MY.GOV.UZ: muammolarga vaqt to‘siq bo‘lolmaydi.
Biror zarur ma’lumot olish, bizni qiziqtirayotgan yoki qiynayotgan savollarga javob topish maqsadida turli xizmat ko’rsatish shoxobchalariga, davlat idoralariga yo’l olamiz. Tabiiyki, bu yerda aksariyat vaqtimiz navbat kutish yoki qog’oz to’ldirish bilan o’tadi. Bugungi tezkor zamonda esa vaqtning har lahzasi bebaho.
Bugun bularning barchasiga uyingizdan chiqmasdan ulgurish mumkinligini bilasizmi? Buning hech bir qiyin tomoni yo’q. Sababi bitta: baxtimizga uzog’imizni yaqin qilayotgan axborot texnologiyalari bor. Prezidentimizning 2013 yil 14 fevraldagi, Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 30 dekabrdagi tegishli qarorlariga muvofiq, 2013 yilning 1 iyulida ishga tushirilgan O’zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz elektron resursi ana shunday beqiyos imkoniyatni taqdim etmoqda.
My.gov.uz tushunchasi internetning faol foydalanuvchilari uchun allaqachon turmush tarzining barcha jabhasida uchrayotgan muammolarga yechim kalitiga aylangan. Fuqaroning davlat organiga borishiga, ortiqcha vaqt hamda kuch sarflashiga hojat yo’q. Birgina mazkur sayt orqali istalgan davlat organi bilan aloqaga kirishyapti. Unga taklif va mulohazalarini yo’llayapti, muammosini hal etyapti.
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, portal yordamida o’nqir-cho’nqir yo’llarning ravon ko’chalarga aylangani, kommunal sohadagi tushunmovchiliklarga zudlikda oydinlik kiritilgani, turli nosozliklarning oldi olinayotgani, bank, mahalliy hokimlik organlaridan zarur ma’lumotlarni to’plashda u eng yaqin ko’makchiga aylanganini foydalanuvchilar mamnuniyat bilan yozmoqda.
Bugunga qadar Yagona portalga 500 dan ziyod davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, joylardagi mahalliy hokimliklar, xususan, shahar va tuman hokimliklari ulangan. U orqali turli jabhalarni qamrab oluvchi 230 dan ortiq interaktiv xizmat ko’rsatilyapti.
Ma’lumot: O’tgan davr mobaynida portalga fuqarolar va tadbirkorlardan 147 mingdan ortiq elektron murojaatlar davlat idoralariga yuborilgan.
Foydalanish tartibi
Portaldan to’liq foydalanish uchun, avvalo, tizimda ro’yxatdan o’tish zarur. Hozir buni to’rt usul — ID.uz yagona identifikatsiya tizimi, portaldagi login, elektron raqamli imzo (ERI) hamda UzCard tizimi (plastik kartochkangizdagi mavjud rekvizitlar) orqali amalga oshirish mumkin.
Deylik, siz ID.uz veb-saytiga kirib, bu tizimdan ro’yxatdan o’tgan bo’lsangiz, portalga kirayotganda aynan o’sha ID profilingiz ma’lumotlarini kiritasiz. Shundan so’ng, sizga foydalanuvchi kabineti ochiladi. U yerda «Profil», «Yuridik shaxs», «Mening arizalarim», «Mening qoralamalarim», «Mening ma’lumotlarim» kabi bo’limlar bor. Profilda sizning shaxsiy ma’lumotlaringiz joylashgan bo’ladi. «Mening arizalarim» bo’limida siz yuborgan arizalar ro’yxati, ularning holati va ularga berilgan javob xatlari bilan tanishishingiz mumkin.
Portalning yuqori o’ng burchagida «Davlat tashkilotiga murojaat qilish» tugmasini bosib, besh qadamdan iborat jarayonni amalga oshirasiz.
Murojaat etuvchi sifatida shaxs turini tanlaysiz: jismoniy yoki yuridik.
Sizdan shaxsingizni tasdiqlash so’raladi. Agar «Foydalanuvchi kabineti»dagi «Profil» bo’limida o’zingizga tegishli ma’lumotlarni kiritgan bo’lsangiz, unda ikkinchi qadamda o’sha ma’lumotlar avtomatik ravishda ko’rinadi.
Murojaat qilmoqchi bo’lgan tashkilotni tanlaysiz.
Murojaat sohasi – nima masalada ekani. Turi – ariza, shikoyat yoki taklif. Javob olish yo’li – elektron pochta yoki pochta orqali xat. (Amaliyotda foydalanuvchilarning 85 foizi o’z murojaatlariga elektron pochta orqali javob olishni ma’qul ko’rmoqda).
Murojaatning ko’rinishi – shaxsiy, ommaviy (agar murojaat jamoatchilikka oshkor etilmasligini istasangiz, «shaxsiy»ni bosasiz) belgilaysiz. Mavzusi – murojaat mavzusini qisqacha yozish. Matni – murojaatni batafsil bayon qilasiz.
Agar murojaatingizga qo’shib, fotosurat, video yoki biror hujjat ilova qilish istagida bo’lsangiz, ilovada uni qo’shishingiz mumkin. Shundan keyin hammasi to’g’riligiga ishonchingiz komil bo’lsa, «Yuborish» tugmasini bosasiz.
Murojaat davlat organiga yuborilgani to’g’risida ma’lumotni o’qiysiz. So’ng shaxsiy ma’lumotlaringizda ko’rsatilgan telefon raqamiga kelgan sizning murojaatingiz davlat idorasi elektron pochtasiga tushgani, davlat organi murojaatni ko’rib chiqish uchun qabul qilgani va u tomonidan munosabat bildirilganda, murojaatga javob berilgani to’g’risidagi SMS-xabarnoma yuboriladi.
Ro’yxatdan o’tgan foydalanuvchi o’z «shaxsiy kabineti»ga kirib, u orqali murojaatlarini portalga ulangan barcha tashkilotlarga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga ham yuborsa bo’ladi.
Murojaat tushdi, keyin-chi?
Saytdan yo’llangan murojaatni ko’rib chiqish muddati va tartibi yozma murojaatlar uchun belgilangan tartibda va muhlatda amalga oshiriladi. Agar foydalanuvchi jo’natgan murojaat unda ko’rsatilgan masalalarni hal etish vakolatiga kirmaydigan davlat organlariga tushsa, o’sha murojaat besh kun muddatdan kechiktirilmay foydalanuvchini xabardor qilgan holda tegishli davlat organiga yuboriladi.
Murojaat davlat organi tomonidan majburiy qabul qilinishi va ko’rib chiqilishi kerak. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Bunda ushbu murojaat davlat organining «kabineti»ga kelib tushgan sana murojaatning qabul qilingan kuni hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, murojaat etuvchilarning barcha huquqlari kafolatlangan. Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari va mas’ul ijrochilari interaktiv davlat xizmatlarini joriy etish va ko’rsatish, ularning o’z vaqtida va to’liq ko’rsatilishi yuzasidan shaxsan javob beradi.
Davlat organlari rahbarlari va Vazirlar Mahkamasining tarkibiy bo’linmalari Yagona portal orqali ko’rsatiladigan interaktiv davlat xizmatlari ko’rsatishning asossiz rad etilgani hamda xizmatlar sifatsiz ko’rsatilgani uchun javobgar hisoblanadi. Foydalanuvchi esa, o’z navbatida, noto’g’ri ma’lumotlar bergani, uydirma va haqoratlar bo’lgan murojaatlar uzatgani uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Xizmatlar ko’lami kengaymoqda
Tahlillar shuni ko’rsatmoqdaki, aholi eng ko’p murojaat etayotgan davlat idoralari, asosan, «O’zarxiv» agentligi, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Toshkent shahar hokimligi kabilardir. Ularda fuqarolar ko’p foydalanayotgan xizmatlar sirasiga esa turli murojaatlar yo’llash, sudlangan yo sudlanmaganlik holati, mehnat staji to’g’risidagi arxiv ma’lumotnomasini olish, yuridik shaxs tashkil qilmasdan tadbirkorlik sub’ektini davlat ro’yxatidan o’tkazish uchun onlayn ariza yuborish, Toshkent shahrining Olmazor tumanida joriy qilingan sinov loyiha – O’zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun biometrik pasport olishda onlayn ariza yuborish singari murojaatlardan iborat.
Javoblarga aholining munosabati — ijobiy
Shu o’rinda savol tug’ilishi tabiiy. Aholi murojaatlariga davlat organlari munosabatlarining qanchalik xolisligi, javoblarning aniq va qoniqarli ekanini kafolatlash mumkinmi? Albatta! O’zaro munosabatlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida, portal foydalanuvchilariga fuqaro murojaatlariga nisbatan davlat idoralari munosabatlarini 5 ballik tizimda baholab borish, ularga izoh qoldirish imkoni bor. Murojaatlarga nisbatan davlat idoralarining munosabatlarini aholi o’rtacha 3,5-4 ballda baholamoqda.
Internetdan foydalanish imkoni bo’lmasa
Bunday holda barchamizga ma’lumki, portalning «Call-center»i – ya’ni Ma’lumotlar xizmati markazi, «1060» qisqa yoki «8-800-200-18-18» raqamiga qo’ng’iroq qilsa bo’ladi. Ushbu xizmatni ko’rsatish bepul, qo’ng’iroq bahosi abonentning shahar telefonlariga chiqish tarifi narxlarida belgilangan.
Xulosa o’rnida
Bugun fuqarolarga «elektron hukumat» tizimidan foydalanish imkonini yaratib berish, avvalo, ularga ko’maklashish, ular uchun qayg’urish va ularni ijtimoiy hayotga va davlat qurilishiga keng jalb etishni anglatadi. «Elektron boshqaruv» tushunchasiga berilgan barcha izohlarda «interaktiv» so’zi alohida qayd etilganini unutmaslik lozim. Elektron hukumatning o’zini oqlashi va rivoji davlat va aholi o’rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, ayniqsa, aholining faol ishtiroki bilan chambarchas bog’liq.
Shuhrat SATTOROV,
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini
rivojlantirish vazirligi Axborot xizmati xodimi
Muallif: Shuhrat Sattorov
http://od-press.uz/: http://od-press.uz/
Manba:
Boshqalar
MY.GOV.UZ: muammolarga vaqt to‘siq bo‘lolmaydi.