Nega bolalar tug`ma yurak nuqsoni bilan tug`iladi?
So`nggi paytlarda bolalarning tug`ma yurak nuqsoni bilan dunyoga kelishi nisbatan ko`paygan. Bolajonlarning bunday holatda tug`ilishiga nimalar sabab bo`ladi? Ona homilador vaqtida sog`lom farzandni dunyoga keltirishi uchun nimalardan ehtiyot bo`lishi zarur? Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Hakimjon ABROLOV batafsil javob berdi. Unda shunday deyilgan:
— Tug`ma yurak nuqsonlari yoki umuman tug`ma anomaliyalarning rivojlanishiga, asosan, oltita faktor ta`sir qiladi. Bular:
— homilador ayollardagi anemiya;
— ayolning surunkali yoki o`tkir infeksiyali kasalligi;
— virusli kasalliklar;
— garmonal faktor;
— neyrogumoral faktor;
— yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikoh.
Kamqonlik, homiladorlikning dastlabki uch oyligida ayolning grippga chalinishi va bunga qarshi davolanmasligi, qolaversa, buyrak va boshqa a`zolardagi surunkali xastaliklar, onada uchraydigan turli infeksiyalar va virusli kasalliklar homilaning sog`lom rivojlanishiga imkon bermaydi.
Natijada bolada tug`ma nuqsonlar paydo bo`lishi mumkin. Bu muammoning oldini olish uchun homiladorlikni rejalashtirishdan oldin bo`lajak ota-ona tor doiradagi mutaxassislar ko`rigidan o`tib, kasallik aniqlansa, davolanishi lozim.
Buning eng samarali yo`li homilador ayollarni skrining ko`rigiga o`z vaqtida jalb etishdir. Bugun mamlakatimizda ona-bola skrining xizmati rivojlanib borayapti. Qolaversa, tug`uruq majmualarida har bir chaqaloq chuqur ko`rikdan o`tkaziladi. Bolada tug`ma nuqson bo`lsa, shu erning o`zida aniqlash imkoni mavjud.
Tug`ma yurak nuqsonlarining turlari juda ko`p. Shu bois davolash ishlari kasallikning turiga qarab belgilanadi. Deylik, ochiq arterial protok —shunday turlardan biri.
Bola olti oylik bo`lgunicha, organizmdagi fiziologik o`zgarishlar tufayli bu tug`ma yurak nuqson turi kichik hajmda bo`lsa, o`z-o`zidan yopilib ketish imkoni bo`ladi.
Qisqasi, har bir kasallikni davolashning o`z standartlari bor. Davolash ishlarini shu asosda tashkil etish uchun bemor doimo shifokor kuzatuvida bo`lishi lozim, — deydi mutaxassis.
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Nega bolalar tug`ma yurak nuqsoni bilan tug`iladi?