Mutaassib yoki toxic dasturchi bo’lmang!
Bismillah. Bu maqolada dasturchilarda ba’zan uchraydigan mutaassiblik sifati, buning ishxonadagi muhitga, boshqa dasturchilarga ta’siri haqida gaplashamiz. Maqolada o’zimning shaxsiy qarashlarimni bayon qilganman.
Yaqinda ustoz Mubashshir Ahmad kanalida bir post joyladi. Unda quyidagicha yozilgan:
Тавсия! Ўлимингиз бошқаларнинг орзуси бўлиб қолишидан сақланинг!
Fikrimcha, dunyoda shunday odamlar bo’ladiki, ba’zan ulardan boshqalarga yetayotgan ozorlar tufayli, insonlar bunday odamlarni tezroq o’lishini orzu qilib qolishadi. Ular tezroq o’lishsayu, hamma unlarning ozorlaridan qutilishsa. Albatta, shunaqa toifadagi, boshqalar sizning o’limingizni kutib yashaydigan, inson bo’lib qolish juda yomon. Bundan saqlanish lozim.
Men bu maqolada bu postni uzoq sharhlamoqchi emasman. Lekin uni mavzuga aloqador deb hisoblaganim uchun maqola avvalida iqtibos sifatida keltirdim.
Keling maqolaga chuqurlashishdan avval mutaassiblik atamasiga tushunib olsak. Bu so’zning wikipedia’da keltirilgan ta’rifiga ko’ra, biror g’oya, tushuncha, dunyoqarashga qattiq ishonib, undan boshqa har qanday qarashga toqat qila olmaslik mutaassiblik ya’ni fanatizm deyiladi.
Inglizchada, «toxic people» degan ibora bor. Bu odatda atrofga doim negativ kayfiyat sochuvchi, boshqalarga ko’p turli ko’rinishda ozor yetkazadigan, xudbin, mutakabbir insonlarga nisbatan aytiladi. Toxic insonlarning quyidagicha turlari bo’lishi mumkin:
Biz mutaassib yoki toxic tabiatidagi dasturchilarning sifatlari va ularning atrofga keltirishi mumkin bo’lgan zararlar haqida gaplashamiz. Zero, bu barchamizda bunday hislatlarni shakllantirmasligimiz uchun foydali bo’lsa.
Mutaassib dasturchining belgilari qanday?
Mening kuzatuvlarim bo’yicha, mutaassib dasturchilarning birinchi belgisi bu o’zi ishlatigan til/texnologiya/tool/pattern/ayni bir muammoga yechim ni mahkam ushlab oladi. Aynan o’zi tanlaganlarnigina eng zo’ri, yaxshisi deb hisoblaydi va qolgan hamma narsani «trash»ga chiqaradi va uni yo’lini tutmagan qolgan dasturchilarni qanaqadir usulda doimiy haqorat qilib yuradi yoki obro’sizlantirishga urunadi.
Bir dasturchi biror dasturlash tilini, texnologiyani yoki tool’ni yomon ko’rishi mumkin emasmi?
Dasturchi biror dasturlash tilini, texnologiyani, kutubxonani, freymvorkni, tool’ni, pattern’ni va hokazolarni yomon ko’rishi mumkin. Nafaqat yomon ko’rishi, ulardan nafratlanishi ham mumkin. Buning uchun uni hech kim ayblamaydi. Albatta yomon ko’rishiga uning o’zining qandaydir sababi bo’ladi. Lekin shu yomon ko’rishlik, ularni ishlatadigan odamlarni ham yomon ko’rishga va ularni tinimsiz haqorat qilishga aylanib ketsa, unda bu mutaassiblik bo’ladi. Bu yaxshi emas.
Bunga eng ko’p uchraydigan misollardan keltirsam.
Faraz qiling, siz X operatsion tizimi ishlatasiz. Shunchaki siz ishingizda boshqa operatsion tizim ishlatishga ehtiyoj sezmadingiz. Shu OS’da ishlaganingizda o’zingizni qulay his qilayapsiz. Bu sizni shunchaki oddiy tanlovingiz. Endi, kimdir keldida, sizni X ishlatayotganingizni ko’rib, eng birinchi ustingizdan kulishni boshladi. Mazah qildi. «Dasturchi Y operatsion tizimni ishlatishi kerak» deb sizni qayta qayta malomat qilaverdi, keyin esa ommatan X ishlatadigan hammani qanaqadir ahmoqlikda ayblab chiqdi. Bu o’ta ketgan mutaassiblikdir.
Boshqa misol, aytaylik siz static va strong typic dasturlash tilini ishlatasiz. Siz o’zingiz ishlatadigan tilni yaxshi ko’rasiz. Lekin shu bilan birga, boshqa dynamic yoki weakly typic high level tillarni ishlatadiganlarni odam o’rnida ko’rmaysiz. Sizning nazdingizda, hamma siz ishlatadigan tilni ishlatishi kerak. Fikringizcha, shu high level tillardagi X, Y va Z texnik muammolar sabab, ularning barchasi «trash». Ularni ishlatdiganlar ham siz uchun «trash». Siz buni shunchaki ichingizda saqlab tura olmaysiz va doim bunday insonlarni ko’rsangiz, ularni malomat qilmay, tez tez ular haqida qandaydir yomon gaplarni aytmay tura olmaysiz. Bu o’ta ketgan mutaasiblik.
Mutaassib bo’lmang! Hammaning qaysidir vaziyatdan yoki muammodan kelib chiqib tanlagan operatsion tizimi, dasturlash tili, kutubxonasi, yechimi, yozgan kodi, qilgan mehnatini hurmat qiling. Ha balki unda kamchiliklar bordir. Lekin buni yaxshi muomala bilan o’ziga yetkazing. Orqasidan g’iybat qilib, haqorat qilmang!
Toxic dasturchilarning belgilari qanday?
Ba’zan jamoadagi boshqa a’zolar fikriga shunchaki qarama qarshi fikrli inson bilan, haqiqiy toxic insonlarni farqlash qiyin bo’lishi mumkin. Kimnidir qaysidir g’oyaga qarshi fikri bo’lishligi yoki kimdir boshqa bir insonni shunchaki yoqtirmasligi mumkin. Lekin, sog’lom jamoalarda insonlar bir qaror yoki g’oyaga qarshi fikrini chiroyli, aniq, tiniq tushuntirib bera olishadi va ularning fikri ham inobatga olinadi. Xattoki kimnidir yoqtirmagan taqdirda, bu zohiran u insonga zulm qilish orqali ko’rsatilishiga yo’l qo’yilmaydi. Lekin toxic odamlar odatda ishxonada mutlaqo ko’pchilikka yoqmaydigan muhit yaratishadi. Bundan qolganlar ko’p ozor chekadi. Xo’sh, toxic insonlar yoki bizni misolimizda dasturchilar qanday belgilari bilan ajralib turadi?
Junior leveldagi toxic dasturchining jamoaga negativ tasiri judayam sezilarlik bolmasligi mumkin. Lekin bunaqa insonlarni boshqaruv, yoki lead’lik darajasiga chiqib qolganida tasiri kattalashib ketadi. Chuning uchun quyida misollar asosan toxic lead’lar bilan keltirilgan.
Ulardan qaysidir narsani bilmay, savol so’ralsa, bunga eng avvalo izza qilish bilan javob berishadi. Toxic dasturchilardan nimadir so’rasangiz, ular eng avvalo savolingizga «shuni ham bilmaysanmi, tupoy!» deb ustingizdan kulib, mazah qiladi. So’ngra javob beradi. Katta ehtimol bilan bergan javobi sizni tushunishingiz uchun yetarli bo’lmaydi.
Ular jamodagi boshqalarni va ularning fikrini yoki yechimini domimiy negativ kritika qiladi. Unday insonda ego juda ham kuchli bo’lganligi uchun ayni muhokamada bo’lgan muammoga siz bergan yechim uniki bilan bir xil bo’lmasa, sizning fikringizni avtomatik ravishda «trash» hisoblab, sizga chiroyli qilib nega bu yechimni bo’lmasligini tushuntirish o’rniga, nega bunaqa «trash» fikr aytganingizni negativ ravishda, kesatib tanqid qiladi. Bunday holat code review paytlarida ham seziladi. Agar team lead’ingiz toxic bo’lsa, siz kodda qilgan xatolaringiz uchun uni qanday to’g’rilash kerakligi haqidagi description’dan iborat, negativ so’kishlarsiz review ola olmaysiz.
Ular jamoadagi o’zidan past yoki o’zlari o’zidan past hisoblaydiganlarga doim hurmatsizlarcha munosabatda bo’ladi. Yaxshi lead junior va middle dasturchilarni ruhan qo’llab quvvatlab, ularni o’sishiga yordam beradi. Ularga domimiy o’zining yaxshi maslahatlarini berib boradi. Bilmagan narsalarini o’rgatadi. Toxic lead’lar esa odatda dasturchilarda o’zini o’zi qoniqmaslik hissini uyg’otadigan, ruhiy siqilishga olib keladigan gaplarni aytib, ularni sindirishadi. Umidlarini yo’qqa chiqarib, shijoatlarini o’ldirishadi. Yoki ko’pincha ularni mensishmay, ular bilan gaplashishni, ular bilan muhokamalarda qatnashishni, fikrlarini qabul qilishni istashmaydi.
Toxic dasturchilar ishxona yoki jamoaga qanday yomon ta’sir ko’rsatishi mumkin?
Ishxona yoki jamoada suniy senzura shakllanadi. Yosh dasturchilar toxic dasturchilarni hisobiga biror fikr aytishga, biror narsa so’rashga qo’rqib qoladi. «Hozir shu narsani so’rasam, hammani oldida meni izza qiladi» degan fikr bilan o’zlari bilmagan narsasini ham bilgandek ko’rsatib qoyaverishadi. Dasturchilar biror muammoga o’zlarining fikrlarini erkin ayta olmay qolishadi. Chunki, bu fikrda qandaydir xato bo’lishi mumkin va o’sha toxic lead bu xatoni chiroyli tushuntirish o’rniga, uni negativ kritika qilib ketishidan qo’rqishadi. Buning natijasida judayam ko’plab ajoyib g’oyalar aytilmay qolishi, dasturchilar o’zlari qiynalayotgan savollarga javobsiz qolib ketishi mumkin va bu oldinga siljishga olib kelmaydi.
Toxic dasturchilar jamoadan ajoyib insonlarning ketishiga sabab bo’ladi. Ular boshqalar bilan kelisha olmasligi, boshqalarning fikrini tinimsiz negativ tanqid qilaverishi va ularda shu jamoada juda katta mansabga ega bo’lib qolishi jamoadagi haqiqiy talant insonlarni ketishiga sabab bo’ladi. Talantlar o’zlarini qadrini bilishadi va ular bunday muhitda ishlashni xoxlashmaydi. Ular uchun yaxshi muhit taklif qilingan joyga ketishadi. Talantlarni ketishi albatta jamoaga yaxshi natija olib kelmaydi. Keta olmaydiganlari ham eng kamida ich ichidan biz yuqorida eslab o’tgandek, tezroq shu lead’ni ishdan bo’shatilishini yoki o’rniga boshqasi kelishini kutib yashashadi. Bunaqa odam bo’lish naqadar yomon.
Toxic dasturchilar jamoani yoki kompaniyani jarlikka olib borib qo’yishi mumkin. Yuqorida ularni tasirida bor talantlarni ham ketib qolishi mumkinligini aytdik. Bundan tashqari, toxic dasturchilarning kompaniyaga ishga olish jarayonida asosiy ro’lni o’ynashi kompaniyaga aslida judayam yaxshi va kerakli kadr bo’lishiga qaramay, qarashlari shu toxic dasturchi qarashlariga to’g’ri kelmasligi natijasida, kompaniyaga bundan insonlarni qo’shilishini to’sib qo’yadi. Natijada, kompaniya yuzlab potensial xodimlarni qo’ldan chiqarishi yoki kompaniya uchun zararli xodimlarni ishga olishiga to’g’ri keladi. Kompaniyaning muvaffaqqiyatga erishishida undagi jamoa a’zolarining o’rni katta. Yaxshi jamoa shakllanishiga to’siqni bo’lishi kompaniyani jarlikka olib borishi mumkin.
Xulosa.
Mutaassib va toxic dasturchi bo’lmang!
Manba:
Umumiy Dasturlash
Mutaassib yoki toxic dasturchi bo’lmang!