NAVNI RAYONLASHTIRISH

NAVNI RAYONLASHTIRISH

NAVNI RAYONLASHTIRISH — q. x ekinlarining yuqori mahsuldor, mahsulot sifati va b. koʻrsatkichlari boʻyicha qimmatli yangi navlari va duragaylarini tanlab olish va muayyan tabiiy zonalardagi xoʻjaliklarda ekish (joylashtirish). Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini r-nlashtirish Oʻzbekistonda 1934-y. da joriy etilgan. Rayonlashtirish uchun qimmatli xoʻjalik belgilariga va mahsuldorligiga koʻra, muayyan zonada ilgari r-nlashtirilgan navga qaraganda ustun turadigan yangi nav tasdiqlanadi. Navni rayonlashtirish (1996-y. 29 avg. da qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining «Urugʻchilik toʻgʻrisida»gi qonuniga koʻra, respublika hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari Davlat reyestriga kiritish)da amaldagi qonunlarga koʻra dastlab mahalliy yoki xorijiy seleksiya muassasalarida yaratilgan yangi navlar davlat sinovini oʻtkazish uchun Respublika qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasiga topshiriladi. Bunda originator (navning egasi) tomonidan navni sinash, r-nlashtirish, himoya hujjati (patent) olish uchun ariza, sinov davrida tegishli miqdordagi original urugʻlik (koʻchat) bilan taʼminlash haqida kafolat xati, navning taʼrifi, seleksiya muassasasida oʻtkazilgan uch yillik sinov natijalari, mahsulotning sifati haqida maʼlumotlar, navning rangli fotosurati taqdim etiladi.

Ensiklopediya.uz
NAVNI RAYONLASHTIRISH