MUXTOROV
MUXTOROV Abdurahim (1931.1.1, Samarqand) — kulol, mayda shakllar ustasi. Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi (1998). Usta U. Joʻraqulovdan hunar oʻrgangan. 1962-y. dan mustaqil ishlaydi. Muxtorov Samarqand kulolligi (mayda haykaltaroshlik)da mavzuli kompozitsiyalar yoʻnalishiga asos soldi. Ijodida xalq anʼanalarini rivojlantirgan. Muxtorovning asarlarida xalq ogʻzaki ijodiga xos joʻshqinlik, begʻubor hazil ruhi oʻz aksini topgan. Terrakota usulida kundalik maishiy hayot, xalq ogʻzaki ijodi manzaralari aks etgan milliy oʻyinchoqlar (odamlar, hayvonlar va b.) yaratadi: «Choyxonachi», «Beshik», «Bozorda», «Farhod va Shirin», «Uloq», «Xoʻja Nasriddin», «Tuya va boʻtaloq», «Mash-shoq va qiz», «Ota» va b.
Ensiklopediya.uz
MUXTOROV