Nazar eshonqul qora kitob qissasi haqida
— Hozirgi (uch-to’rt yilgi) o’zbek hikoyachiligi bormikan? Keyingi paytlarda chin ma’nodagi hikoya deyilishga arzigulik biror asar o’qiganim yo’q. Balki, bu mening aybimdir? O’qimay qo’yganman desam, xato bo’ladi. Chop etilayotgan hikoyalarni ilinj bilan o’qishga harakat qilaman. Ammo yarmiga yetganda, hafsalam pir bo’ladi. Bu hikoya emas. Cho’pchak. Hozir cho’pchaklar davri. Kim qotirib, cho’pchak yozsa, o’shaning xaridori ko’p. Hikoya sotilmaydi. Cho’pchakni esa sotish, gazeta tirajini oshirish mumkin.
Yozuvchi Nazar Eshonqul bilan ikki suhbat
San’at qalb va ruhni qutqaradi /«Men bitta adabiyotni bilaman. »
Yozuvchi Nazar Eshonqul bilan ikki suhbat
Publisher: “Adabiyot va san’at ” gazetasi / Milliy yoshlar portali
Publication date: 24 Avgust 2007/03 – oktabr 2008
San’at qalb va ruhni qutqaradi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati ” gazetasi
24 – avgust 2007 yil
Yozuvchining ijodiy kontseptsiyasi ko‘proq nimalarda aks etadi. Uning qahramonlari tabiatidami yoxud adibning tasvir usullarida? “Sariq matbuot” e’lon qilayotgan soxta asarlar haqiqiy san’at asarlarini baholash mezonlariga ta’sir ko‘rsatmayaptimi? Bu savollar adabiyot muxlislari bilan birga adabiyotchilaru adiblarning o‘zlarini ham o‘ylantirishi tabiiy. Oliy Adabiyot kursi bitiruvchisi E’tibor Norbo‘taevaning taniqli adib Nazar Eshonqul bilan suhbati shu xususda bahs etadi.
— Nazar aka, avvalo suhbatimizni kitoblaringiz muqovalarida beriladigan suratlardan boshlasak. Negaki, ular shunchaki qarab qo‘yiladigan suratlar emas. Ularni o‘zingiz tanlaysizmi yo rassom ixtiyoriga topshirasizmi?
— Kitoblarimdagi suratlarni ukam — adabiyotshunos Jabbor Eshonqul tanlagan. Mening kitob nashr qilish uquvim yo‘q. Keyingi uchala kitobdagi suratlar ham Salvador Dali suratlari. Bu suratlar mening ruhiyatimga yaqinroq. Nashr va bezak ishlarini ukamga topshirganman.
— Asarlaringizda tez-tez rassom obraziga murojaat qilib turasiz. Bu nima bilan bog‘liq? Umuman, ushbu san’at turiga nechog‘li qiziqish, hurmat bilan qaraysiz?
— Rassom obrazi — bu, meningcha, amalga oshmay qolgan orzularimdan bo‘lsa kerak. Rassom bo‘lishni ko‘p orzu qilganman. Keyin ichki “meni”imni rassom obrazi orqali berish o‘zim uchun qulay va oson. Men rassomning tasavvur dunyosiga yaqindayman. Shuning uchun shu yo‘lni tanlagan bo‘lsam kerak. Aslida, rassom bu — mening o‘zim. Umuman, men o‘zimni hikoyalarimda faylasuf, olim, rassom, bastakor, qadim qo‘shiqni aytuvchi qiyofasida tez-tez tasavvur qilib turaman.
Agar san’at asari bo‘lsa, men har qanday san’at turini hurmat qilaman va hayratga tushaman. San’at insoniyat paydo bo‘lganidan beri yaratgan millionlab narsa-vositalar ichida Qalbni va Ruhni qutqarishi, davolashi mumkin bo‘lgan birdan bir vosita. San’atsizlik — vahshiylikdir, degan kimdir. Men san’atdan bir qadam uzoqlashish — yovuzlikka bir qadam yaqinlashish degan bo‘lardim. (Mening san’at haqidagi fikrimning bugun o‘zlarini “san’at yulduzlari” deb atayotganlarga hech qanday aloqasi yo‘q.)
— Hozircha o‘quvchilarga e’lon qilingan to‘rtta qissangiz ma’lum. Lekin shulardan uchtasi (“Urush odamlari”, “Qora kitob”, “Tun panjaralari”) adabiy davralarda tez-tez tilga olinadi. “Momoqo‘shiq” esa deyarli eslanmayotgandek. Buning sababi nimada, deb o‘ylaysiz?
— “Momoqo‘shiq” jurnalda e’lon qilinmagani uchun bo‘lsa kerak. Qolaversa, men bu qissani qayta ishlashga o‘zimda kuch topolmadim. 1989 yili birinchi bor qanday nashr etilgan bo‘lsa, shu holicha yotdi va hozir ham shu holicha bosildi. Aslida voqelikka boshqacha yondashmoqchi edim. Nimadir, o‘sha davrdagi hissiyotlarimmi, xalaqit berdi. Natijada shu qissa chiqdi. Keyin uni tashlab qo‘ydim. Menga qizig‘i yo‘qday edi. Jabbor uni e’lon qilishga ko‘ndirdi. Qissadagi Momo obrazi meni ko‘proq maftun etgandi. “Urush odamlari”dagi katta kelin, bu qissadagi Muazzam men uchun juda yaqin, bir-birini to‘ldiradigandek. Keyinchalik bu asarda topilmagan narsani “Shamolni tutib bo‘lmaydi” hikoyasida Bayna momo obrazida topdim. Aslida, qissa yozaman deganimda men uchun ikkalasi bir obraz edi. Qissa aynan “Shamolni tutib bo‘lmaydi”ning muqaddimasi bo‘lishi kerak edi.
— Noan’anaviy yo‘nalishda yozilgan asarlaringizda tinimsiz ravishda tun, qora, zulmat, tobut, o‘lik, xaroba sifatlariga murojaat etasiz. Bu bilan o‘quvchini ruhan toliqtirib yo asaringizdan bezdirib qo‘yishdan cho‘chimaysizmi? Umuman, sizningcha ijodkor asar yaratayotganda o‘quvchini e’tiborga olishi kerakmi.
— An’anaga qaysi tomondan qarashga bog‘liq. Agar quruq bayon qilib berish an’anaviy bo‘lsa, to‘g‘ri, men bundan qochishga urinaman. Aslida o‘ta an’anaviy yozaman. O‘zim shunday o‘ylayman. Navoiy, Bobur, Mashrab yoki dostonlarimizga bir qarang. Ularni sinchiklab o‘rgansangiz, men oddiy an’anaparast mashq qiluvchi bo‘lib qolaman. Ularning asarlarida ham “tun”, “qoralik”, “zulmat” va hokazo siz sanagan rangu obrazlar (esingizda bo‘lsa, “Tun panjaralari” Navoiyning “Boshimg‘a ko‘rki, ne tun kelturibsen. ” degan bayti bilan boshlanadi) birinchi o‘rinda turadi. Go‘rda tug‘ilgan Go‘ro‘g‘li, bir o‘g‘il er bo‘lib yetishadigan vaqt mobaynida zindonga mahkum etilgan Alpomish (Yodgor balog‘atga yetishi uchun uni shuncha vaqt zindonda saqlash shartmidi? Yoki nega yetti yil? Sakkiz yoki olti yil emas! Nimani anglatadi yetti soni? Zindon-chi?), sandiqqa majburan oqizilgan Tohir, Farhodu Shirin fojeasi bizga nimani anglatyapti? Bu yerda siz aytgan “qora” narsadan tashqari yana qanday tashbeh-ishora, ramz bo‘lishi mumkin? Nega go‘rda tug‘ildi? Nega zindon qilindi? Nega shahzoda bo‘la turib o‘lim topdi? Buyuk xalq va buyuk ajdodlar tafakkuri bizga bular orqali nimalar deyapti? Bu yerda qanday falsafiy kalit bor? Agar savollarni davom ettirsak, yana ko‘plab yangi savollar tug‘iladi. Men ana shu buyuk savollarga ilojim yetganicha, aqlim-idrokim qabul qilganicha javob izlashga uringanman, xolos. Meni voqea emas, uning mohiyati qiziqtiradi. Agar shu mohiyatni — hikmatni topa olsak, sizu biz “qora” deb ta’riflayotgan ko‘pgina narsalar inson aqlu shuurini yoritadigan nurga aylanadi.
Qaysi o‘quvchini e’tiborga olish kerak? Navoiyni, Boburni o‘qiydigan, dostonlarimizdagi hikmatlarni kashf qiladigan o‘quvchinimi yoki ikkita lo‘li baronning bir o‘zbek qizini talashgani yoki daydi qizning kundaligi aks etgan asarni o‘qiydigan o‘quvchinimi?
— Asarlaringizda ekzistentsializm mavjudligi haqida aytilgan fikrlarga qanday qaraysiz?
— Agar tanqidchilar shu fikrda bo‘lsa, bu ularning ishi. Men Kamyuni ham, Sartrni ham o‘qiganman va ular mansub oqimni o‘zimga ancha yaqin olaman. Ekzistentsializm bilan tasavvurimda yaqinlik ko‘p. Mavjudlik falsafasi, avvalo, bu “men”lik falsafasidir.
— Kimdir sizning an’anaviy usulda yozilgan asarlaringizni, yana kimlardir esa falsafiy ruh bilan yo‘g‘rilgan, ramz, ishoralar vositasida ifodalanganlarini yoqtirib o‘qiydi. Ushbu holatdan o‘quvchilaringizning didini ajratish mumkinmi, yanayam aniqrog‘i, aqliy va hissiy didlar orasida tafovut ko‘pmi?
— Aql hissiyot orqali paydo bo‘ladi, hisga esa hamisha aql yo‘l ko‘rsatadi. Faqat bu yerda ham hislar kimnikiligiga bog‘liq. Agar u bilimdon va ma’rifatli odamniki bo‘lsa, tafovut yo‘q. Agar hali tariqatning bu bosqichiga ko‘tarilmagan his bo‘lsa, bor. Osmon bilan yercha farq bor. Ma’rifatli odamlarning aqli va hissi bir mezonda turadi. Faqat ma’rifatsiz va johil odamlar yovuz, mustabid bo‘lishadi. Ma’rifatli ong esa hamma narsadan go‘zallik izlaydi va go‘zallik yaratadi.
— Nima deb o‘ylaysiz, ilgarigi zamonda yashaganlarga nisbatan bugunning odamlari his-hayajon, hayratdan ko‘ra ko‘proq aql-idrokka imkon berib yashayotgandek. Bu ahvolda adabiyotga qiziqish ham haminqadar bo‘lib qolmasmikan?
— Bu xavf bor. Bu xavfni biz olomon madaniyati bostirib kelayotganidan va barchani qamrab, o‘z girdobiga olayotganidan ko‘rib turibmiz. Bugungi yengil shou-tomoshalar, musiqalaru mashshoqbozlikka qanchalik asir bo‘lsak, bu xavf yanayam kuchayadi. Millat ziyolisining vazifasi esa, o‘z millatini ana shu xatardan xalos eta olishda ko‘rinadi. Agar bizning ziyolilarimiz milliy ongimizni va didimizni bu xatardan xalos qilolmasa, unda ertaga bizni siz aytgan sovuq aql va moddiy o‘lchovlardan iborat sovuq kelajak kutib turibdi. Agar xalos etisholsa, unda biz milliy vijdon va milliy didimizni saqlab qolamiz. Shunda san’at ham qoladi, kitob ham.
— Bugungi tanqidchilikdan ko‘nglingiz to‘ladimi? Milliy adabiyotimizning ertasini qanday tasavvur etasiz?
— Tanqidchilarimiz o‘quvchi didini yengil, oldi-qochdi asarlari orqali zaharlab ulgurgan “sariq matbuot” ofatidan saqlab qola olarmikan? Ular bu fojeani his qilishayaptimi? Tanqidchilik o‘z o‘rnini ko‘cha cho‘pchaklari “magnat”lariga bo‘shatib berib qo‘ymadimi?
Ertangi adabiyot ana shu savolga jo‘yali javobdan keyin ma’lum bo‘ladi.
«Men bitta adabiyotni bilaman. »
Milliy yoshlar portali
03 – oktabr 2008
— Nazar aka, ijodingiz borasida adabiyotshunoslarning g’arb adabiyotining ta’siri sezilib turadi, degan fikrlarini ko’p eshitganman.
— O’sha adabiyotshunoslar ancha sinchkov bo’lishsa kerak. Bunday fazilatga havas qilsa arziydi. Shaxsan men asar o’qiyotganda bu G’arbniki, bu sharqniki degan fikr xayolimga kelmaydi. Shuning uchun ham savolingizga o’sha adabiyotshunoslarning o’zlari javob berganlari ma’qul. Biron narsa yozayotganda yozuvchi bir sharqcha, yo G’arbcha qilib, qoyillatib tashlay, deb o’ylamaydi. Ko’ngliga kelganni, o’zini to’lqinlantirganni yozadi. Uni turli shaklga solish mumkin. Ya’ni o’z dardini to’kish uchun turli vositalar izlashi mumkin. Men, shaxsan bunaqa vositalarni ko’proq o’z ertak, dostonlarimizdan olaman.
Hozir asar sal boshqacharoq yozilsa bo’ldi — bu G’arbcha adabiyotga taqlid, deb baho beradiganlar ham bor. Bunaqa baho berishlarda menga ko’proq «mana, ko’rayapsizlarmi, men G’arb adabiyotidan ham xabardorman» degan iddao borday tuyuladi. Agar sal boshqacha ifoda, boshqacha yondashuv uchrasa yoki ko’nikmadan chiqilgan shakl topilsa, bu G’arb degani emas, oldin o’zimizni bir tekshirib ko’raylik. YAna o’sha ertagu dostonlarga bir qarab ko’raylik. G’arbcha ta’sirlarni «fosh» qilishga vaqtimiz yetadi. Јolaversa, biz ham G’arbdagi intellektual salohiyatli odamlardan qolishmaydigan, ular bilan bir davrda yashab, ular foydalanayotgan vositalardan foydalanib, ular kabi fikrlay va o’ylay boshlaganimizga ancha bo’ldi. Bir davrda yashab, bir zaminning havosini olayotgan insonlarmiz. Bir-birimizga o’xshab o’ylashimiz, iztirob chekishimiz, sevishimiz tabiiy. Lekin muhimi bu emas. Muhimi, nima deb baho berishsa ham asarning o’qilayotgani. Yozuvchining yutug’i shu. Biron adabiyotning ta’sirini sezishi uchun ham o’qish kerak bo’ladi. Hozirgi paytda ta’sir izlab bo’lsa ham o’qib turishganiga shukr qilish kerak.
— O’zbek adabiyotining zabardast vakillari — Abdulla Јahhor, Said Ahmad, Shukur Xolmirzaev hikoyachilikda o’ziga xos maktab yaratganlar. Ulardan keyingi avlod vakillari ijodiy ishlarida katta yutuqlar qo’lga kiritilganmi? Kuzatganmisiz?
— O’zbek hikoyachiligida maktab yaratish yo ma’lum bir o’rin qoldirish uchun yuzlab hikoya yozish shart emas. Bitta hikoya bilan adabiyotda o’ringa ega bo’lish mumkin. Men Shukur Xolmirzaevning, Abdulla Јahhorning hikoyachilik maktabiga daxl qilmagan holda aytmoqchimanki, ulardan keyingi avlod vakillarida ham hikoya maktabi bor. Endi bu adiblar kam mahsul bo’lgani uchun ham maktab yaratmagandek tuyulishi mumkin.
Adabiyotda bitta hikoyaning o’zi bilan maktab yaratgan yozuvchilar bo’lgan va bundan keyin ham bo’ladi. «Dashtu dalalarda» hikoyasining o’ziyoq Murod Muhammad Do’stni o’zbek hikoyachiligida o’ziga xos yo’nalishdagi, o’ziga xos maktabdagi asar yaratgan, yangi shakl, ohang, ruh olib kirgan adib sifatida tan olishga to’liq asos beradi.
— Hozirgi (keyingi uch-to’rt yil ichidagi) o’zbek adabiy jarayonida hikoyachilik qay holatda?
— Hozirgi (uch-to’rt yilgi) o’zbek hikoyachiligi bormikan? Keyingi paytlarda chin ma’nodagi hikoya deyilishga arzigulik biror asar o’qiganim yo’q. Balki, bu mening aybimdir? O’qimay qo’yganman desam, xato bo’ladi. Chop etilayotgan hikoyalarni ilinj bilan o’qishga harakat qilaman. Ammo yarmiga yetganda, hafsalam pir bo’ladi. Bu hikoya emas. Cho’pchak. Hozir cho’pchaklar davri. Kim qotirib, cho’pchak yozsa, o’shaning xaridori ko’p. Hikoya sotilmaydi. Cho’pchakni esa sotish, gazeta tirajini oshirish mumkin.
Shuning uchun ikki yildan beri Shukur Xolmirzaev hikoyalarini qayta-qayta o’qiyapman. Bu adibning so’nggi hikoyalari o’zbek adabiyotida o’ziga xos bir yo’nalish, voqea sifatida hali o’z bahosini olgani yo’q. Shukur aka ichida quyuni bor yozuvchi edi. Men garchi ba’zi hikoyalarining boshi yo oxirini ortiqcha va keraksiz deb bilsam-da, har bir hikoyada adib ichidagi quyunni ko’raman. Aslida iste’dod degani ichidagi quyunni so’z bilan ko’rsatib berish bo’lsa kerak. Shukur aka ba’zi bir hikoyalarida quyunni bo’ronga aylantira olgan. Hozircha (keyingi uch-to’rt yillik) hikoyachilikda Shukur aka yoxud Xurshid Do’stmuhammadning ancha oldin yozilgan hikoyalaridan tashqari, siz aytmoqchi, voqea bo’ladigan hikoyalarni o’qiy olganim yo’q.
— Adabiyot. badiiy adabiyot san’atning bir turi. San’at asarlarini esa iste’dodli ijodkorlar yaratadilar. Tarix tan olgan iste’dodlar ko’p: Sofokl, Shekspir, Navoiy,Tagor. Bu kabi san’at namoyandalari kamdan-kam tug’iladi. O’tgan asrda yashab o’tgan qaysi adiblarni mana shu daholar safiga qo’shgan bo’lardingiz?
— Siz keltirgan daholar adabiyotning juda katta «tog’»lari. Bu «tog’»lar oldida «qir»lar bo’lishi tabiiy. XX asrda yashab ijod etgan Abdulla Јodiriy, Cho’lpon, Hamid Olimjon, Oybek va boshqa «qir»lar o’sha «tog’»larga borib birlashadi. Ayniqsa, o’tgan asrning 60-70- yillarida adabiyotga kirib kelgan juda ko’p shoir-nosirlar ham mahorat, ham adabiyot chegaralarini kengaytirgan adiblar sifatida, «tog’»lar yonida «qir»lar bo’lib turadi. Ularni sanasak, juda ko’p. O’sha «qir»lar bo’lmasa, «tog’»ning salobati bilinmay qoladi.
Tasavvur qiling, sahro o’rtasida, baland tog’ qoyasi qo’qqayib tursa, qulab tushishi mumkin. XX asrda Navoiy atrofida, mazkur «qir»larimiz, «qoya»larimiz ko’paydi. Masalan, ham qissa, ham hikoyada tarixiy janrni boshlab bergan Mirkarim Osim, o’ziga xos eksperimental ijod qilgan (ham nasrda, ham she’riyatda) Asqad Muxtor va boshqalar bu adabiy chegaralarni kengaytirganlar.
— Siz milliy adabiyotimiz ustida to’xtaldingiz. Men dunyo miqyosidagi adabiyot, katta doiradagi adiblarni nazarda tutgan edim.
— Men milliy yo jahon adabiyoti deb farqlamayman, asar adabiy nuqtai nazardan zavq bera olsa, bo’ldi. Sizning yuqorida keltirgan ro’yxatingizga adabiyotga qo’shgan hissasi, asarlari odamga bergan zavq nuqtai nazaridan ko’p adiblarni kiritish mumkin. XX asrda ham tabiiy ravishda «qir»lar ro’yxatiga kirishi mumkin bo’lganlar ko’p: adabiyotni o’rgangan sayin chuqur o’rgatadigan Kortasar, Robert Myuzel, xarakter va tipik nasriy timsol yaratib bergan Kafka. YAponlardan Kavabata, Kobo Abe, Ryunesko Akutagava, Tanidzaki Dzyunitiro. Lotin Amerikasidan Borxes, Markes, Sabota, Korpenterni. Ha, Onettini. U — stilist (Bu yozuvchini juda qadrlayman).
YAna Xeminguey, Tomas Vulf, Folkner-bu adiblar bir Amerikaning o’zidan chiqayapti. yevropaning o’zidan qancha. Sartr, Marsel Prust, Kamyu. Rus adabiyotida Pasternak, Bunin, Bulgakov, Sholoxov.
Bu adiblarni o’qib, zavq olasiz, adabiyotning sof, chinakam vazifasini teran anglaysiz, hayotni, jamiyatni, o’zingizni o’rganasiz. Bular bir ilm. Bu ilmni o’rgangan sayin ko’nglingiz yuksalib boradi, aqlingiz teranlashadi, insonning mohiyati va vazifasini ko’proq anglaysiz.
— G’arb adabiyotshunoslarining e’tiroficha, yevropa adabiyotini uch ustun ko’tarib turar ekan: Kafka, Jeyms Joys, Marsel Prust. Bu ta’rifga munosabatingiz.
— Bu uch buyuk yozuvchining G’arb adabiyotida tabiiy ravishda o’rni bor. Buni hech kim inkor qilolmaydi. Biroq yevropa adabiyotini bu uch yozuvchi bilan chegaralab qo’yish noto’G’ri. Agar Kafka ustunroq bo’lsa, Kamyu qaerga ketadi? Sartr-chi?
Kafkada inson fojeasi, inson haqidagi ixtirolar ko’proq. Kamyuda esa shu iztirobni anglash, uni tahlil etish kuchli. Prust yaxshi. Ammo Sartr lo’ndaroq va faylasufroq. Bu adiblarni bir-biridan ajratib, bunisi past, bunisi baland deyishning o’zi noto’g’ri. Myuzelni olsak. uning ijodida ozod odamning qiyofasizlikka aylangan qiyofasi ochib tashlangan. XX asrda quldorlik yo’qoldi, biroq jamiyatga har tomonlama qul qilingan —insoniylik qiyofasini yo’qotgan odamlar ko’z oldingizda gavdalanadi. Јiyofasiz odam — ozod bo’lgani bilan baribir ma’nan quldir. «Јiyofasiz odam» asari XX asrning ma’naviy tarixi, undan ham voz kechib, o’rnini pasaytirib bo’lmaydi.
— G’arb adabiyotidagi oqimlarda ijod qilgan adiblarga ayrim tanqidchilarimiz taqlidchilik, «G’arb adabiyoti soyasida qolgan» kabi ayblarni taqashadi. Bunga siz qanday munosabat bildirasiz?
— Shunaqa ayblov bilan chiqayotganlar na milliy adabiyotni yaxshi bilishadi, na G’arb adabiyotini. YAna aytaman, biron narsa haqida fikr bildirishdan oldin uzoqdagi minoraga qarab emas, yoningizdagi loysuvoq uyga qarab oling. Keyin minoralarga taqlidda ayblayverasiz. YA’ni an’analarni o’rganish kerak. Јaysi an’ana G’arbcha, qaysi an’ana sharqcha, ajratish kerak.
Umuman, shu asar zamirida iste’dod bormi? Agar iste’dod bo’lsa, uni hech qachon taqlidchilikda ayblab bo’lmaydi. Dunyoning rivojlanishi adabiyotlarning bir-biriga ta’sirisiz kechmaydi. Bir paytlar G’arbning o’zi sharqdan juda ko’p ta’sirlanib, ko’p narsalarni o’zlashtirgan. Misol uchun, Lotin Amerikasi. Ham sharq, ham G’arb, ham yapon an’analarini singdirib olgan. Adabiyotlarni bir-biridan uzib olib rivojlantirib bo’lmaydi.
— Modern, ong oqimi, absurd va shu kabi talay adabiy oqimlar g’arbda paydo bo’lgan. Adabiyot uchun belgilangan yuksak mukofot — «Nobel»ni ham aksariyat G’arblik adiblar olishadi. Milliy adabiyotimiz posangisi g’arbnikidanshu qadar yengilmi yo bizda tarjima yo’lga qo’yilmaganmi? Yoki boshqa sabablari bormi? Nima deb o’ylaysiz?
— Bu yerda hamma aytganlaringiz to’G’ri. Zamonaviy adabiyotimizning posangisi ham yengil, iste’dod nuqtai nazaridan ham oqsaydi. Shu bilan birga ba’zi «Nobel» mukofoti olgan adiblarga muqoyasa qiladigan bo’lsak, bizda ham shu darajadagi adiblar bor. «Nobel» mukofoti hamisha adolatli bo’lgan emas. Nobelchilarning o’ziga xos o’yinlari, talablari, fikrlari bor. Agar Urxun Pomuq darajasidagi adiblarga mukofot berish kerak bo’lsa, unda talabgorlar topsa bo’ladi. Deylik, Aytmatovga ham berilsa bo’lardi. Shu bilan birga tarjima tajribalarimiz ham deyarli yo’q. Dunyoni o’ziga jalb qilgan asarlarimiz kam. «Nobel» mukofoti taftish qilinsa, menimcha shundan ?ttiz foizi mazkur mukofotga arziydigan adiblar bo’lib qoladi. Modern, absurd, ong oqimi — bu yo’nalish, oqimlarni adabiyotshunoslar o’ylab topishgan. YOzuvchilar qanday o’ylasa, shunday yozadilar. Boshqasi qiziqtirmaydi. Meni ham qiziqtirmaydi.
— «Lahad» degan roman yozgan ekansiz? Uni nega haligacha e’lon qilmadingiz?
— Bu romanning asosiy qismi 90-yillar boshida yozilgan. Romandan qulash arafasiga kelib qolgan, insonning botiniy quvvatini so’rish evaziga yashab kelgan tuzumning badbo’y hidlari anqib turibdi. Men o’tgan yillar davomida asarni faqat tahrir qilish bilan shuG’ullandim, xolos. Necha bor urinmay, uni qayta yozish, voqelikni boshqa izga solish va hatto nomini o’zgartirishga ham, baribir, kuchim yetmadi.
O’tgan yillar ichida alohida asar sifatida o’zini oqlamaydi degan shubhada bu mashqning ichidagi ba’zi boblarini mustaqil hikoya sifatida e’lon ham qildim. Uzoq ikkilanishlardan so’ng uni qay tarzda yaratilgan bo’lsa, o’sha holatda qolgani ma’qul, degan xulosaga keldim. O’zining mavjudligini isbot qilib berolmagan, odamzotni xo’rlash va haqoratlash evaziga qurilgan mustabid tuzumdan chiqariladigan kichik bir saboq bo’lib qolishi uchungina uni yaqinda e’lon qilishga ham qaror qildim. Chop etilib qoladi.
— Yoshlarga aytar gapingiz.
— Ko’proq o’qishsin. O’qigan odam hech qachon yomon bo’lmaydi. Ko’nglida baribir yaxshilik qoladi. O’sha yaxshilik uruG’ bo’ladi. UruG’ o’sib, ertaga meva beradi.Inson uchun gazetami, jurnalmi, kitobmi, o’qishga arzigulik asar bo’lsa, ko’nglida nimadir uyG’onadi. YOruG’likka chorlaydi. Mutolaa odamni ezgulikka boshlaydi.
Umid Ali suhbatlashdi
Поделитесь записью в соцсетях с помощью кнопок:
XXI asr romanini Nazar Eshonqul yozsa kerak – adabiyotshunos
Bo‘limda doktorantlardan malakaviy imtihon bo‘layotgan edi. Ulardan biriga Nazar Eshonqulning ijodi bilan bog‘liq savol tushibdi. Doktorant bilganicha javob berdi. Shunda hamkasblarimizdan biri “Yozuvchi ijodining yutuq va kamchiliklari xususida nima deya olasiz, bu borada shaxsiy fikringiz qanday”, deb so‘radi. Tadqiqotchi dabdurustdan “Yutug‘i – uning milliyligida”, dedi-yu, u yog‘iga o‘zi aytgan javobini izohlab bera olmadi. Uni tinglab turganlardan biri “Balki kamchiligi haqida gapirayotgandirsiz, asarlarida g‘arb ohangi kuchli-ku”, deb qoldi. Bu e’tiroz bahona yozuvchi ijodi haqida munozara, to‘g‘rirog‘i, fikr almashinuv bo‘lib o‘tdi. Imtihon ishtirokchilaridan biri “yozuvchi asarlarida milliy ruh masalasi ikkinchi planda, u adabiyotga universal odam obrazini olib kirdi, uning ideali millat va din masalasidan yuqoriga ko‘tarila olgan umumbashariy g‘oyalar tashuvchisidir”, degan jo‘yali mulohazani qo‘shdi. O‘ylashimcha, bu ham bahsli fikr. Hamma o‘z so‘zini aytdi, kimdir qarshi, yana kimdir oqlovchi, xullas, qarashlar turlicha.
O‘rtaga tashlangan savolni o‘zimcha tahlil qildim. Nazar Eshonqul haqidagi bilganlarimni qaytadan taftish qila boshladim. Tasavvurimda yozuvchining ijodiy qiyofasi bilan bog‘liq bir qancha mulohazalar bor edi. Ko‘z oldimda g‘arb adabiyotiga ixlos qo‘ygan modernist, hayotiy voqelikni boricha haqqoniy yo‘lda tasvirlovchi realist, jahon adabiyotining zukko bilimdoni, badiiy-falsafiy mulohazalari ila tafakkurni hayratga solib fikrlashga undovchi mahoratli esseist, dunyo madaniyatining ulkan bilimdoni, xalq og‘zaki ijodini yaxshi biluvchi ziyoli, kino madaniyatidan yaxshigina xabardor mutaxassis kabi qiyofalar namoyon bo‘ldi. Bu turli qiyofalar birgina Nazar Eshonqul siyratida jam bo‘ladi. Yozuvchi siyratida faylasuf olim va modernist ijodkor “men”i o‘zaro uyg‘un tarzda ko‘rinadi. Asar ortida turgan muallifning teran tafakkurini, keng qamrovda fikrlashini, poetik tafakkur tarzini anglash mushkul emas. Hali bular biz anglaganimiz, anglamaganimiz ko‘proqdir balki. Qiyofalar o‘z yo‘liga, ammo yozuvchi ijodida milliylik masalasi mulohazali savol edi. O‘zimcha, tanigan va idrokim yetganicha anglaganim Nazar Eshonqul ijodida milliylik kategoriyasi qay darajada akslanadi?
Zamonaviy o‘zbek nasrida Nazar Eshonqul ijodi o‘ziga xos salmoqqa ega. Yozuvchi uslubi, voqelikka yondashuvi, tasvir va talqindagi o‘zgachaligi bilan zamondoshlaridan farqlanib turadi. Muallif asarlarida o‘zligini anglash yo‘lida o‘z-o‘zi bilan raqobatga kirishgan Shaxs qiyofasi, jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topa olmagan alamzadaning ma’naviy qiyofasi, uning anglamlari, hissiy kechinmalari tamomila yangi rakurslarda ko‘rsatilishi e’tiborga loyiqdir. Adibning “Maymun yetaklagan odam”, “Ajr”, “Ochilmagan eshik”, “Muolaja”, “Tobut”, “Og‘riq lazzati”, “Qo‘l”, “Bahouddinning iti”, “Qultoy”, “Shamolni tutib bo‘lmaydi” kabi o‘nlab hikoyalari, “Tun panjaralari”, “Qora kitob” qissalari, “Go‘r o‘g‘li yoxud hayot suvi” romani o‘zbek zamonaviy nasrining go‘zal namunalariga aylandi.
Uning o‘zbek falsafiy esseistikasini shakllantirish yo‘lida qilgan ma’rifiy xizmatlari alohida tahsinga loyiq. Jahon adabiyoti durdonalari haqidagi ma’rifiy maqolalari o‘zbek badiiy tafakkuri takomilida muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur maqolalar faqatgina axborot, ma’lumot tarzida emas olimga xos bo‘lgan chuqur adabiy tahlil va talqinlarga boyligi bilan ajralib turadi.
Nazar Eshonqul haqida adabiyotshunoslikda turlicha qarashlar mavjudligi sir emas. Bu adibning shaxsiyati va o‘ziga xos tabiati bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Uning tabiatida maddohlik va yaltoqlik, shuhratga o‘chlik, amalga intilish kabi holatlar sezilmaydi. Ijodini kuzatsangiz, davr talablariga “moslashish”, unvon-u martabalar ta’masida laganbardorlik kabi illatlar ko‘zga tashlanmaydi. Va eng muhimi, uning qahramonlari ham aynan shu kayfiyatdagi kimsalardir. Muallif realizmda va modernizmda ham kuchini sinab ko‘rdi, ikkalasida ham o‘quvchi ishonchini oqladi, nazarimda. Har ikki yo‘lda ijod qilgan yozuvchi shaxsiyatidagi sovuqqonlik deb o‘ylaganim, aslida bag‘rikenglik, manmanlik esa kamtarlik, kibr xokisorlik ekanini keyinchalik angladim.
Yozuvchi asarlari biz ko‘nikib odatlangan adabiy qoliplarni butunlay parchaladi. Hali ham bunga “rozi” bo‘lganimiz yo‘qday, anglashimcha. Shuning uchun bilib-bilmay, o‘qib-o‘qimay qoralashga tushamiz, o‘zimiz uchun qulay yo‘l izlaymiz. Har qanday yangilikning qabul qilinishi oson kechmaydi. Hamma gap “yangilik”da, uning adabiyotga aloqasida, foydasi yoki zarari haqida. Binobarin, yozuvchining ijodidan hayajon, zavq tuyish, ta’sirlanish unchalik ham havas qilgudek emas. Loqayd, sovuqqon ohang, badbin kayfiyat, jamiyat hayotida qadr topmagan alamzada, ijtimoiy muammolar girdobidagi qahramonning falsafaga to‘yingan o‘y-xayollari odamni iztirobga soladimi yoki bezdirib qo‘yadimi, buni aynan aytish oson emasday.
Badiiy asarning badiiy estetik qiymati nima bilan o‘lchanadi? Yoxud o‘lcham va mezonlar o‘zgardimi. Hayotning faqat qorong‘i tomonlarini ko‘rsatish insonni umiddan uzoqlashtirib qo‘ymaydimi? Nahot shunday katta iste’dod egasining shunchaki adabiy “oliftagarchilik” qilishi, murakkab tasvir, fikr ifodasining bo‘yoqdorligi va metaforaga to‘yingan talqinlari “atayin” tanlangan usulmi, ma’nosidagi so‘rovlar ortib ketadi va yangidan fikrlashga turtki beradi. Muallifning qotib ulgurgan adabiy ana’nalardan voz kechib yangi ijodiy qirg‘oqlarni kashf etishdan boshqa xizmati ham bormi, degan savol odamni ikkilantirardi. Bu savollarga yozuvchining publitsistik maqolalarini o‘qiganimdan so‘ng javob topganday bo‘ldim. Yozuvchi asarlarini goh tushunib, goh tushunmay yurgan paytimda Jabbor Eshonqul muallifning “Mendan mengacha” nomli kitobini sovg‘a qildi.
Kitobning “Mendan mengacha” deb nomlanishi, ichki tartib, kompozitsion yaxlitlik – barchasini yozuvchi ijodida shakliy jihatdan yangilanishning o‘ziga xos namunasi deyish mumkin. Kitobni mutolaa qilgan o‘quvchi butunlay kutilmagan rakursdagi yondashuv usuli, jahon adabiyoti durdonalari bilan birga ulkan yozuvchilar hayoti, ularning ijodi bilan bog‘liq chuqur tahliliy maqolalar bilan tanishadi. Yozuvchining mazkur maqolalarini o‘qigan o‘zbek kitobxoni o‘zining qadrli, ma’rifatparvar, fidoiy olimini topganday bo‘ladi. Nazar Eshonqul “Mendan mengacha”ni e’lon qilishi bilan kitobxonlar davrasiga bir qadar yaqinlashdi va, nazarimda, ularning “o‘zinikiga” aylandi. Kitob o‘zbek o‘quvchisi uchun juda kerakli va zarur ma’rifiy qo‘llanma vazifasini bajarishi bilan birga muallifning biz hali anglab yetmagan qirralarini namoyish qildi. Mazkur asar yozuvchining intellektual salohiyati va o‘zbek adabiyotini jahon adabiyotining bir bo‘lagi sifatida ko‘rishi, dunyo e’tiboridagi ijodkorlar hayotini asarlari bilan parallel ravishda o‘rganishi kabi jihatlari bilan estetik qiymat kasb etadi.
Birinchi navbatda kitobning nomlanishiga to‘xtalib o‘tish joiz. “Mendan mengacha. ” – nom juda qiziq va e’tiborni tortadi. Mendan mengacha, demak “men” o‘zini ayovsiz taftish qiladi, koinot qadar parvoz qiladi va yana o‘ziga qaytadi. Bu juda og‘ir ruhiy jarayon. “Dan” va “gacha” oralig‘idagi hodisa inson qismatini hal qiladigan lahza, voqelik, aslida. Kitobni o‘qigan kitobxon ko‘z o‘ngida millat adabiy didi va ma’rifati yo‘lida mas’ullikni zimmasiga olgan o‘zbekning fidoiy Ziyolisi jonlanadi. Bunda adibning yangi qiyofasi bo‘y ko‘rsatadi, ya’ni ijodkor sifatida millatparvar jadidlarning ma’rifiy ishini yangicha usulda davom ettirayotgani ko‘rinadi.
Inson o‘zini, o‘zligini anglashi. uni bilish, tushunish, ko‘ndirish. bu tartibni uzoq davom ettirish mumkin. Insonning makro va mikro olamdagi o‘rni, tiriklik mohiyati, koinot va hatto cheksiz koinotdan ham keng bo‘lgan inson qalbi suratlari, ziddiyatli hayotiy manzaralar, jamiyat hayotidan qoniqmaslik hissi – barcha-barchasi kitobda o‘z aksini topgan. Odamzot o‘z “men”ini ko‘pam anglayvermaydi yoxud istamaydi, yoki o‘zini olib qochadi. Muallif biz “qochgan” anglash azobiga yaqinroq keladi, yuzma-yuz, qarshisida turadi, mohiyatning ildizlariga nazar soladi.
To‘g‘ri, ijodkorning hamma fikrlarini birday qabul qilmaslik yoki bahslashish ham mumkin. Ayniqsa, g‘arb va sharq faylasuflarini o‘zaro muqoyasa qilishda bir oz zo‘rakilik ham seziladi. Eng muhimi, kitob o‘quvchini o‘ylashga, fikrlashga, tahlilga chorlaydi, yangi mushohadalarga yo‘l ochadi. Yozuvchi uchun asar syujeti va voqelik yuz beradigan adabiy makon – bu Inson qalbi. Butun nigoh va tafakkur inson ko‘ngli tomon yuzlanadi. Uning qahramoni kechinma va iztirob. Shu bois yozuvchi suhbatlarining birida shunday yozadi: “ Adabiyot, avvalo, bizni ichkarimizga boqishga, o‘z qalbingiz, xayolingiz, erkingiz egasi bo‘lishga o‘rgatadi: ichkaringizda hali o‘zingizniki bo‘lmagan juda ko‘p narsa bor. Kitob o‘qilgan sayin ichkaringiz koinotdan ham kengroq va bepoyonroq ekaniga amin bo‘lasiz. Siz, avvalo, ichkaringizdagi jaholatni o‘ldirmay turib, tashqi jaholatni o‘ldira olmaysiz”. Uning uchun ijod mana shu ruh erkinligi va so‘z mustaqilligi demakdir.
Yozuvchining “Go‘ro‘g‘li” romanini, to‘g‘risi, o‘qishga ancha qiynaldim. Timsol va ramzlarga yashiringan mohiyat, ma’ni qidirish, anglashi qiyin kechgan metaforik talqin, tasvirdagi murakkabliklar berk ko‘chaga kirib qolganday taassurot uyg‘otadi. Aslida, yozuvchi asarlari zamirida iqror va tavbalar, o‘z “men”iga sirtdan qarash, o‘ziga nisbatan nihoyat darajada talabchanlik, hatto o‘z “men”ining tobeligi ustidan kulishgacha bo‘lgan ruhiy zo‘riqish o‘quvchiga ham bosim o‘tkazadi. Roviyning doimiy tanqidiy nigohi o‘quvchiga ham o‘z “men”i bilan o‘zaro muloqotga kirishishiga yo‘l ochadi. Qahramon kechinmalari odamni ezib tashlaydi. Hikoya qilishdagi bir xil uslub, biz o‘rgangan syujet yo‘qligi, hikoyachining bir xil ohangda so‘zlashi, ishqilib, avvaldan ko‘nikkanimiz singari voqealar ortidan ergashib ketish qiyin masala. Qahramon iztiroblari sizga ta’sirini o‘tkaza boshlaydi, o‘zingizning jamiyat hayotida tutgan o‘rningizni o‘ylab ko‘rishingizga undaydi. Umidsizlikdan najot, ma’nisizlikdan mazmun qidiriladi. Xullas, romanni bir tekisda o‘qib chiqish sabr talab etadi. Qolaversa, asarni o‘qish uchun maxsus bir tayyorgarlik kerak ekanligini bilsam-da, ammo buning tub sababini tushunmasdim. Nima uchun badiiy asarni o‘qish uchun maxsus tayyorgarlik kerakligini qabul qila olmasdim. Badiiy asarni o‘qish uchun “maxsus” tayyorgarlik yo‘q, adabiy did haminqadar bo‘lganligi uchunmi, romanni tushunishga baribir “tishim o‘tmadi”, “xos” bo‘la olmadim. Ammo ko‘nglimda qandaydir ishonch bor ediki, XXI asr romanini Nazar Eshonqul yozsa kerak.
Oradan vaqt o‘tib ustoz olim Ibrohim Haqqulning romanni mutolaa qilib o‘tirganiga ko‘zim tushdi. Domladan kitob haqida so‘radim. Avval to‘liq o‘qiy olmaganini, endi ikkinchi marta o‘qishga chog‘langanini aytdilar. “Avval ham o‘qiganman, ammo bir oz malol kelgan edi. Endi jiddiyroq talab bilan o‘qisam, asarning kuchi unga yuklatilgan ijtimoiy yuki, zalvori bilan belgilangan ekan. Mustaqillik arafasida tarixiy vaziyat juda ko‘plab ziyolilarni sinovdan o‘tkazdi, ko‘pchilik osongina taslim bo‘ldi. Oramizda ikkilanganlar ham yo‘q emasdi. Ammo Nazar Eshonqul yagona ishonsa bo‘ladigan Shaxs ekanligiga o‘sha yillari guvoh bo‘lganman. Men asarni o‘qish jarayonida o‘tgan asrning 90-yillar voqealarini qaytadan boshdan kechirdim, Vatan va millat qayg‘usidagi harakatlar, eshik ostonasida sarg‘ayib o‘tirishlar, qachon seni chaqirishlarini hadik bilan kutishlar, o‘zingning odam ekanligingni isbotlay olmay dovdirashlar – barchasi yana ko‘z oldimda qaytadan jonlanganday bo‘ldi. O‘sha og‘ir kunlarning ruhini va alamlarni yangiladi. Dahshat, sizlar ham bir o‘qinglar, bir o‘tirib gaplashamiz” dedilar. Nima uchundir domla aytgan ruh menga begona edi. Demak, voqelikni ko‘rgan, bilgan, boshdan kechirgan odamga asarning ta’siri o‘zgacha bo‘lishi ham bir badiiy qonuniyat. Asarning retsepsiya jarayoni, tarixiy voqelikning badiiy fonda berilishi kabi poetik unsurlarni ham e’tiborda saqlash lozim ekan. Lekin afsuski, asarni o‘qigan hamma o‘quvchi ham voqelikning guvohi bo‘lavermaydi. Xullas, qovushmagan o‘y-xayollar bilan karantin tufayli oradagi uzilishlar bo‘lib asar xususida gaplashish imkoni bo‘lmadi.
Mavzudan chalg‘iganday bo‘ldik, ammo bular adib ijodi mohiyatini, siyratidagi muallif “men”ini anglash istagidagi o‘quvchining mulohazalaridir. Romanga yoki kichik bir hikoyaga yuklangan ijtimoiy dard, uning zalvori, qadr-qiymati poymol etilgan inson qismati, qadriyatlaridan yiroqlashgan qahramon xayolotning cheksiz sarhadlarida parvoz qila olishi yozuvchi uslubidagi originallikni ko‘rsatadi. Birgina “Maymun yetаklagan odam” hikoyasida butun millat fojiasining xronologik tartibi badiiy ramzlarda ochib beriladi va o‘zbek millati tarixidagi yuz bergan milliy fojialarni bir qator ipga tizadi. Har bir rasm ostiga raqamlar qo‘yiladi. Butun romanga arzigulik voqelikni yozuvchi kichik bir hikoyaga sig‘diradi, ramzlar orqali fikrini ifodalaydi. Muallif “Ijod ilohiyotga daxldorlikdir” maqolasida hikoyaning tarixi haqida shunday yozadi: ”Menga “Odam o‘z umrining rassomi, har kim qanday yashasa, shunday suvrat chizadi, kunlarni, umrni, umrning fasllarini chizadi” degan fikr kelib qolgan”. “1957”, “1947”, “1937”, “1928”, “1926”, “1921” yillar sanasi Turkiston tarixidagi qizg‘aldoq rangiga bo‘yalgan sanalar. Millat tarixining alamli kunlarini qisqa va lo‘nda tarzda ayta olish, tasvir va talqindagi o‘ziga xoslik yozuvchining mahoratidan xabar beradi. Har bir suvrat va raqam ostidagi yozuvda muallif qalbidagi alamli yaralarning izi akslangan. Bu kabi xususiyatlar chinakam millat fidoyisi, ma’rifatli ziyolisining ijodiy qiyofasini ko‘rsatadi.
Shaxsiy butunlik, shaxsiyat va adabiy vijdon masalasi yozuvchi ijodiy pozitsiyasida birlamchi ahamiyat kasb etadi. Uning qahramoni ozodlik uchun ochiq tashviqot yurgizmaydi, kurashga chorlamaydi, aksincha, fikriy uyg‘oqlikka chaqiradi. Ruhiy hurriyat, fikriy mustaqillik yozuvchining ijodiy shiori deyish mumkin. Uning asarlarida qandaydir bir erkinlikning o‘ziga xos epkinlari bor. Muallif asarlarida jamiyat hayotida o‘z o‘rnini topa olmagan, to‘g‘rirog‘i topishdan mahrum qilingan Inson qiyofasi aks etadi. Jamiyat tomonidan tahqirlangan, o‘zligini unutishga mahkum etilgan, qadriyatlari poymol etilgan, erki kamsitilgan Shaxsning fojiasi ko‘rsatilgan. Qahramon va muallif hayotini parallel ravishda kuzatsak, jamiyat hayotida o‘rnini topa olmaslik va qadrsizlik masalasi muallifning o‘ziga ham begona emasday.
Yozuvchi asarlari tadrijiy ravishda kuzatilsa, unda yoritilgan asosiy voqelik o‘tgan asrning 90-yillariga to‘g‘ri keladi. Millatning istiqlolga yetishish yo‘lida olib borilgan harakati, ziyolilarning faolligi, ona tili uchun kurashdagi jonbozliklari yozuvchi asarlari uchun zamin bo‘lib xizmat qilgan. Qolaversa, adib mana shu kurashlar ichida jonli guvohdan tashqari ishtirokchi bo‘lgani, fidoiylik ko‘rsatganligini unutmaslik lozim. Muallif har bir asarida inson ko‘nglini shunchaki tasvirlab qo‘ymaydi, balki uning kechinmalarini tadqiq etadi, tadqiqni talqin qiladi. Shu bois uning uchun “ Adabiyot inson qalbi haqidagi eng ulkan bilim, eng ulkan tadqiqot ” hisoblanadi. Muallif asarlarida inson qalbini keng qamrovli faylasufning nigohi bilan chuqur tadqiq etadi, uning holatlarini bamaylixotir hikoya qiladi. Aynan mana shunday “bamaylixotir” bo‘lish uchun katta qalb, bag‘rikenglik kerak. Bu esa aql darajasi juda yuqori bo‘lgan faylasuf nigohini anglatadi, meningcha.
Nazar Eshonqul badiiy-falsafiy tafakkurning eng yuqori pog‘onalarida so‘zlaydi, yuksak pardalarda fikrlaydi, dunyoviy ko‘lamda xulosalaydi. Muallif Inson zotining iztiroblaridan, azoblaridan hikoya qiladi. Buning tagzamirida yozuvchi insonning e’zozlanishi va qadr topishini istaydi. Yozuvchi elni, millatni ma’rifatga chaqiradi, jaholatni qoralaydi. Millatparvarlik nimadan boshlanadi, jaholatga qarshi kurashgan va nafsi ustidan g‘alaba qozongan Shaxsning o‘zga millat vakillarini kamsitmasdan, o‘z milliy qadriyatlarini avaylab, milliy g‘urur va milliy birlik tuyg‘usini namoyon etishidir. Yozuvchi ijodida millatparvarlik tushunchasi uning ijodiy konsepsiyasining asl mag‘zini tashkil etadi.
Sanobar TO‘LAGANOVA,
filologiya fanlari doktori
Nazar Eshonqul
yoxud Nazar Eshonqulning “Ogʻriq lazzati” hikoyasini oʻqib Insonning butun hayoti toʻrt bosqichdan iborat: tugʻiladilar, yashaydilar, azblanadilar va oʻladilar! Anatol Frans, Fransuz adibi Adabiyotning quchogʻi katta, himmati cheksiz. Shu.
Sheʼriyatga baxshida umr
Abdulla Oripov oʻzbek sheʼriyatiga benihoya katta hissa qoʻshdi. Shoir oʻz soʻzi, ovozi, ruhi bilan zamonaviy sheʼriyatimizni yangiladi, desak, hech mubolagʻa boʻlmaydi. Uning sheʼrlarida chuqur.
Chingiz Aytmatov saboqlari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning shu yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori mamlakatimizda kitob mutolaasi.
Qoʻl
Salom tegirmonchi qoʻlni hammadan oldin payqadi. Agar uning oilasi joʻjabirday jon, ustiga ustak, oz-moz xasisligi boʻlmaganda, har bir tiyinni xuddi jonini olishayotganday baxillik bilan.
Arosatdagi shaxs fojiasi talqini
Annotatsiya: Maqolada N. Eshonqulning “Xayol tuzogʻi” asaridagi real hayotda oʻz oʻrnini topolmagan, savdoyi shaxsning achchiq taqdiri tahlil etiladi. Asar qahramoni Voqif xarakterining ziddiyatli qirralari.
Adabiyot – tarbiya vositasi
Yozuvchi va tarjimon Nazar ESHONQUL bilan suhbat “Sharq yulduzi” jurnali tahririyati savollari: Badiiy asar tarbiya vositasimi? Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni yovuzlikka yetaklashiga ishonasizmi? Eng katta.
Nazar Eshonqul (1962)
Isteʼdodli yozuvchi Nazar Eshonqul 1962 yili Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Tersota qishlogʻida tugʻildi. 1979 yili oʻrta maktabni tugatib, Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida (1981–1986).
Goʻroʻgʻli
Ushbu romanga 90 yillarning boshida soʻnggi nuqta qoʻyilgan edi. Shu sababli asarda devorlarini zax bosgan, qulash arafasiga kelib qolgan, insonning botiniy quvvatini soʻrish evaziga.
Sanʼat-2
Bir mamlakatda kambagʻal rassom yashardi. U ayanchli darajada qashshoq, ustiga-ustak juda ham yolgʻiz edi: u hayotni qanday tushunsa, shunday koʻrinishda chizar, lekin uni hech.
Sanʼat-1
Mamlakat podshosining oldiga bir kishi keldi. – Men rassomman, – dedi u. – Umrim qashshoqlikda oʻtdi, hayotimda shunday kunlar boʻldiki, eslashning oʻzi dahshat. Men endi.
Ijodkor ruhiyati
Har bir davrda mualliflar oʻz asarlarida ijodkor obrazini turli qiyofada gavdalantirib kelganlar. Bugungi XXI asr qissa va hikoyachiligida ijodkor ruhiyatining betakror, tizginsiz, joʻshqin va.
Choʻpchakdan muddao ne?
(Nazar Eshonqulning “Sibizgʻa volasi” hikoyasini oʻqib) Yigirma birinchi asrda umuminsoniy munosabatlar oʻziga xos shaklu shamoyilda namoyon boʻla boshladi. Biroq ming yillardan buyon tildan tilga koʻchib.
Sibizgʻa bolasi
Qamishlar shovuriga quloq tut! Goʻyo oʻz qilmishlarini quyoshdan yashirmoqchiday qalqonlari bilan yuzlarini oftobdan toʻsgancha nayzalarini quyosh nurida yaltillatib, shaharning tosh koʻchalarini xuddi nogʻora chalishayotganday bir.
Ziyolilar: kim nima oʻqiyapti?
“Yangi kitob” nashriyoti va ziyouz.uz portali hamkorlikda kichik tadqiqot oʻtkazdi. Yurtimiz ziyolilaridan ayni kunlarda qanday kitob oʻqiyotgani soʻraldi va 120 dan ziyod javob olindi.
Azaliy muammoning yangicha tadqiqi
Muborak hadislarda: “Oʻlim moʻminga qilingan tuhfadir”, deyiladi. Dunyoga kelgan har bir insonki bor, oʻlishini bilib yashaydi. Moʻminlarning yaxshiroqlari esa munosib oʻla bilishga intilib kun.
Muhim badiiy vosita
“Adabiyotshunoslik lugʻati”da peyzaj taʼrifi xususida shunday deyiladi: “Adabiy asarda yaratiluvchi voqelikning muhim komponenti, voqealar kechuvchi ochiq makon (yopiq makon − interyer) tasviri”. Haqiqatan ham.
Quyoshga qarab yashash saodati
Xalqimizda bir gap bor: bolaning qoʻllarini boʻsh qoʻymang, biriga non bering, ikkinchisiga kitob. Ayni shu naqlni bugungi kunimiz bilan muvofiqlashtirsak, ham maʼnan, ham jismonan.
Qiziqarli malumotlar
Nazar eshonqul qora kitob qissasi haqida