NASLCHILIK KITOBI
NASLCHILIK KITOBI, nasldor hayvonlar davlat kitobi — zot standartlariga mos keladigan naslli mollarni roʻyxatga olish kitobi. Naslchilik kitobida xoʻjaliklarda urchitilayotgan hayvonlar zotlaridagi eng mashhur erkak va urgʻochi hayvonlarning kelib chiqishi va mahsuldorlik koʻrsatkichlari haqidagi maʼlumotlar qayd qilib boriladi. Naslchilik kitobi zotlarni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega. Dunyoda birinchi marta Naslchilik kitobi Angliyadagi yoʻrtoqi otlarning sinov natijalari boʻyicha 1751-y. da nashr etilgan. 1793-y. da nashr etilgan kitobda 1690-y. dan boshlab yoʻrtoqi sof zotli otlarning genealogik maʼlumotlari toʻplangan. Keyinchalik qoramol zotlari: 1822-y. da shortgorn va gernsey; 1838-y. da jersey; 1845-y. da gereford; 1862-y. da aberdin-anguss va gallovey zotlari boʻyicha Naslchilik kitobi lari chop etilgan. Rossiyada 1834-y. da salt miniluvchi sof zot va 1839-y. da orlov zoti boʻyicha, 1903 — 08 y. larda Kursk, Xarkov va Shimoliy q. x. jamiyatlarining Naslchilik kitobi tashkil etilgan. 1924-y. da yaroslav, 1926-y. da qizil gorbat, 1927-y. da xolmogor sigir zotlari toʻgʻrisidagi kitoblar chop etilgan.
Ensiklopediya.uz
NASLCHILIK KITOBI