Mustahkamlash

Mustahkamlash

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. Savol va topshiriqlarga javob bering
  2. 1-topshiriq
  3. 2-topshiriq
  4. 3-topshiriq
  5. 4-topshiriq
  6. 5-topshiriq

Savol va topshiriqlarga javob bering

  1. Nutq odobi va nutq madaniyati tushunchalarini izohlang.
  2. Nutq madaniyati fani qaysi fanlar bilan aloqador?
  3. Nutqning to‘g‘riligi qanday me’yorlar bilan belgilanadi?
  4. Adabiy me’yorlarning nutq madaniyligini ta’minlashdagi ahamiyatini tushuntirib bering.
  5. Savodxonlik tushunchasini tavsiflang.
  6. Til birliklari bilan ko‘rsatib bo‘lmaydigan turlicha fikriy munosabatlar hamda psixologik va intonatsion holatlarni ifodalashda nimalardan foydalaniladi?
  7. So‘z yasalish me’yorlari nima?
  8. Talaffuz me’yorlari-chi?
11-sinf Jahon tarixi darsligi MUNDARIJASIGA QAYTISH

1-topshiriq

Matnni o‘qing va uning nutq madaniyligini ta’minlaydigan kommunikativ sifatlarga qay darajada mosligini tushuntiring.
Uyat eng shafqatsiz qonundan ham kuchliroq, qudratliroqdir. Qonun faqat ko‘zi tushganda, shubha paydo qilgandagina jinoyatchining qo‘lini ushlaydi, yo‘lini to‘sadi. Uyat esa hamisha odobsiz, axloqsiz jinoyatchining tepasida turib, nojo‘ya ish qilish uchun qo‘l ko‘targani yo‘l qo‘ymaydi. Har qanday qonunga ham chap berish mumkin, lekin uyatga chap berib bo‘l may di, chunki qonun odamdan tashqarida, uyat esa odamning ko‘ksida bo‘ladi. (Abdulla Qahhor)

2-topshiriq

Alibek Rustamovning «So‘z xususida so‘z» asaridan olingan parchani o‘qing. O‘zbek tilida ma’nodoshlik hodisasining namoyon bo‘lishiga diqqat qiling.
Havo harakatini bildiruvchi so‘zlar yel, bod, shamol, janub, sabo, dabur, dovul, shurta, esin, nasim, shabboda, tundbod, garmsel, samum, sarsar, izg‘irin, bo‘ron, bo‘rag‘on, purga, to‘fon, tayfun, urag‘an yoki uragan, girdbod, quyun, uyurmadir.

Shamol so‘zining o‘zi, aslida, shimoldan esgan yelni bildiradi. Lekin hozirgi o‘zbek tilida bu so‘z keng ma’noda qo‘llanadi. Maxsus eski kitoblarda janubdan esgan yel janub deb ataladi, ammo bugungi o‘zbekchada janub so‘zi mazkur ma’noda butunlay ishlatilmaydi. G‘arbdan esgan yel eski kitoblarda dabur deyilgan, ammo hozir bu so‘z dovul shaklini olgan va vayronalik keltiradigan kuchli shamolni bildiradigan so‘zga aylangan.

Sabo so‘zi she’rda ko‘p ishlatilgani uchun o‘z shakli va ma’nosini o‘zgartirmagan. Sharqdan esadigan yel sabo deb ataladi. Sabo – tong yeli degan fikr ham bor. Bu fikrning paydo bo‘lishiga tongda ko‘pincha Sharqdan yel esib turishi sabab bo‘lgan.

Esin, nasim va shabboda yoki shabada so‘zlari mayin yelni bildiradi. Samum va garmsel so‘zlari issiq shamolni, sarsar, izg‘irin yoki izg‘iriq sovuq shamolni bildiradi. Bir ishni qilayotganda kishiga yordamlashadigan, masalan, kemani kerakli tomonga suradigan yel shurta deb ataladi.
Bo‘ron, buran, burya, purga degan so‘zlarning kelib chiqishi bir. Bular «bo‘ron» ma’nosidagi bo‘r o‘zagidan yasalgan so‘zlardir. Mazkur so‘zlarning rus va o‘zbek tillaridagi ma’nolari haqida gapiradigan bo‘lsak, ruschada buran deganda, asosan, cho‘l yoki dalada qishda yerdagi qorlarni to‘zg‘itadigan kuchli shamol tushuniladi. O‘zbek tilida bu ma’noda izg‘irin yoki izg‘iriq so‘zlari qo‘llanadi.

O‘zbek tilida bo‘ron deganda, umuman, shiddatli shamol tushuniladi. Rus tilida bu ma’noda burya so‘zi qo‘llanadi. Amerika qit’asi atrofida bo‘ladigan o‘ta kuchli okean shamolini urag‘an yoki uragan, janubi sharqdagi Tinch okeanning kuchli shamolini tayfun deb ataydilar. Yog‘in, shamol va sel natijasida yer yuzini yoki uning katta qismini suv bossa, buni to‘fon deyiladi. Tayfun bilan to‘fon so‘zlarining kelib chiqishi bir. Aylanma shamolga nisbatan o‘zbek tilida quyun, uyurma va girdbod so‘zlari qo‘llanadi. Havoshunoslikda siklon deb havoning bulutlarni quyuqlashtiradigan aylanma harakatiga aytiladi.

3-topshiriq

Matnni o‘qing va unda nutq madaniyligini ta’minlovchi qaysi sifatlar buzilganligi aytilayotganini tushuntiring.
Ayrim ijodkorlar yozgan narsalarini o‘zlari bir kitobxon sifatida ko‘zdan kechirishga yo hafsala qilmaydi, yo ko‘zdan kechirib, ko‘rgan chatoqliklarini tuzatishga erinadi. Har ikkisi ham yozuvchi uchun gunoh… Kitobxonni gangiratadigan mana shunday gaplar bilan qanday kelishdi ekan:
Hikoyada Jalanglab turgan qora ko‘zlari ko‘zimga sanchilar edi deydi. Shunday vaqtda sanchiladi degan so‘z ruschada qo‘llanadi. Lekin o‘zbekchada hech qachon aytilmaydi. O‘zbekcha bilgan rus yozuvchisi qanday qilib Yuragim tutday to‘kildi degan gapni aynan tarjima qilib ishlatadi.

Boshqa hikoyada chol eh-he deb yo‘taladi. «Qahramonning o‘limi»da bomba bux deb yoriladi. Bular ham ruschadan aynan ko‘chirilgan. «Yashasin do‘stlik»da shamol bilan shabadaning farqiga borilmaydi. Uningcha, «Ochiq derazadan mayning mayin shamoli esadi». Tasavvur qilar edim demay, Xayolim uni tasavvur qilar edi deydi. Otni jadallatdi deyish o‘rniga Otning jilovini siltab, tezlashini qistadi deydi. (Abdulla Qahhor)

4-topshiriq

Berilgan parchani o‘qing. Atoqli adibning o‘zbek tilining boyligi haqidagi fikrlari atrofida o‘z mulohazalaringizni bayon qiling.
Suhbat qizigan sayin Odil Yoqubovning bahri-dili ochilib borardi. U yozuvchi mahorati, so‘z san’ati… o‘zbek tilining ko‘rkamligi, burroligi, pishiqligi va jozibadorligini so’zlardi. Boy va ixchamligi; so‘z ko‘ngil maxzanining qulfi-kaliti ekani, inson tafakkuridagi eng yuksak, eng chuqur va eng otashin tuyg‘ularni so‘zda ochiq-oydin ifodalash fazilatlari haqida gapirardi.

So‘zlarni turfa ranglarga bo‘yab-bejamaslik, dabdabali, balandparvoz, chaynalgan, chuchuk, tushunish qiyin bo‘lgan yaltiroq so‘zlardan qochish; so‘zni sevish, e’zozlash, hurmat qilish, avaylab-ehtiyotlab qo‘llashni aytardi. Qalamkashning har kalomida haqiqat gullari barq urib yashnab turishi, hayot nafasi, yashash sururi ufurib turishi haqida maroq bilan so‘zlardi.
– Bilib ishlatilgan so‘z – mo‘jizalar javhari. Kuladi, kuldiradi, kurashga undaydi, yig‘laydi, yig‘latadi… O‘zlari gapiradi, savol beradi. (A. Ko‘chimov)

Sh. Rahmatullayevning «O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati»dan olingan quyidagi iboralarning izohlarini esda tuting. Ular ishtirokida gaplar tuzing.

Ko‘ngliga qo‘l solmoq Eng yashirin fikr-o‘yini bilishga harakatqilmoq. Varianti: yuragiga qo‘l solmoq. O‘xshashi: qo‘yniga qo‘l solmoq.
Ko‘nglida kiri yo‘q Kek saqlamaydigan, g‘arazi yo‘q, begidir. Varianti: yuragida kiri yo‘q. O‘xshashi: ko‘ngli toza.

5-topshiriq

So‘z qo‘llash, nutq tuzishda e’tiborlilik va nutq odobi haqida o‘nta xalq maqoli topib, daftaringizga yozing. Maqollarni yod oling.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Mustahkamlash