nima haqqing bor, yaxshi-yomon qilmishini o‘zim ko‘rib turibman-ku, qanday jazoga loyiqligini ham o‘zim bilaman», derkan.
* * *
Qishlog‘imizdagi mufti Soli rahmatli bir gapni takrorlardi. Odamizodda uch xislat bo‘lishi — mukammallik alomati ekan. Bular: nutqi toma, ziynati joma, ma’quli omma. Ya’niki, bu — nutqing dona-dona, ravon bo‘lsin, choponing toza va ko‘rimli bo‘lsin, o‘zing esa yoqimli, ma’qul bo‘l, degani ekan.
* * *
— Ne’matullo!
— Labbay, ota?
— Bu, Sharif Nurxon degan shoir chiqibdimi? Kecha radiyolda juda ba’mani she’r o‘qidi-da, «Ota-onang» degan. Sen bilan tanishligi bor ekan, biron kun olib kel, chaq-chaqlashib ketadi… Boshqa araqxo‘r shoir jo‘ralaringni ilakishtirma, bir o‘zini ayt, yana anjuman qilib yurma.
* * *
— Ne’mat, bu, san gapirgan kishilar qo‘l ostingda, jamoangda ishlaydimi?
— Ha.
— Sanga bir gapni aytaman. Esingda tut. Boshliq degan o‘z jamoasining ko‘rpasi bo‘lishi kerak. Yaxshisini ham, yomonini ham ko‘rpa bo‘lib ustini yopsin. Nainki hammaga doston qilib yursa?
* * *
Buqaning ipi uzun bo‘lsa, devorni tesharkan.
* * *
— Elmurod!
— Labbay, tog‘o bobo?
— Sizga bir gap aytaman, yodingizda tuting. Qarang, Olloh Prezidentimizning ko‘ngliga solibdiki, sizga tuman hokimligini ishonib topshirib qo‘yibdi. Qo‘lingiz istagan narsaga yetadi. Avvalo, ikki nafsga ehtiyot bo‘ling. Keyin, tovuqning tuxumini yeng-u, zinhor o‘zini yeyishga odatlanmang. Sizdan oldingilar nafaqat tovuqning o‘zini, balki egasini ham qo‘shib yeb yuborganlar. Ko‘rib turibsiz-ku ularning ahvolini…
* * *
Zinhor gavorani chaqoloqsiz tebratgulik qilmasin ekan.
* * *
— Onang bilan turibsanmi, Laylosh?
— Yo‘q, usto bobo, onam “dom”da turibdilar. Kelin hovliga sig‘dirmadi.
— Onangni to‘ppidek qorniga san to‘qqiz oy, to‘qqiz kun, to‘qqiz soat, to‘qqiz daqiqa siqqanda, onang sening hayhotdek hovlingga sig‘mabdi-da!?
* * *
Havo bulut bo‘lsa, ikki kishi gunohkor bo‘larkan. Chunki bittasi: “Yomg‘ir yog‘adi” desa, ikkinchisi: «Yo‘q, yomg‘ir yog‘maydi», deydi. Gumroh bandalar-da, “Xudo biladi”, desa-ku bo‘ladi.
* * *
Yuzma-yuz kelganda sandan attayi salom kutgan takabbur kishiga albatta salom ber, bir yering kamayib qolmaydi.
* * *
Rahmatli Sharif Nurxon Buxoroda yashab, qashshoqlikda o‘lib ketgan Naqqosh gado degan shoirning bir baytini tez-tez takrorlab yurardi:
Ko‘p bo‘lsayam ketadi,
Kam bo‘lsayam yetadi.
Eng katta boylik — bu qanoat.
* * *
Zinhor bu yolg‘onchi dunyoda o‘likdan jon, gadoydan sadaqa, xasisdan nasiba, tovuqdan sut so‘ramanglar.
* * *
Tekin tesha xurjun teshar.
* * *
Jiyanlarimdan biri uch yashar o‘g‘ilchasini beliga mindirib olib uy o‘rtasida emaklab yurar, bola qiyqirib: «Ishsha-ishsha… xix!» der edi. Bu holni kuzatib turgan otam miyiqlarida kulib:
— O‘g‘lingga eshak minishni o‘rgatyapsanmi? — dedilar unga, — «Ishsha… xix!» ni o‘rgatguncha «Chuh» deyishni o‘rgat, shunda o‘zing ham ot o‘rniga eshak bo‘lmaysan, o‘g‘ling ham haqiqiy chavandoz bo‘lib yetishadi.
* * *
— E, qo‘y mani, ko‘p azob berma. Yemayman… G‘azal o‘qib bo‘lindi. Qani, qo‘lingni ber, taylog‘im… Bu dunyoda endi qiladigan ishim qolmadi. Bunday o‘ylab qarasam, otamdan ko‘p yashadim, onamdan ko‘p yashadim, akamdan ko‘p yashadim, singlimdan ko‘p yashadim, yakkayu yagona ukam boridi, uyam bultur olamdan o‘tdi… Bo‘ldi-da, endi, yana nima kerak manga? Faqat, duo qilinglar. Olloh taolo imonimni basalomat qilsin…
* * *
Otajon, og‘zingizni oching, ikki dona uzum yeng.
— Yemayman…
— Keling, yo‘q demang endi.
— Onajonim, barrajonim, erka qizim, qo‘y endi, mani ko‘p qiynama…
— Yo‘q demang, bittagina yeng.
— Xo‘p… ana… uf… qalay, malades bo‘ldimmi endi?
* * *
— Bobojon!
— Jonim, jonim! Dilbarjon…
— Bir tilim qovun yeysizmi?
— Hay… bo‘ldi, onajonim, baraka top, ikki dunyong serob bo‘lsin.
— Qolganini ham yeng, bobojon.
— Bo‘ldi, barrajonim, xudoyim taqdir qilgan bo‘lsa qolganini jannatda yerman.
* * *
— O‘zingga shukr, Parvardigor, bergan noz-ne’matlaringga shukr, Xudojon, bergan umring, bergan har nafasing, bergan dardginalaring uchun shukr, Xudojon… Ne’mat… shu yerdamisan, qo‘zim, bizlarni rahmatli Choriqulboy ham qo‘zilarim, derdi. Qani, qo‘lingni ber, manga qara. Hammasi namozdan keyin tugaydi… Dastlab Samad muallimga xabar qo‘yinglar. Manga alifboni o‘rgatgan. Janozani ixtiyorini Karomatovga qo‘y. Amon keltirgan o‘zbekcha Qur’onni domoding Ahmatga ber, o‘qisin… Qoqishtuvondan usto Nurboyni ayttiringlar…
— Axir, u kishi…
— E, e… gapimga quloq sol, o‘zi o‘lgan bo‘lsa, o‘g‘li, aka-ukalari bor… Shofirkonga, usto Qudratga tilpon qilinglar… Tesha boboga moshin yuboringlar… Mandan hech qo‘rqma… faqat omonatni sog‘-omon Haqqa topshira olsam bo‘ldi… Tana, ana shu tana qoladi… Hech narsadan qo‘rqma… lahatga jasadimni o‘zing qo‘y, taylog‘im…
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 37-son

Ne’mat Aminov. Temirchining tillolari