Nega bolaga dars qilish yoqmaydi? to’liq malumot oling
Nega bolaga dars qilish yoqmaydi?
Inson umri uchta katta faoliyatdan tarkib topgan.
Bular:
– o‘yin.
– o‘qish.
– mehnat.
Bu faoliyatlar insonni butun umri davomida mavjud bo‘lib dominantligi bo‘yicha o‘zgarib turadi. Insonning shaxs bo‘lib shakllanishida bu faoliyatlar bo‘lishi muhimdir. Bularning ichida mehnat faoliyati inson umrining katta qismini egallaydi. Bolalik yoshidan to o‘smirlikka qadar bolada o‘yin faoliyati dominant ya’ni ustun bo‘ladi. Mazkur davrda bola o‘yin orqali dunyoni anglay boshlaydi. Bola 6-7 yoshdan boshlab maktabga boradi. Bu paytda o‘qish faoliyatida bo‘ladi-ku deyishingiz mumkin. Ha, o‘qish faoliyatida bo‘ladi. Lekin, o‘qish qo‘shimcha faoliyat sifatida qo‘shiladi.
Bola tug‘ilgan kunidan boshlab ba’zi narsalarni sezish va ba’zi hislarni kechirish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Lekin hali bu bolada fikr qilish bo‘lmaydi; bola o‘sgan sari, tajriba to‘play borgan sari nutq orqali aloqa qilish imkoniyati kengayib, faoliyati o‘sib borgan sari ta’lim va tarbiya jarayonida uning tafakkuri ham o‘sa boradi.
Aynan tafakkurning to‘liq shakllanmagani bois bola dars qilishni uncha xushlamaydi. Chunki, o‘qishni u idrokiga, tafakkuriga sig‘dirolmaydi. O‘yinni esa sig‘dira oladi. Shu sabab bola o‘yinni xushlaydi. Bola o‘qishga qiziqishi uchun o‘qishni o‘yin faoliyati bilan birgalikda olib borish lozim. Bu qanday amalga oshadi? Masalan, eng zamonaviy ta’lim tizimi deya e’tirof etilayotgan Finlyandiyada til darsida sakramoq fe’lini tushuntirish uchun bolaga o‘qituvchi shu fe’lni sakrash orqali ko‘rsatib beradi. Bolaning o‘ziga ham bu ishni bajara boradi. Bola bundan ham zavq oladi ham ta’limni o‘zlashtirishi yaxshi bo‘ladi. Ana shunda bola o‘qishga qiziqadi. O‘zi mustaqil o‘qishni boshlaydi.
Xalqimizda «Ming bor eshitgandan bir bor ko‘rgan afzal» degan maqol mavjud. Bu bekorga aytilmagan. Sababi, inson tevarak atrofdan keladigan axborotlarni 80%ni ko‘z yordamida qabul qiladi. Shuning uchun ham darsda bola faqat eshitib idrok qilibgina qolmay balki, dars materialini ko‘rib idrok etsa yana ham ta’lim olish sifati yuqori bo‘ladi.
Va shuni alohida qayd qilib o‘tamizki, bolaning ta’limini o‘qituvchilarga topshirilgani bilan baribir bolaning ta’lim olishida, barkamol shaxs bo‘lib yetishishida maktab va o‘qituvchilar yordamchilar xolos! Ota-ona baribir asosiy o‘rinda turadi. Bugungi zamonaviy pedagogika talablariga ko‘ra darsda 15 tacha o‘quvchi bo‘lsagina ta’lim sifati yuqori bo‘ladi.
Afsuski, biz hamon bunday zamonaviy ta’limga o‘tganimizcha yo‘q. To‘g‘rida, darsda o‘tirgan 30-40 ta o‘quvchini bittagina o‘qituvchining o‘zi nazorat qilishga psixologik kuchi yetmaydi-da. Umuman olganda zamonaviy ta’limga o‘tsak ham baribir ota-ona bolasi ta’limiga jiddiy e’tibor qilishi kerak. Chunki, bola ko‘p vaqtini maktabda emas ota-onasi bilan o‘tkazadi.
Eng achinarli holatlardan biri bu farzand ta’lim-tarbiyasida ko‘p otalar o‘zlarini bu mas’uliyatdan qochishga harakat qilishadi. Gapga, ulfatlarga vaqt bor. Bolaga esa yo‘q. Otalardan qolishmaydigan onalar ham yo‘q emas. Ular ham bozorga, to‘ylarga, salonlarga qatnashdan ortishmaydi. Katta bo‘lib bola ota-onasiga bee’tibor bo‘lsa, bolam bemehr, oqibatsiz chiqdi deb nolayu- fig‘on qilishadi. Aslida, shunday bo‘lishi tabiiy. Bola bizning ko‘zgumizdir deb bekorga aytilmagan. Ko‘zguda inson o‘zini ko‘radi. Arpa ekib bug‘doy unib chiqishini kutmaslik kerak.
Konfutsiyni bola ta’lim-tarbiyasiga oid bir dono hikmati bor. Konfutsiy: Bolaga puldan kamroq. Vaqtdan esa ko‘proq sarf etish zarur, deb aytadi. Aynan vaqt va e’tibor bolaning barkamol shaxs bo‘lib yetishi uchun zo‘r sarmoyadir.
©psixologiyaruhiyatqalb
@BOLALARSHIFOKORI1
Boshqa mavzular
Nega bolaga dars qilish yoqmaydi?