NAʼMATAK
NAʼMATAK (Rosa) — raʼnodoshlar oilasiga mansub butalar turkumi. Boʻyi 3 m cha. Bargi tok, patsimon murakkab, poyada ketma-ket joylashadi. Guli xushboʻy, rangi har xil, yakka yoki 2—3 tadan oʻrnashgan. Mevasi shirali, shakli va rangi har xil, gul oʻrnidagi soxta meva ichida tukli, bir urugʻli yongʻoqchalar joylashgan. Naʼmatak turlari bir-biridan mevasining shakli, katta-kichikligi, rangi, novda poʻstlogʻining rangi hamda novdadagi tikanlarning oz-koʻpligi va joylanishiga qarab farqlanadi. Naʼmatak oʻrmonlarda ariq yoqalarida, butalar orasida, togʻ yon bagʻirlarida oʻsadi. Guli chiroyli turlari bogʻlarda, xiyobonlarda va koʻchalarda oʻstiriladi.
Ensiklopediya.uz
NAʼMATAK